GENDER INDEKSLAR
Gender tengligini ta’minlash XXI asrda insoniyat tarixidagi eng muhim ijtimoiy muammolardan biri hisoblanadi. Gender tengligiga erishish nafaqat har bir mamlakat oldida turgan vazifa, balki butun insoniyatning dolzarb muammolaridan biri ekanligi bugungi globallashuv davrida yaqqol sezilib bormoqda. Demokratiya va fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga intilayotgan zamonaviy plyuralistik jahon hamjamiyati ikkita eng muhim ijtimoiy strategiya: barqaror rivojlanish va gender siyosatini o‘z oldiga maqsad qilib oldi. Bugun ular yagona ijtimoiy-madaniy kontekstda tushunilib, umumsayyoraviy ahamiyat kasb eta boshladi. Gender tengligi jamiyat hayotida ayol va erkakning birdek huquq va manfaatlari ta’minlanishi, ularning ijtimoiy hayotdagi ishtiroki birdek adolatli rag‘batlantirilishini nazarda tutishini, bugun dunyo hamjamiyati chuqur anglab yetsa-da, barcha mintaqalarda gender tengsizlikning turli ko‘rinishlari hali-hanuz mavjud ekanligi hech kimga sir emas.
Gender tengligi — bu jinsidan qat’iy nazar, har bir insonning imkoniyatlar va resurslardan teng foydalanishini ta’minlaydigan asosiy inson huquqidir. Gender tengligi, shuningdek, qashshoqlikni kamaytirish, sog‘liqni saqlash natijalarini yaxshilash, iqtisodiy o‘sish va rivojlanishga yordam beradi. Mazkur tamoyilning muhim ahamiyatga egaligi shundaki, u gender kimligidan qat’iy nazar, adolat va barcha shaxslarga teng munosabatda bo‘lishga yordam beradi. Ta’lim, ijtimoiy himoya, ona va bola salomatligi, mehnat va bandlik sohasi, qaror qabul qilishdagi gender tenglik jamiyat farovonligi yo‘lidagi muhim dastakdir.
Bugun dunyo bo‘ylab nogiron ayollar soni erkaklarga qaraganda ancha ko‘p. Mamlakatlarning deyarli uchdan ikki qismida ayollar oziq-ovqat xavfsizligidan aziyat chekishmoqda. Ayollarning mehnat faoliyatidagi ishtiroki, odatda, norasmiy, shuningdek, ijtimoiy himoyalanmagan, ya’ni, dunyoda 70% ga yaqin ayol, ya’ni 740 million xotin-qiz norasmiy ishchi sifatida faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, ayollar butun hayoti davomida jinsga asoslangan zo‘ravonlik va kamsitilishning turli shakllariga duch keladilar va ularga qonuniy huquqlar va sog‘liqni saqlash, ta’lim va adolat kabi asosiy xizmatlardan teng foydalanish imkoniyati berilmaydi. Butun dunyoda 5 yoshgacha bo‘lgan har 4 boladan biri o‘z turmush o‘rtog‘i tomonidan zo‘ravonlikka uchraydigan ona bilan yashaydi, 119 ta mamlakatda ayollar rejalashtirilmagan homiladorlikka oid qonuniy cheklovlardan aziyat chekadilar. Bu kabi faktlar gender tengsizligi bugun butun dunyodagi millionlab ayollar va qizlarning hayotida yaqqol kuzatilayotganligidan va bevosita ularning ijtimoiy holatiga, sog‘lig‘iga va mavqeyiga salbiy ta’sir qilishi, shuningdek, notenglik butun jamiyatning bundan aziyat chekishiga sabab bo‘layotganligini isbotlab turibdi. Bundan tashqari, ayollar turli xil ijtimoiy va madaniy me’yorlar, inqiroz davridagi xavfning ortishi va ularga boshqacha munosabatda bo‘lgan huquqiy tuzilmalar turli ko‘rinishdagi gender kamsitishlariga duch kelishadi. Hali-hanuz 104 mamlakatda xotin-qizlarning muayyan ishlarda ishlash qobiliyatini cheklaydigan qonunlar mavjud, 36 mamlakatda oiladagi zo‘ravonlik uchun qonunlar yoki og‘irlashtirilgan jazolar mavjud emas. Mazkur ma’lumotlar global gender tengsizligining kichik tahlili bo‘lib, gender tengsizlik bugun jahon siyosati oldidagi global muammolardan biri ekanligini yaqqol ko‘rsatib turibdi. Global hamjamiyat barqaror taraqqiyotga erishish yo‘lida samarali islohotlar ko‘lamini qanchalik oshirishga intilmasin, birdek ta’lim olish, siyosiy va ijtimoiy hayotda faol ishtirok etish, erkin kasb tanlash va ishga joylashish, o‘z xohishiga binoan oila qurish huquqidan hali-hanuz teng foydalanish imkoniyati cheklangan.
