GENDER TENGLIK VA BOSHQARUV INDEKSI (GEGI)
GENDER TENGLIK VA BOSHQARUV INDEKSI (GEGI)
Gender Tenglik va Boshqaruv Indeksi (GEGI) birinchi marta 2020-yilda Global Boshqaruv Forumi (Global Governance Forum) tomonidan taqdim etilgan. Gender Tenglik va Boshqaruv Indeksi (GEGI) turli xalqaro tashkilotlar, jumladan, Jahon Banki, Parlamentlararo Ittifoq, turli BMT agentliklari va boshqa ishonchli manbalar ma’lumotlarini jamlab, global miqyosda gender diskriminatsiyasini keng qamrovli va taqqoslama asosda tushunishga qaratilgan va 158 mamlakatni qamrab olgan ushbu indeks gender diskriminatsiyasi bilan bog‘liq beshta asosiy yo‘nalishni, ya’ni boshqaruv, ta’lim, mehnat, tadbirkorlik va zo‘ravonlikni (ustunlar sifatida) tahlil qiladi. Gender tengsizligi juda murakkab masala bo‘lganligi sababli, ushbu beshta asosiy ustun bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar ayollarning tengligini to‘sib turgan huquqiy, madaniy, ijtimoiy va iqtisodiy tizimlarni chuqurroq tushunish imkonini beradi va bu tengsizlikning jamoaviy farovonlikka ta’sirini ochib beradi.
GEGI taxminan 60 ta omil va savollarni ko‘rib chiqadi, ular mamlakatlarning indeks ustunlarida belgilangan sohalarda gender tengsizliklarini kamaytirishda erishgan yutuqlarini ko‘rsatadi. Mamlakatlar orasidagi farqlarni aniqlashga yordam beradigan ba’zi savollar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
- Mamlakat Ayollarga nisbatan barcha diskriminatsiya shakllarini bartaraf etish to‘g‘risidagi konvensiyani (CEDAW) rezervsiz ratifikatsiya qilganmi?
- Milliy parlamentda ayol vakillari uchun qonunchilik kvotalari (rezerv o‘rinlar) mavjudmi?
- Erkaklar va turmush qurgan ayollar mulk huquqlarida teng huquqlarga egami?
- Qonun bir xil mehnat qiymati uchun teng haq to‘lashni talab qiladimi?
- Mamlakat qonunlari kreditorlarning gender asosida diskriminatsiya qilishini taqiqlaydimi?
- Mamlakatda maishiy zo‘ravonlikka qarshi qonunchilik mavjudmi?
Ushbu savollar mamlakatlarning gender tengsizligini bartaraf etish yo‘nalishidagi yutuqlari va zaif tomonlarini aniqlashda yordam beruvchi asosiy mezonlardir. Eng muhimi, bunday kompozit indikatorlar mavjud ma’lumotlar asosida umumiy muhokamalarni tashkil etishga imkon beradi. Har bir indeksning o‘ziga xos cheklovlari bo‘lsa-da, ular asosiy siyosiy masalalar bo‘yicha muhokamalarni boshlash, chora-tadbirlarni amalga oshirish va yutuqlarni kuzatib borish uchun vositalarni taqdim etadi. Yaxshi ishlab chiqilgan kompozit indikator mamlakatlar orasida va vaqt o‘tishi bilan baholash uchun foydali ma’lumotlar bazasini taqdim etadi. Shu sababli, GEGI keng ko‘lamli va aniq ma’lumotlarni taqdim etib, gender tengligi masalasiga sodiq mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar uchun takomillashtirilishi kerak bo‘lgan aniq sohalarni aniqlashda yordam beradi. Bundan tashqari, indeks gender tengsizligini shakllantiruvchi tendensiyalarni keng ko‘lamda tahlil qilish imkonini beradi. GEGI fuqarolik jamiyatiga – o‘z holatini yaxshilash uchun kurashayotgan ayollarga ovoz beradi. U faollarga o‘z sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash uchun batafsil ma’lumotlarni taqdim etadi, jamoatchilik muhokamasiga e’tibor qaratadi va xabardorlikni oshiradi. Endi o‘zining uchinchi nashrida bo‘lgan ushbu indeks tomonidan yaratilgan umumiy ma’lumotlar bazasi mamlakatlar o‘rtasida va vaqt davomida taqqoslashlar uchun samarali ekanligini isbotladi. 