GENDER TENGSIZLIK INDEKSI (Gender Inequality Index)
GENDER TENGSIZLIK INDEKSI (Gender Inequality Index)
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi – BMTTD (UNDP) tomonidan o‘zining global hisobotlarida gender masalalariga oid bir qancha reytinglar va ko‘rsatkichlarni taqdim etib kelmoqda:
- Gender rivojlanish indeksi (Gender Development Index — GDI)
- Gender tengsizlik indeksi (Gender Inequality Index — GII)
- Gender ijtimoiy normalar indeksi (Gender Social Norms Index — GSNI)
Ushbu tahliliy axborotda indekslar orasida eng asosiylari sifatida BMMTD tomonidan Inson taraqqiyoti hisobotiga kiritiladigan, Inson taraqqiyoti indeksi (HDI) tarkibidagi kompozit indekslaridan biri hisoblanuvchi Gender tengsizlik indeksi (Gender Inequality Index — GII)ga to‘xtalib o‘tamiz.
Gender tengsizlik indeksi (GII) gender nomutanosibligini o‘lchash uchun ishlab chiqilgan bo‘lib, mazkur indeks BMTTD tomonidan 2010-yilda Inson taraqqiyoti hisobotining 20 yilligi munosabati bilan nashrga kiritilgan. Ushbu indeks gender tengsizligi sababli mamlakatlardagi yutuqlarning yo‘qotish miqdorini aniqlash uchun jamlangan ko‘rsatkich hisoblanadi. Indeks quyidagi 3 ta yo‘nalish bo‘yicha gender tengsizlik darajasini o‘lchashga xizmat qiladi: reproduktiv salomatlik, huquq va imkoniyatlarni kengaytirish va mehnat bozorida ishtirok etish
Gender tengsizlik indeksi (GII) 1995-yilda Inson taraqqiyoti indeksiga kiritilgan ikki ko‘rsatkich Gender rivojlanish indeksi (GDI) va Gender imkoniyatlarini kengaytirish o‘lchovi (GEM)da mavjud bo‘lgan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida eksperimental chora sifatida joriy etilgan. Chunki GDI va GEM XXI asr boshida ilmiy doiralarda metodologik va konseptual jihatdan ko‘p marotaba tanqidga uchragan edi. Xususan, GDI faqatgina mamlakatlarning taraqqiyot darajasini o‘lchaydigan, so‘ngra taraqqiyotdagi gender farqni aniqlaydigan kompozit indeks, Inson taraqqiyoti indeksiga juda bog‘liq bo‘lsa, GEM faqatgina ayollarning iqtisodiyot, siyosat va qarorlar qabul qilishda hokimiyat vositalariga ega bo‘lish imkoniyatini o‘lchashiga e’tibor qaratilgan. Natijada GDI ko‘rsatkichlarida taraqqiyot darajasi past bo‘lgan, gender tengsizligi mavjud bo‘lgan mamlakatlar ham yuqori ball to‘plashi mumkin bo‘lsa, GEM asosan iqtisodiy jihatdan taraqqiy etgan mamlakatlardagi holatni o‘lchashda qo‘l kelgan.
Bugungi kunga kelib Gender tengsizlik indeksi (GII) Inson taraqqiyot indeksi (HDI)ning tarkibidagi kompozit indekslardan biri hisoblanadi. Gender tengsizlik indeksi (GII)ning metodologik asoslari Lids universiteti dotsenti Suman Set (Suman Seth) tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, indeksning hisoblash metodologiyasiga 2011—yilda o‘zgartirish kiritilgan. Natijada indeksdagi barcha indikatorlar 0 dan 1 gacha bo‘lgan ko‘rsatkich yordamida ifodalash, ularni o‘rtacha qiymatga keltirish imkoniyati paydo bo‘lgan.
GENDER TENGSIZLIK INDEKSI
Onalar o‘limi darajasi (MMR) indikatori. Mazkur indikator ma’lumotlari Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, UNICEF, BMTning Aholishunoslik fondi, Jahon Banki va Birlashgan Millatlar Aholishunoslik bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlar asosida shakllantirilgan “Onalar o‘limi tendensiyalari: 2000-2017-yillar” ma’lumotlar bazasidan olingan. Onalar o‘limi koeffitsienti (MMR) ma’lum bir vaqt oralig‘ida 100 000 tirik tug‘ilgan chaqaloqqa to‘g‘ri keladigan onalar o‘limi soni sifatida aniqlanadi. Ushbu indikatorda markaziy tushuncha bo‘lgan “onalar o‘limi” tushunchasini yaxshi anglab olish uchun ushbu tushunchaga ta’rif berib o‘tsak.
