GENDER RIVOJLANISH INDEKSI (Gender Development Index)
GENDER RIVOJLANISH INDEKSI (Gender Development Index)
Gender rivojlanish indeksi (GDI) – umumiy insoniyat taraqqiyotida gender sezgirligini o‘lchash uchun BMTning Taraqqiyot Dasturi – BMTTD (UNDP) tomonidan yuritiladigan indeks hisoblanadi. Ilk marotaba mazkur indeks 1995-yilda BMTTD tomonidan tayyorlanadigan Inson taraqqiyoti hisobotiga Gender imkoniyatlarini kengaytirish o‘lchovi (Gender Empowerment Measure — GEM) bilan birgalikda kiritilgan. BMTTD tomonidan 1995-yilda gender masalasi bo‘yicha ikki muhim qaror qabul qilingan: birinchidan, gender bilan bog‘liq taraqqiyot ko‘rsatkichlarini umumiy taraqqiyot holatidan ajratish, ikkinchidan, gender bilan bog‘liq ko‘rsatkichlarni taraqqiyot va imkoniyatlarga bog‘lagan holda alohida ikkita indeks joriy etishdan iborat. Shu tariqa ikki genderga oid indeks — Gender rivojlanish indeksi (GDI) va Gender imkoniyatlarini kengaytirish o‘lchovi (GEM) paydo bo‘lgan. S.Anand va A.Sen tomonidan farovonlikni umumiy baholashda gender bo‘yicha guruhlararo tengsizlikni hisobga oluvchi Gender rivojlanish indeksi (GDI)ning konseptual asoslari ishlab chiqilgan hamda 1995-yildan BMTTD tomonidan amaliyotda ishlatila boshlangan.
Gender rivojlanish indeksi (GDI) 1995-yildan 2010-yilga qadar Inson taraqqiyoti hisobotida o‘z aksini topib kelgan. Biroq 2010-yilga kelib, Gender rivojlanish indeksi (GDI) tarkibidagi indikatorlarni hisoblash bilan bog‘liq qiyinchiliklar hamda noaniqliklar tufayli mazkur indeksni yuritish to‘xtatilgan. Bunday muammolar sirasiga ayollar va erkaklar orasidagi umr davomiyligi bo‘yicha farqning fiziologik holatga bog‘liq ekanligi, ayollar va erkaklar uchun yillik daromadlarning taqsimlanishini hisoblashda ko‘rsatkichlarning doimo real holatni ko‘rsata olmasligi kabi jihatlarni ko‘rsatish mumkin. 2014-yildan boshlab Gender rivojlanish indeksi (GDI) Inson taraqqiyoti indeksi (HDI)ning tarkibida kompozit ko‘rsatkichlardan biri sifatida qaytadan kiritildi, indeksning tarkibidagi indikatorlar takomillashtirildi, xususan, o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi indikatorida ayollar va erkaklar uchun fiziologik farqdan kelib chiqib besh yillik farq ko‘rsatib o‘tildi. Shu bilan bir qatorda, mazkur indeks tarkibidagi indikatorlar bilan bog‘liq muammolar mavjud bo‘lib, ularni yanada konkretlashtirish, takomillashtirish hali ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Gender rivojlanish indeksi (GDI)ni joriy etishdan asosiy maqsad Inson taraqqiyoti indeksi (HDI)ga gender sezgirligi, gender ta’sirchanligi bo‘yicha o‘lchovlarni qo‘shishdan iborat.
Gender rivojlanish indeksi (GDI) Inson taraqqiyoti indeksi(HDI)ning indikatorlarini erkaklar va ayollar uchun alohida hisoblash orqali o‘lchanadi hamda mazkur ikki jins o‘rtasidagi taraqqiyot darajasi bo‘yicha tavofutlarni belgilab beradi. Gender rivojlanish indeksi (GDI) Inson taraqqiyoti indeksi (HDI) bilan chambarchas bog‘liq bo‘lganligi sababli mazkur kompozit indekslar birgalikda tahlil qilinadi. Chunki, mazkur indekslarni alohida tahlil qilinganda farovonlikdagi gender tafovutlar yoki gender tengsizlikning farovonlikka salbiy ta’sir ko‘rsatkichi sifatida mohiyatini tushunishda qiyinchiliklar yuzaga keladi. Gender rivojlanish indeksi (GDI) va Inson taraqqiyoti indeksi (HDI) o‘rtasidagi tavofutni mamlakatlarda gender tengsizligi mavjudligi tufayli inson taraqqiyotining ortda qolishi sifatida tasniflash mumkin.
Gender rivojlanish indeksi (GDI)ni faqatgina mamlakatlarning gender tengsizligini o‘lchovchi mezon sifatida tushinish noto‘g‘ri. Chunki Gender rivojlanish indeksi (GDI) umumiy insoniyat rivojlanishida gender paritetga erishishdagi tafovutlarni o‘zida aks ettiradi. Mazkur indeks umumiy insoniyat taraqqiyotining gender tengsizligiga moslashtirilgan o‘lchovi hisoblanadi.