2020, 2022 va 2024-yillardagi indekslar o‘rtasidagi o‘zgarishlarni kuzatish siyosat dasturlarining samaradorligi va xalqaro voqealarning ta’siri haqida chuqur tushuncha beradi. Nisbiy reytinglar bizga har bir mamlakatdagi yutuqlar qanday rivojlanganligini mintaqaviy va xalqaro kontekstda tushunishga yordam beradi hamda o‘zgarishlarni rag‘batlantirish uchun asos bo‘lishi mumkin. Darhaqiqat, bunday xalqaro mezonlarni taqqoslash amaliyoti xulq-atvorni o‘zgartirishga yordam berishda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan tajribaga ega. Mamlakatlar, mintaqalar va vaqt bo‘yicha tahlillar gender tengligini shakllantiruvchi asosiy tendensiyalar va bog‘liqliklarni masalan, milliy iqtisodiy farovonlik, siyosiy tuzum turi va xalqaro tinchlik bilan bog‘liqligini to‘liqroq tushunishga yordam beradi. Gender tenglik va boshqaruv indeksi GEGI beshta asosiy sohada gender tengsizlikni baholab kelmoqda. Boshqaruv, ta’lim, IT, mehnat, tadbirkorlik va zo‘ravonlikni oldini olish sohalarida erishilgan ijobiy natijalarga ko‘ra O‘zbekiston 103-o‘rindan 52-o‘ringa ko‘tarildi. Ushbu indeks 158 ta mamlakatni qamrab olib, gender tenglikka erishish yo‘lida muvaffaqiyat va kamchiliklarni aniqlash imkonini beradi.
Gender Tenglik va Boshqaruv Indeksi (GEGI) bu ayollar va erkaklar o‘rtasidagi tenglikni faqat ijtimoiy natijalar orqali emas, balki davlat boshqaruvi sifati, institutlar ishlashi, huquqiy kafolatlar, iqtisodiy imkoniyatlar va ayollar xavfsizligi bilan bog‘liq omillar majmuasi orqali o‘lchaydigan kompozit (yig‘ma) indeksdir. Indeksning asosiy g‘oyasi shundan iboratki, gender tenglik bir tomondan inson huquqlari va ijtimoiy adolat masalasi bo‘lsa, ikkinchi tomondan boshqaruvning natijadorligi va huquqiy modernizatsiya jarayonlarining real ko‘rsatkichidir. GEGI shu nuqtai nazardan “de-yure” (qonun va formal institutlar darajasi) hamda “de-fakto”(amaliy hayotdagi holat, ijtimoiy me’yorlar va xavf ko‘rsatkichlari) indikatorlarni bir indeks ichida birlashtirishga harakat qiladi; bu esa uni faqat statistik natijalarga qarab baho beradigan ko‘plab ko‘rsatkichlardan farqlaydi. Indeks tuzilmasida 5 ta yo‘nalish orqali tahlil olib borqadi: boshqaruv va tenglik, ta’limdagi tenglik, ayollar va mehnat bozori, tadbirkorlik va biznes muhitidagi teng imkoniyatlar hamda ayollarga nisbatan zo‘ravonlik va xavfsizlik masalalari. Bu yo‘nalishlarning har biri ichida bir nechta indikatorlar jamlanadi: masalan, siyosiy vakillik (parlamentdagi ayollar ulushi), huquqiy tenglik (diskriminatsiyaga qarshi normalar), mehnat bozoridagi ishtirok (bandlik strukturalari), biznes va moliyaga kirish (mulk huquqi, tadbirkorlikni cheklovchi yoki qo‘llab-quvvatlovchi qoidalar), zo‘ravonlik yo’nalishida esa qonunchilikning mavjudligi bilan birga amaliy xavf indikatorlari (zo‘ravonlik tarqalishi, xavfsizlik hissi va ijtimoiy normalar) kabi o‘lchovlar ishlatiladi. Shu bois indeks “qonun bor” degan natija bilan cheklanmaydi: masalan, zo‘ravonlikka qarshi qonun mavjud bo‘lsa ham, lekin zo’ravonlik haqida xabar berish darajasi past bo‘lishi, ijtimoiy stigma kuchli bo‘lishi yoki huquqni qo‘llash mexanizmlari zaifligi sababli real holat yomon bo‘lishi mumkin.