Aslida gender tengligi bu jamiyatdagi obyektiv holat. Adolat va tenglik asosidagi siyosat mazkur obyektiv reallikni o‘zgartirishga xizmat qiladi. Erkak yoxud ayolning huquq va imkoniyatlarida farqlilik hamisha kuzatiladi. Biroq bu yakka jinsning ustunligiga yetaklamasligi lozim. Bu jamiyatda ijtimoiy barqarorlik muvozanati buzilishiga olib kelishi mumkin. Gender tengligi — bu teng vakillik, teng imkoniyatlar va teng huquqlilik demakdir. Olimlar, gender tengligi tamoyili joiz bo‘lganda ba’zan siyosatni o‘zgartirishni talab qilishini, erkaklar va ayollar uchun teng huquqlar va imkoniyatlarning to‘liq kafolatisiz inson huquqlaridan foydalanishga erishish mumkin emas degan konseptual g‘oyani o‘zida mujassam etishini ham asosli tarzda ilgari surishgan. Zamonaviy jamiyatda gender tengligi siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, shaxslararo munosabatlarning rivojiga xizmat qiladigan ijtimoiy adolat tamoyillari asosida jamiyat hayotini tashkil etishning dolzarb muammosi hisoblanadi.
“Gender tengligi — bu ayollar va erkaklar o‘rtasida kuch, maqom, imkoniyatlar va mukofotlar muvozanati teng huquqlikka asoslanishi munosabatlarning ijtimoiy sharti sifatida baholanar ekan, ijtimoiy munosabatlarda ayol yoki erkakning jamiyatda egallagan maqomi u uchun imkoniyatlar va mukofotlar kaliti bo‘lib xizmat qilishini rad etmaydi”. Bu iqtisodiy taraqqiyotning bosh omili sifatida jamiyatdagi tengsizlik darajasini kamaytirishga olib keladi. Gender tengligi ham taraqqiyotni rivojlantirish va qashshoqlikni kamaytirishning asosiy shartidir. Gender tengligi, ayollar va erkaklar huquqlari, majburiyatlari va imkoniyatlarining jinsiga bog‘liq bo‘lmagan holda, manfaatlari, ehtiyojlari va ustuvorliklari e’tiborga olinishini va ularga bo‘lgan munosabat inson huquqlari doirasida barqaror rivojlanishning sharti va ko‘rsatkichi sifatida qaralishi lozimligini anglatadi. Erkaklar va ayollar, o‘g‘il bolalar va qizlarga nisbatan adolatli bo‘lish jarayoni va eng muhimi, bunda natijalarning tengligi.
Bugungi kunda jahon mamlakatlarining ijtimoiy, iqtisodiyot, siyosat, huquq, madaniyat kabi sohalardagi rivojlanish darajasini, global taraqqiyotdagi o‘rnini belgilash muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, turli ko‘rsatkichlar bo‘yicha mamlakatlarning bir-biriga nisbatan egallagan o‘rnini ko‘rsatish maqsadida tuziladigan reyting va indekslar orqali tegishli sohalar bo‘yicha istalgan davlatdagi holatga baho berish imkoniyati mavjud. Turli reyting va indekslarda mamlakatlarning o‘rnini yaxshilash tegishli yo‘nalish bo‘yicha mamlakatdagi ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, huquqiy muhitning yaxshilanganligini ham bildiradi. Shu tufayli jahonning ko‘plab mamlakatlarida indeks va reytinglarda davlatning o‘rnini yaxshilash bo‘yicha alohida ishlar amalga oshiriladi. O‘zbekistonda ham so‘nggi yillarda xalqaro reyting va indekslardagi mamlakatimizning o‘rnini yaxshilash bo‘yicha ko‘plab ishlar amalga oshirildi. 2019-yil 7-martda «Xalqaro reyting va indekslarda O‘zbekiston Respublikasining o‘rnini yaxshilashga oid chora-tadbirlarni tizimlashtirish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 2020-yil 2-iyunda «O‘zbekiston Respublikasining xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yaxshilash hamda davlat organlari va tashkilotlarida ular bilan tizimli ishlashning yangi mexanizmini joriy qilish to‘g‘risida», 2022-yil 18-mayda «Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlashda ilmiy salohiyat hamda amaliy faoliyat uyg‘unligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezidentning qarorlari va boshqa ko‘plab normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Mazkur yo‘nalishda tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Dunyo bo‘yicha hozirda turli xalqaro tashkilot, tadqiqot markazlari tomonidan gender xususiyatlarini aniqlash maqsadida ham ko‘plab indeks va reytinglar tuzilib, ular turli yo‘nalishlar bo‘yicha mamlakatlarda erkaklar va ayollar uchun yaratilgan sharoitlarning gender paritetga moslik darajasini o‘lchashga xizmat qiladi.