Gender rivojlanish indeksi (GDI)ning tarkibiy tuzilishi
Gender rivojlanish indeksi (GDI) gender tengsizlikni uchta asosiy o‘lchov yo‘nalishlar bo‘yicha o‘lchaydi:
- Salomatlik – erkaklar va ayollarning o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligini aniqlash orqali o‘lchanadi;
- Ta’lim – ayollar va erkaklar uchun kutilayotgan maktabda o‘qish yillari va 25 yosh va undan kattalar uchun o‘rtacha o‘qish yillari bilan o‘lchanadi;
- Iqtisodiy imkoniyatlar, turmush darajasi – ayollar va erkaklarning taxminiy daromadlarini aniqlash, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi ichki mahsulotning jins bo‘yicha ajratib chiqilishi orqali o‘lchanadi.
Har bir yo‘nalish bo‘yicha aniqlangan ko‘rsatkichlar asosida ayollar va erkaklar uchun alohida inson taraqqiyoti indeksi hisoblab chiqiladi hamda ikki ko‘rsatkich orasidagi tafovut orqali Gender rivojlanish indeksi (GDI) aniqlanadi. Gender rivojlanish indeksi (GDI)ni shakllantirishda uning tarkibiy tuzilishidan kelib chiqib bir qancha ma’lumotlar bazasiga murojaat qilinadi. Gender rivojlanish indeksi (GDI)ning qaysi indikatori bo‘yicha qaysi manbaga murojaat qilinganini quyidagi jadvalda ko‘rishimiz mumkin:

GENDER RIVOJLANISH INDEKSI
O‘rtacha umr ko‘rish (yoki tug‘ilgandan kutilayotgan umr ko‘rish davomiyligi) indikatori. Mazkur indikator BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar bo‘yicha departamenti tomonidan milliy davlatlarning rasmiy ma’lumotlari asosida hisoblanadi hamda har yili onlayn tarzda nashr etiladi. O‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi ko‘rsatkichini aniqlashda barcha mamlakatda mavjud rasmiy ma’lumotlarga asoslanganligi sababli mavjud ma’lumot yig‘ish usullari bir-biridan farq qilishi mumkin. Shuning uchun har bir davlatga tegishli ko‘rsatkich alohida metodlar, turli yillar uchun tayyorlangan ma’lumotlar bazalari yordamida aniqlanadi. Masalan, 2022-yilgi hisob-kitoblar uchun Yaponiyada tug‘ilgandan kutilayotgan umr ko‘rish davomiyligini aniqlashda quyidagi manbalarga murojaat qilingan:
- a) 2017-yilgacha bo‘lgan rasmiy hisob-kitoblar;
- b) 2020-yilgacha bo‘lgan yoshi va jinsi bo‘yicha ro‘yxatga olingan o‘limlar;
- c) 2021-yilgacha foydalanilgan xalqaro hisob-kitoblar.
Yoki, Janubiy Afrika Respublikasi uchun mazkur indikatorlarni aniqlashda quyidagi ma’lumotlar bazasiga tayanilgan:
- a) 2011-yilgacha bo‘lgan rasmiy hisob-kitoblar;
- b) 2020-yilgacha bo‘lgan yoshi va jinsi bo‘yicha ro‘yxatga olingan o‘limlar;
- c) chaqaloqlar va bolalar o‘limi bo‘yicha tuzatilgan ma’lumotlar;
- d) o‘limni taqsimlash usullaridan foydalanilgan holda ro‘yxatga olinmaganligi uchun tuzatilgan kattalar o‘limi to‘g‘risida ma’lumotlar;
- e) tuzatilgan keksa yoshdagi insonlarning o‘limi haqida ma’lumot;
- f) OITSning demografik ta’siri o‘limni baholashda hisobga olingan;
- g) OIV/OITS bo‘yicha hayot namunasi jadvallari va UNAIDSning kattalardagi OIV tarqalishi hamda bolalar va kattalar uchun ART qamrovi bo‘yicha hisob-kitoblari bilan besh yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi (5q0) va kattalar o‘limi (45q15) bo‘yicha hisob-kitoblar.