GEGI ishlash mexanizmining markazida turli xalqaro ma’lumot manbalaridan indikatorlarni yig‘ish va ularni yagona taqqoslanadigan shaklga keltirish turadi. Indeks odatda World Bankning Women, Business and the Law (WBL) kabi huquqiy-iqtisodiy tenglik ko‘rsatkichlari, World Development Indicators yoki ILO modellangan mehnat statistikasi, Inter-Parliamentary Union (IPU)ning siyosiy vakillik ma’lumotlari, UNESCO kabi tashkilotlarning ta’lim va raqamli kirish statistikasi, ayrim joylarda World Values Survey kabi so‘rovlar orqali ijtimoiy qadriyatlar va stereotiplar bilan bog‘liq o‘lchovlardan foydalanadi. GEGIning baholash metodologiyasi amalda bir necha bosqichga olib boriladi: indikatorlar yo‘nalishi moslashtiriladi ya’ni yuqori bo‘lsa yaxshi yoki yomon bo‘lishiga qarab qayta baholanadi, so‘ng turli birlikdagi ko‘rsatkichlar normallashtiriladi (odatda 0–100 ballik shkalaga yaqinlashtiriladi), keyin har bir yo‘nalish ichida indikatorlar agregatsiya qilinib alohida balli olinadi, oxirida esa pillarlar(sub-indekslar) bo‘yicha umumiy indeks shakllantiriladi va mamlakatlar reytingi tuziladi. Indeksning kuchli tomoni shundaki, u siyosat tahliliga qulay “kompas” beradi: qaysi yo‘nalishlar nisbatan kuchli, qaysilari sust ekanini ko‘rsatib, reformaning strategik nuqtalarini ajratishga yordam beradi.
O‘zbekiston bo‘yicha so‘nggi 3–4 yil kesimidagi GEGI dinamikasi aynan shu nuqtada qiziqarli: indeks mamlakatning qisqa vaqt ichida reytingda sezilarli ko‘tarilganini ko‘rsatadi. GEGI 2020-yil hisobotida O‘zbekiston 58.9 ball bilan 115-o‘rinda qayd etilgan; 2022 nashrida ko‘rsatkich 60.7 ballga chiqib, 107-o‘rin atrofida qayd etiladi; 2024/2025 nashrida esa O‘zbekiston 72.8 ball bilan 52-o‘ringa ko‘tarilgani ko‘rsatiladi. Bu o‘zgarish, ayniqsa 2022-yildan keyingi “sakrash” odatda mehnat bozoridagi sekin harakatlanuvchi ko‘rsatkichlardan ko‘ra tezroq o‘zgaradigan bloklar — huquqiy va institutsional indikatorlar hamda siyosiy vakillik — bilan ko‘proq bog‘lanishi ehtimoli yuqori.
Ilmiy tahlil nuqtai nazaridan O‘zbekiston misolida GEGI shuni ko‘rsatadiki, gender tenglik siyosati bugun ko‘proq huquqiy-institutsional “infratuzilma”ni modernizatsiya qilish orqali tez ko‘tarilayotgan bo‘lishi mumkin. Biroq indeks mantiqiga ko‘ra barqaror natija uchun ikki yo‘nalish bir vaqtda ketishi kerak: birinchisi, qonunchilik va institutlar (diskriminatsiyaga qarshi kafolatlar, iqtisodiy huquqlar, himoya mexanizmlari, siyosiy vakillik)ni mustahkamlash; ikkinchisi esa real hayotdagi sharoitlar (mehnat bozoriga kirish, ayollar uchun munosib ish, tadbirkorlikka real kirish, zo‘ravonlikdan himoya, xizmatlar sifati, ijtimoiy stereotiplarning yumshashi)ni yaxshilashdir. Agar huquqiy modernizatsiya real ijro va ijtimoiy norma o‘zgarishi bilan birga bormasa, kompozit indekslarda qisqa muddatli o‘sish bo‘lishi mumkin, lekin uzoq muddatda barqaror “tenglik ekotizimi” hosil bo‘lmaydi.