Onalar o‘limi – ayolning homiladorligida yoki homiladorlik tugaganidan keyin 42 kun ichida, homiladorlikning davomiyligi va joyidan qat’i nazar, homiladorlik yoki uni boshqarish bilan bog‘liq yoki og‘irlashadigan, ammo qasddan yoki tasodifiy sabablardan boshqa har qanday sababdan vafot etishi hisoblanadi. Mazkur ta’rifdan shuni anglashimiz mumkinki, ushbu indikator ko‘rsatkichlarini aniqlashda bevosita akusherlik o‘limi (homiladorlik, tug‘ruq va tug‘ruq oqibatlari tufayli) hamda bilvosita akusherlik o‘limi (homiladorlik tufayli kuchayib ketgan ikkilamchi kasalliklar. masalan, buyrak yoki yurak yetishmovchiligi) holatlarni ham onalar o‘limi sifatida tasniflanadi. Shuningdek, homiladorlik va tug‘ruq davridagi qiyinchiliklar, noto‘g‘ri davolash va akusherlik muolajalari oqibatida tug‘ruqdan keyingi 42 kundan 1 yil oralig‘ida sodir bo‘lgan o‘limlar ham onalar o‘limi sifatida tasniflanadi va umumiy statistikaga qo‘shiladi.
Mazkur indikator har 100 000 (yuz ming) tug‘ilishga onalar o‘limi soni nisbati bilan aniqlanadi. Shundan anglashimiz mumkinki, ma’lum vaqt oralig‘ida (odatda, bir kalendar yili) onalar o‘limi soni ikkita omilni aks ettiradi: (i) bitta homiladorlik yoki bitta tug‘ilish (tirik yoki o‘lik tug‘ilish) bilan bog‘liq o‘lim holati; va (ii) tug‘ilish darajasi (ya’ni, reproduktiv yoshdagi ayollar boshdan kechirgan homiladorlik yoki tug‘ilish soni: 15-49 yosh oralig‘idagi fertil yoshdagi ayollar o‘rtasida). Onalar o‘limini koeffitsientini aniqlash uchun maksimal ko‘rsatkich sifatida har 100 000 tug‘ilishga 1 000 onalar o‘limi holati belgilangan, minimal ko‘rsatkich sifatida esa har 100 000 tug‘ilishga 10 onalar o‘limi holati bilan belgilangan.
Onalar o‘limi darajasi (MMR)ni aniqlash uchun fuqarolik holatlarini qayd etish va hayotiy statistika (CRVS) tizimi ma’lumotlari, aholi o‘rtasida opa-singillik usulidan foydalangan holda o‘tkaziladigan uy xo‘jaligi so‘rovlari, reproduktiv yoshdagi o‘limni o‘rganish (RAMOS), onalar o‘limi bo‘yicha maxfiy so‘rovlar (CEMD), aholini ro‘yxatga olish va milliy darajadagi onalar o‘limi bo‘yicha boshqa ixtisoslashtirilgan tadqiqotlar natijalaridan foydalaniladi. Mazkur ma’lumot manbalari asosida axborot jamlanadi va umumiy ko‘rsatkich aniqlanadi.
Voyaga yetmaganlar farzandli bo‘lish ko‘rsatkichi (ABR). Mazkur indikator ko‘rsatkichlari BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar bo‘yicha departamenti tomonidan e’lon qilinuvchi “Dunyo aholisining istiqbollari: 2022-yilgi qayta tahlil” ma’lumotlar bazasi orqali shakllantiriladi. Indikator ko‘rsatkichi 15-19 yoshgacha bo‘lgan 1 000 ayolga ma’lum muddat (kalendar yili) oralig‘idagi shu yosh kategoriyasiga tegishli ayollardagi tug‘ruq soni nisbati orqali aniqlanadi. BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar bo‘yicha departamenti ma’lumotlar bazasida mazkur ko‘rsatkich 1950-yilda 2021-yilgacha mavjud, 2022-yildan 2100-yilgacha kutilayotgan taxminiy tarzda, tayyor holatda taqdim etiladi. Har bir 5 yillik yosh oralig‘i bo‘yicha 1 000 nafar ayolga tug‘ruq miqdori taqdim etiladi. Umuman olganda bazada 9 ta 5 yillik yosh davrlari (10-54 yosh oralig‘ida) bo‘yicha ma’lumotlar berilgan.
