AYOLLAR TADBIRKORLIK INDEKSI (Female Entrepreneurship Index)
AYOLLAR TADBIRKORLIK INDEKSI (Female Entrepreneurship Index)
Ayollar tadbirkorlik faolligining xalqaro ko‘rsatkichlaridan biri Global tadbirkorlik va taraqqiyot instituti mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan Ayollarning tadbirkorlik indeksi (Female Entrepreneurship Index, FEI) hisoblanadi. Ushbu indeks 2015-yilda ishlab chiqilgan bo‘lib, bugungi kunda ayollar tadbirkorlik indeksini baholash uchun amalga oshiriladigan tadqiqotlar dunyoning 70 ta davlatini qamrab oladi.
Ayollar tadbirkorligi indeksi ayollarni iqtisodiyotning turli sohalarida yuqori potensialga ega bo‘lgan tadbirkorlik va biznes faoliyatini tashkil etishi va muvaffaqiyatli biznes yuritishiga qanday omillar ta’sir qilishini baholaydigan indeks hisoblanadi. Yuqori potensialga ega tadbirkor ayollar o‘z tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish va rivojlantirish orqali, jamiyatning iqtisodiy farovonligini oshirish hamda ijtimoiy hayotning yuksalishiga hissa qo‘shib kelmoqda. FEIning tizimli yondashuvi ayollar tadbirkorligining yuqori potentsial rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatadigan gender tarkibini mamlakatlararo taqqoslash imkonini beradi. Ayollar tadbirkorligini tez suratlarda rivojlanishiga turtki bo‘ladigan omillarni har tomonlama baholash va tahlil qilish uchun FEI, shunchaki ayol tadbirkorlar sonini aniqlamaydi, balki ayollarning tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun mavjud bozor talablaridan kelib chiqib qulay shart-sharoitlarni ta’minlash jaroyonida mamlakatning kuchli va zaif tomonlarini ko‘rsatib beradi.
Ayollarning tadbirkorlik faoliyatini boshlash, rivojlantirish va biznesni boshqarish qobiliyatini rag‘batlantiradigan sharoitlar, erkaklarga yaratilgan sharoitlardan farq qilishi haqidagi fikrlar ayollar biznesini rivojlanishiga ta’sir qiluvchi omillarni o‘zgartirish zarurati tug‘diradi. Ayollar tadbirkorligi indeksi natijalari ayollar tadbirkorligining tez suratlarda rivojlanishi uchun shart-sharoitlarni yaxshilashga qaratilgan davlat siyosati doirasida siyosiy institutlar tomonidan qonun va qaror loyihalari, shuningdek, ayollar tadbirkorligini qo‘llab–quvvatlashga yo‘naltirilgan davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishdagi muhim masalalarni aniqlaydi.
Ayollarning yuqori salohiyatli tadbirkorga aylanishiga ta’sir qiluvchi bir nechta omillar mavjud. Tadbirkor ayol yoki erkak bo‘lishidan qat’iy nazar ularning tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishida mamlakatda shakllangan mavjud biznes muhiti ta’sir qiladi. Biznes muhitining beqarorligi, biznesni boshlash, uni yuritish yoki tugatish tartiblari yuqori darajada tartibga solingan yoki byurokratiyaga asoslangan bo‘lsa, ikkala jins vakillari uchun ham tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish jarayonlari qiyinlashadi, ayniqsa ayollarga. Boshqaruv institutlari yoki jamiyatdagi mavjud sharoitlar ayollar uchun biznesni boshlash yoki rivojlantirishni qiyinlashtiradigan qo‘shimcha to‘siqlar yaratishi mumkin. Masalan, ayollarni qonuniy huquqlarining cheklanishi, ya’ni davlatda ayollarni qaysidir biznes turi bilan shug‘ullanishiga qonuniy ta’qiqlash, turmushga chiqqan oilali ayollarning ishlashga yoki uyidan tashqaridagi faoliyat bilan shug‘ullanishiga ruxsat berilmasligini misol qilib ko‘rsatish mumkin. Bundan tashqari, jamiyatda shakllangan gender munosabatlari, ijtimoiy qoidalar va insonlarning e’tiqodlari ayollarning ta’lim olishi, malaka oshirishi yoki tadbirkorligini rivojlantirish uchun muhim bo‘lgan resurslardan foydalanish imkoniyatlarini cheklashi mumkin.
Aholining tadbirkorlik faoliyatiga munosabati, tavakkalchilik asosida tadbirkorlikni boshlashi va biznesga egalik qilishi, uni boshqarishi mamlakatda “tadbirkorlik madaniyati”ni shakllantirishda hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Ushbu madaniy muhit odamlarning imkoniyatlarini baholashda va yangi tashabbusni boshlash uchun tavakkal qilishga tayyorligiga ta’sir qiladi.