Mazkur misollardan tushunishimiz mumkinki, BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar bo‘yicha departamenti ma’lumotlarni tayyorlash jarayonida mavjud barcha ma’lumotlarga tayanadi, kamida 3 ta ma’lumotlar bazasiga (milliy hisob-kitoblar, yosh va jins bo‘yicha ro‘yxatga olingan o‘limlar ro‘yxati va xalqaro hisob-kitoblar) murojaat qiladi. O‘rtacha umr ko‘rish ko‘rsatkichini aniqlashda milliy mamlakatlarda yuritilayotgan ma’lumotlar bazalarining davomiylik davri, ro‘yxatda olishda barcha talablarni bajarilishi, to‘g‘ri metodlardan foydalanilishi hisobga olinadi. Barcha mavjud ma’lumotlar bazalaridan olingan ma’lumotlar jins va yosh jihatdan tahlil qilinib, o‘rtacha arifmetik qiymat hosil qilinadi.
Kutilayotgan maktab yillari indikatori. Ta’lim indeksining tarkibidagi mazkur indikatorni hisoblash uchun CEDLAS (Taqsimlash, mehnat va ijtimoiy tadqiqotlar markazi) va Jahon banki, ICF Macro, UNESCOning Statistika institutining ma’lumotlari bazalariga va UNICEFning Ko‘p ko‘rsatkichli klaster tadqiqotlariga murojaat qilinadi. Ma’lumotlar bazasining ko‘pligiga asosiy sabab sifatida indikatorni shakllantirish uchun ma’lumotlarning bitta bazada to‘liq shakllanmaganligini ko‘rsatish mumkin. Masalan, ICF Macro Demografik va salomatlikka oid tadqiqotlarida 90 ga yaqin mamlakatga tegishli ma’lumotlar jamlangan bo‘lsa, CEDLAS va Jahon banki tadqiqotlari faqat Lotin Amerikasi va Karib dengizi mintaqasi mamlakatlaridagi holatni tadqiq etgan.
Kutilayotgan maktab yillari indikatori aholining kelajakdagi ta’lim darajasini va undagi gender tengligini ko‘rsatadi. Kutilayotgan maktab yillari indikatori maktabga kirish yoshidagi (agarda davlatda maktabga kirish uchun qat’iy yosh belgilangan bo‘lsa) o‘g‘il va qiz bolaning kutishi mumkin bo‘lgan ta’lim muassasasida (boshlang‘ich va o‘rta maktab, oliy ta’lim muassasasi kabi) taxminiy o‘quv davri sifatida aniqlanadi.
Past va o‘rta darajada inson taraqqiyoti ko‘rsatkichi mavjud mamlakatlarda ushbu indikatorni hisoblash uchun 6 yoshdan 24 yoshgacha bo‘lgan bolalar va o‘smirlarning ta’lim muassasalariga qatnashi haqidagi ma’lumotlardan foydalaniladi. Mazkur ma’lumotlar uy xo‘jaligi so‘rovnomalarini o‘tkazish orqali shakllantiriladi. Bunda har bir yosh kogortasi uchun (6, 7, 8, 9…24) maktabga qatnaydigan bolalar ulushi aniqlanadi va aniqlangan ulushlar qo‘shiladi. Ushbu ulushlarning yig‘indisi maktabga kirish yoshidagi (6 yosh) bolaning kutilayotgan maktab yillarini ifodalaydi. Agarda mamlakatda maktabga kirish bo‘yicha aniq yosh belgilanmagan, bolalar 6 yoshdan oldin maktabga borishsa, bunday holatda tegishli yosh bo‘yicha maktabga qatnovchi bolalar ulushi aniqlanadi va umumiy maktab yillariga qo‘shiladi. Olingan ma’lumotlar jins bo‘yicha qayta ajratiladi va qiz bolalar hamda o‘g‘il bolalar uchun kutilayotgan maktab yillari indikatori aniqlanadi.
Yuqori darajada inson taraqqiyoti ko‘rsatkichiga ega mamlakatlarda, xususan, Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarda odatda bunday hisob-kitoblar milliy statistika idoralari tomonidan tayyorlanadi hamda mazkur indikator ko‘rsatkichlari ushbu statistik ma’lumotlar asosida shakllantiriladi. Ba’zi mamlakatlarda o‘quv yili kalendar yiliga mos emas. Bunday holatlarda hisob-kitob o‘quv yili tugaydigan vaqtga qarab belgilanadi. Masalan, O‘zbekistonda o‘quv yili sentyabrdan may oyiga qadar davom etadi. Hisob-kitoblar aynan may oyiga joylashgan yilga nisbatan belgilanadi.