Mazkur indikator ma’lumotlarini hisoblashda BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar bo‘yicha departamenti tomonidan quyidagi manbalarga tayaniladi:
1) yoshga oid tug‘ilish ko‘rsatkichlari rasmiy milliy hisob-kitoblari;
2) tug‘ilish tarixi ma’lumotlari;
3) xalqaro ma’lumotlar bazalari ma’lumotlari.
Kamida o‘rta ma’lumotga ega ayollar va erkaklar ulushi (SE). Mazkur indikator Gender tengsizlik indeksi (GII) tarkibidagi eng murakkab aniqlanuvchi indikatorlardan biri hisoblanadi. Buning asosiy sababi mazkur indikator bir necha manbalar asosida o‘rganiladi. Mazmunan BMTTDning Gender rivojlanish indeksi (GDI) ning tarkibidagi 25 yosh va undan kattalar uchun o‘rtacha o‘qish yillari indikatoriga o‘xshab ketadi. Kamida o‘rta ma’lumotga ega ayollar va erkaklar ulushi (SE) indikatori ko‘rsatkichlarini shakllantirishda ham beshta alohida ma’lumotlar bazasiga tayaniladi. Xususan, Barro R.J. va Y.V.Li tadqiqot markazi, ICF Macro, UNESCOning Statistika instituti, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) (tashkilotga a’zo bo‘lgan 38 mamlakat uchun)ning statistika ma’lumotlari bazalariga va UNICEFning Ko‘p ko‘rsatkichli klaster tadqiqotlaridan mazkur indikatorni shakllantirishda foydalaniladi. Asosiy ma’lumotlar bazasi sifatida Garvard universiteti Robert Jozef Barro (Robert Joseph Barro) va uning shogirdi, Koreya universiteti professori Yong Va Li (Jong Wha Lee) tomonidan amalga oshiriladigan tadqiqot natijalari e’tirof etiladi.
O‘z navbatida savol paydo bo‘ladi, yuqoridagi tadqiqot markazlarining ma’lumotlar bazasi qanday ma’lumotlar asosida shakllantiriladi? Aksariyat holatda ma’lumotlar bazasi aholini ro‘yxatdan o‘tkazish ma’lumotlari, milliy hisob-kitoblar, xalqaro bazalardagi (UNESCOning Statistika instituti, UNICEFning Ko‘p ko‘rsatkichli klaster tadqiqotlari va boshqalar) oldingi ma’lumotlarga tayanadi.
Mazkur indikatorning aniqlanishida asosiy muammo birlamchi ma’lumotlarni to‘plash bilan bog‘liq. Birlamchi ma’lumotlar yuqoridagi ma’lumotlar bazalari yordamida aniqlanganidan keyin, 25 yosh va undan katta aholining jins kesimidagi ma’lumotlilik darajasi hisoblab chiqiladi. Bunda 25 yosh va undan katta yoshdagilar uchun ma’lumotlilik darajasi o‘zgarmasligi yoki kamida ma’lumotlilik darajasi kamaymasligi prinsipiga tayaniladi (Barro-Li metodi bo‘yicha). Aksariyat mamlakatlarda (xususan, O‘zbekistonda ham) maktab ta’limi boshlang‘ich ta’lim bilan bir qatorda o‘rta ma’lumot ham berganligi, maktab ta’limining majburiy ekanligi tufayli mazkur indikatorning ko‘rsatkichlari maksimumga yaqin hisoblanadi.
Parlamentda ayol va erkak deputatlar ulushi (PR). Mazkur indikator mamlakatda mavjud bo‘lgan oliy yuridik kuchga ega, vakillik organi, ya’ni parlamentdagi mavjud jami deputatlik o‘rinlaridan ayollar tomonidan egallangan deputatlik o‘rinlarini aniqlash orqali hisoblanadi. Bunda asosiy manba Parlamentlararo Ittifoq (IPU) tomonidan shakllantiriluvchi Parline ma’lumotlar bazasi hisoblanadi. Parline bazasida mavjud statistik ma’lumotlar 1997—yildan buyon har oyda avtomatik tarzda (oyning birinchi sanasiga nisbatan) onlayn yangilanib turadi. Bazada milliy parlamentlar to‘g‘risida 600 dan ortiq shakldagi ma’lumotlar jamlangan. Ma’lumotlarni shakllantirishda Parline milliy parlamentlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqaga kirishadi. Shu sababli mazkur bazaning ma’lumotlari ishonchli hisoblanib, BMT-Ayollar tizimi faoliyatida va “Siyosatda ayollar” global hisobotida ham foydalanib kelinadi.