Umuman olib qaraganda, bugungi kunda gender tengligiga erishish, mamlakatlardagi gender tengligi holati haqida ko’plab alohida reyting va indekslar hamda boshqa reytinglar tarkibida subindeks va indikatorlar yuritilib kelinmoqda. Quyidagi jadvalga genderga oid masalalar bo’yicha yuritiladigan asosiy reyting va indekslar kiritilgan:
| № | Genderga oid reyting va indeks nomi | Qaysi tashkilot tomonidan yuritiladi |
| Bevosita gender masalasiga taalluqli indeks va reytinglar | ||
| 1. | Global gender tafovutlari indeksi (Global Gender Gap Index) | Jahon iqtisodiy forumi |
| 2. | Gender rivojlanish indeksi (Gender Development Index — GDI) | BMTning Taraqqiyot dasturi (UNDP) |
| 3. | Gender tengsizlik indeksi (Gender Inequality Index — GII) | BMTning Taraqqiyot dasturi (UNDP) |
| 4. | Gender ijtimoiy normalar indeksi (Gender Social Norms Index — GSNI) | BMTning Taraqqiyot dasturi (UNDP) |
| 5. | Gender imkoniyatlarini kengaytirish o’lchovi (Gender Empowerment Measure — GEM) | BMTning Taraqqiyot dasturi (UNDP) |
| 6. | Gender maqom tengligi indeksi (Gender Parity Index – GPI) | YuNESKO |
| 7. | Ayollar, biznes va qonun indeksi (Women, business and law index) | Jahon Banki |
| 8. | Ayollar, tinchlik va xavfsizlik indeksi (Women, Peace and Security Index) | AQShning Jordjtaun instituti |
| 9. | Milliy parlamentlarda ayollar (Women in National Parliaments) | Parlamentlararo ittifoq |
| 10. | Ijtimoiy institutlar va gender indeksi (Social Institutions and Gender Index – SIGI) | Yevropa iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti (OECD) |
| 11. | Ayollar iqtisodiy imkoniyatlari indeksi (Women’s Economic Opportunity Index) | Economist (The Economist Intelligence Unit.) jurnali |
| 12. | Ayollar imkoniyatlari indeksi (The Female Opportunity Index) | N26 xalqaro banki |
| 13. | Global ayollar yetakchiligi tashabbusi (The Global Women’s Leadership Initiative – GWLI) | Wilson Center ilmiy markazi |
| 14. | Gender tenglik indeksi (Gender Equality Index) | Gender tengligi bo’yicha Yevropa instituti (European Institute for Gender Equality) – faqat Yevropa ittifoqi mamlakatlari uchun |
| 15. | Gender tengligi indeksi (Gender Equality Index) | Afrika taraqqiyot bank guruhi -faqat Afrika mamlakatlari uchun |
| Boshqa indeks va reytinglar tarkibidagi genderga oid indikatorlar | ||
| 16. | Barqaror rivojlanish maqsadlari (Sustainable Development Goals) tarkibidagi 22 ta indikator | BMT |
| 17. | Global innovatsiya indeksi (Global Innovation Index) tarkibidagi Oliy ma’lumotli ayollarning ishlashi (Females employed w/advanced degrees) indikatori | Jahon intellektual mulk tashkiloti (WIPO) |
| 18. | Jahon iqtisodiy forumining Global raqobatbardoshlik indeksi (Global Competitiveness Index) tarkibidagi Ayollarning mehnat kuchidagi ishtiroki (Female participation in labour force) | INSEAD xalqaro biznes-maktabi, Kornel universiteti |
| 19. | Inklyuziv internet indeksi yoki 3i indeksi (EU Inclusive Internet Index) tarkibidagi Internetga kirishda gender tafovut (Gender gap in internet access) va Mobil telefondan foydalanishda gender tafovut (Gender gap in mobile phone access) indikatorlari | Economist (The Economist Intelligence Unit.) jurnali |