25 yosh va undan kattalar uchun o‘rtacha o‘qish yillari indikatori. Ushbu indikator ko‘rsatkichlarini shakllantirishda beshta alohida ma’lumotlar bazasiga tayaniladi. Xususan, Barro R.J. va Y.V.Li tadqiqot markazi, ICF Macro, UNESCOning Statistika instituti, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) ning statistika ma’lumotlari bazalariga va UNICEFning Ko‘p ko‘rsatkichli klaster tadqiqotlaridan mazkur indikatorni shakllantirishda foydalaniladi. Asosiy ma’lumotlar bazasi sifatida Garvard universiteti Robert Jozef Barro (Robert Joseph Barro) va uning shogirdi, Koreya universiteti professori Yong Va Li (Jong Wha Lee) tomonidan amalga oshiriladigan tadqiqot natijalari e’tirof etiladi. Mazkur tadqiqotlar UNESCO, Eurostat va boshqa ma’lumotlar bazalari asosida 621 ta turli tadqiqotlari (aholini ro‘yxatdan o‘tkazish, so‘rovnomalar) ma’lumotlari yordamida shakllantirilgan. Barro-Li bazasida 15 va undan katta yoshdagi aholi uchun 191 mamlakatda kamida 1 marotaba (jumladan, O‘zbekiston), 112 mamlakatda esa kamida 3 yoki undan ortiq marotaba o‘tkazilgan kuzatuvlar mavjud. Ma’lumotlarning aksariyati mamlakatlardagi aholini ro‘yxatga olish natijalaridan olingan. Ma’lumotlarni to‘ldirish maqsadida UNICEFning Ko‘p ko‘rsatkichli klaster tadqiqotlari va BMTning aholishunoslik tadqiqotlariga murojaat qilingan. Umuman olib qaraganda, mazkur bazada 25 yosh va undan kattalar uchun o‘rtacha o‘qish yillari indikatorini aniqlashda 146 mamlakatning ma’lumotlari mavjud.
Barro-Li bazasidagi tahlillar 25 yoshdan 64 yoshgacha bo‘lgan shaxslarning ta’lim darajasi va ta’lim yillari o‘zgarish qoladi degan tamoyilga asoslanadi. Ma’lumotlar har 5 yilda yangilanib turadi. Bugungi kunda baza 1950-yildan 2010-yilgacha bo‘lgan davrdagi 146 mamlakatning, 1870-yildan 2010-yil oralig‘ida esa 89 mamlakatning ma’lumotlarni o‘zida jamlagan. Ma’lumotlar 2018-yil 4 iyunda so‘nggi marotaba tahrir qilingan, jins bo‘yicha ajratib chiqilgan.
25 va undan katta yoshdagilarning ta’lim olganlik davomiyligiga oid ma’lumotlar Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) tomonidan tashkilotga a’zo bo‘lgan 38 mamlakatdagi ta’lim bo‘yicha statistik ma’lumotlarida ham mavjud. Indikatorni shakllantirishda mazkur ma’lumotlardan ham foydalaniladi, bir xil mamlakatlar uchun ma’lumot taqqoslanib, eng maqbuli tanlanadi.
Mazkur indikatorning hisoblanishi ham kutilayotgan maktab yillari indikatorini hisoblash bilan o‘xshash. Ya’ni so‘rovnoma yoki aholini ro‘yxatdan o‘tkazishda 25 va undan katta yoshdagilarning ta’lim olganlik davomiyligi hisoblab chiqiladi, qo‘shiladi va respondentlar soniga bo‘linadi. Odatda bu kabi meta ko‘rsatkichlar uchun yirik tadqiqotlar (5 000 dan 30 000 nafargacha respondentlardan so‘rovnoma o‘tkazish yoki milliy aholini ro‘yxatdan o‘tkazish) talab qilinadi.
Ayollar va erkaklarning taxminiy daromadlari indikatori. Mazkur indikatorni aniqlashda Xalqaro mehnat tashkiloti, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar bo‘yicha departamenti, BMTning Statistika bo‘limi va Jahon bankining ma’lumotlar bazalariga tayaniladi. Mazkur indikator iqtisodiy farovonlikda gender tafovutni aniqlash maqsadida o‘lchanadi. Bunda asosiy mezon sifatida aholi jon boshiga hisoblangan YAIM olinadi. Aslida mazkur ko‘rsatkich aholining real daromadini, iqtisodiy farovonlik holatini aniq ko‘rsatmasligi mumkin. Biroq gender jihatdan ajratilgan daromadlar ma’lumotlari mavjud emasligi sababli indikator aholi jon boshiga YAIMni hisoblash tarzida baholanadi.
Mazkur indikator Inson taraqqiyoti hisoboti idorasi (HDRO) tomonidan iqtisodiy faol aholi sonida erkaklar va ayollar ulushi, 2017-yilgi xarid qobiliyati pariteti (PPP) shartlarida barcha sohalarda ayollar va erkaklar ish haqi hamda yalpi milliy daromad nisbati va aholi sonida erkaklar va ayollar ulushi ko‘rsatkichlari orqali aniqlanadi. Mazkur ma’lumotlar davlatlarning rasmiy manbalaridan, xalqaro tashkilotlarning davlatlar uchun iqtisodiy ko‘rsatkichlari asosida shakllantiriladi.
Please wait while flipbook is loading. For more related info, FAQs and issues please refer to DearFlip WordPress Flipbook Plugin Help documentation.