Ma’lumotlarni to‘plashda Parline parlamentlarga yillik so‘rov yuborib, undan olingan statistik raqamlarni ochiq manbalar, parlamentlarning rasmiy saytlari, konstitutsiyaviy yoki huquqiy ma’lumotlar, BMT va Jahon banki ma’lumotlari bilan solishtiradi. Ayollarning parlamentdagi deputatlik o‘rnidagi ulushini aniqlashda parlamentdagi jami palatalar (bir yoki ikki palatada)da mavjud deputatlik o‘rni va undagi ayol deputatlar soni inobatga olinadi. Indikator jami deputatlik soniga ayol deputatlar sonining nisbati bilan foizda aniqlanadi.
Ayollar va erkaklarning mehnat bozorida ishtirok etish darajasi (LFPR). Mazkur indikator Xalqaro mehnat tashkilotining ILOSTAT ma’lumotlar bazasi ma’lumotlari asosida ishlab chiqiladi. Mazkur indikator murakkab hisob-kitoblar asosida amalga oshiriladi. Asosiy murakkablik quyidagilarda namoyon bo‘ladi:
1)ish bilan bandlikda mehnatga layoqatli deb hisoblanuvchi yosh chegarasi milliy davlatlarda bir xil emas. Odatda bu ko‘rsatkichning minimum chegarasi 15 yoshdan boshlanadi. Ba’zi mamlakatlarda esa maksimum chegarasi ham belgilab qo‘yiladi. Shu tufayli milliy hisob-kitoblar doim ham global hisob-kitoblar mezonlariga mos kelmaydi;
2)Mehnat bozorida ishtirok etish faqatgina doimiy mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishni emas, balki vaqtinchalik, mavsumiy mehnat faoliyatini ham qamrab olishi lozim. Lekin aksariyat mamlakatlarda mavsumiy mehnat uchun mehnat shartnomasi imzolanmaydi hamda umumiy statistikaga kiritilmaydi;
3)Mehnat bozorida ishtirok etishda XMTning xo‘jaliklar bo‘yicha maxsus so‘rovlari asosida so‘rovlar o‘tkazish talab qilinadi. Ba’zi holatlarda bunday tadqiqotlar belgilangan talablar doirasida amalga oshmaydi.
Umuman olganda mazkur indikator ayollar va erkaklar uchun alohida hisoblanadi. Indikator jami mehnatga layoqatli ayollar soniga mehnat faoliyatini olib borayotgan ayollar sonigi, jami mehnatga layoqatli erkaklar soniga esa band bo‘lgan erkaklar soniga nisbatan foizda hisoblanadi.
Indikatorni aniqlashda tushunchalarga to‘g‘ri tarif berish lozim. Jumladan, mehnat bozorida ishchi kuchining ishtiroki darajasi va ishchi kuchi tushunchalari shular jumlasidan. Ishchi kuchining ishtiroki darajasi – mehnatga layoqatli aholi soniga nisbatan ishchi kuchi tarkibidagi kishilar soni hisoblanadi. Ish kuchi esa bu band bo‘lganlar va ishsizlar sonining yig‘indisidir. Shunday qilib, ishchi kuchining ishtiroki darajasini o‘lchash bandlik va ishsizlikni ham o‘lchashni talab qiladi.
Ish bilan band aholi ko‘rsatkichiga mehnatga layoqatli yoshdagi barcha shaxslar kiradi, ular ma’lum bir qisqa vaqt ichida (masalan, bir hafta yoki bir kun) quyidagi toifalardan biriga kirishi talab qilinadi: a) haq to‘lanadigan ish bilan shug‘ullanishi; yoki b) yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatini olib borishi. Ishsizlar tarkibiga quyidagilar kiradi: a) o‘tgan davr mobaynida ishlamagan, ya’ni haq to‘lanadigan yoki mustaqil ish bilan band bo‘lmagan; b) hozirda ishlash uchun mavjud bo‘lgan, ya’ni hisobot davrida haq to‘lanadigan yoki mustaqil ish bilan ta’minlangan; va s) ish qidirayotgan, ya’ni ma’lum bir yaqin vaqt ichida haq to‘lanadigan ish yoki o‘z-o‘zini ish bilan ta’minlash bo‘yicha aniq choralar ko‘rgan mehnatga layoqatli yoshdagi kishi. Ma’lumotlar yig‘ilgandan so‘ng jins kesimida tahlil etish talab etiladi.
Please wait while flipbook is loading. For more related info, FAQs and issues please refer to DearFlip WordPress Flipbook Plugin Help documentation.