Samarali institutsional asoslarning mavjudligi, mavjud resurslardan samarali foydalanish va tadbirkorlik madaniyati yuqori darajada shakllanishi ayollar startaplarini yaratishiga imkoniyat beradi. Yuqori potentsialli ayol tadbirkorligiga e’tibor qaratishda ayollar tadbirkorligining indeksi, ayniqsa, bozorni rivojlantiruvchi, innovatsion va eksport qilishga asoslangan biznesga egalik qiluvchi ayollarning startap loyihalariga qiziqish bildiradi.
Tadbirkorlikni rivojlantirishda dunyoning koʻplab mamlakatlari soʻnggi 20-25 yildan buyon gender tengligiga alohida eʼtibor bermoqda. Jumladan, Global tadbirkorlik monitoringi (Global Entrepreneurship Monitor, GEM) tashkiloti 1999-yildan buyon dunyo boʻylab tadbirkorlik faoliyatini targʻib qilib, mamlakatlarda tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishi uchun yaratilgan imkoniyatlarni oʻrganib, ularni turli indekslar va reytinglar orqali baholab kelmoqda. Bunda GEM tashkiloti nafaqat tadbirkorlik faoliyati uchun yaratilgan imkoniyatlarni, balki tadbirkorlik faoliyatidagi gender tengligiga ham alohida eʼtibor qaratib, Ayollar tadbirkorlik indeksini (The Womenʼs Entrepreneurship Index, WEI) baholash metodologiyasini ishlab chiqib, 2021/2022-yilga kelib ushbu metodologiya asosida jami 50 ta davlatda tadbirkorlik faoliyatida gender tengligini baholadi. Ayollar tadbirkorlik indeksi GEM tomonidan har ikki yilda bir marta baholanadi.
Ayollar tadbirkorligi indeksi ayollarning ta’lim olishi, tadbirkorlik faoliyatini moliyaviy resurslar bilan ta’minlanish darajasi va ularning bozorga kirish imkoniyati, shuningdek, ayollar tadbirkorligini rivojlanishini qo‘llab-quvvatlovchi va unga to‘sqinlik qiluvchi bir qator huquqiy va ijtimoiy omillarni kompleks baholaydi. GEM dunyoning ko‘plab mamlakatlarida tadbirkorlik faoliyatini uchun yaratilgan imkoniyatlarni o‘rgangan holda qaysi mamlakatlarda ayollar tadbirkorligi uchun eng qulay sharoitlar mavjudligini aniqlaydi.
Ayollar tadbirkorligi indeksi ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish uchun davlat institutlari, tegishli tashkilotlar va alohida shaxslarga qilinishi zarur bo‘lgan tizimli chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan dasturlarni ishlab chiqishga yordam beradi hamda mamlakatlarga ushbu sohadagi ko‘rsatkichlarini boshqa davlatlar bilan solishtirish imkonini beradi.
AYOLLAR TADBIRKORLIK INDEKSI
GEM mamlakatlarning tadbirkorlik faoliyatini baholayotganda zarur bo‘lgan ma’lumotlar markazlashtirilgan holda yig‘ladi va tahlil qiladi. GEM yig‘ilayotgan ma’lumotlarni sifati va ishonchliligini ta’minlash uchun har bir mamlakatda tadbirkorlik faoliyatini o‘rganuvchi davlat va nodavlat tashkilotlari bilan yaqindan hamkorlik qiladi. To‘plangan barcha ma’lumotlar bir qancha tekshiruvlardan o‘tadi. Olingan ma’lumotlar nashr etilishidan oldin qayta-qayta tekshiriladi. Ko‘p yillar davomida shakllangan katta tajriba GEM ma’lumotlarining eng yuqori sifatga ega bo‘lishini ta’minlaydi. GEM tadqiqotlari tadbirkorlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomalarga asoslanadi.
GEM tadqiqotlari uchun zarur ma’lumotlarni yig‘ish mexanizmi ikki qismdan iborat:
- Katta yoshli aholi o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazish (APS);
- Tajribali ekspertlarni jalb etish
Katta yoshli aholi o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazish tadbirkorlik jarayonining davom etishida shaxsning rolini o‘rganadi. Asosiy e’tibor nafaqat biznesning o‘ziga xos xususiyatlariga, balki odamlarning biznesni boshlashga bo‘lgan motivatsiyasi, biznesni boshlash va uni yuritish bo‘yicha amalga oshirilgan harakatlar, shuningdek, tadbirkorlik bilan bog‘liq munosabatlarga ham qaratiladi.
Katta yoshli aholi o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazishda har bir mamlakat iqtisodiyotida band bo‘lgan kamida 2000 nafar kishini qamrab oladi, bu esa so‘rovnoma natijalarining haqqoniyligini ta’minlaydi.
O‘tkaziladigan so‘rovnomaning asosiy savollari yillar davomida o‘zgartirilmagan. Biroq so‘rovnomada “maxsus mavzu” bo‘limi mavjud bo‘lib, undagi savolnomalar har yili o‘zgarib turadi va tadbirkorlik orasida o‘tkaziladigan so‘rovnomada yoritilmagan jihatlarini o‘rganadi.
GEMning ta’kidlashicha, tadbirkorlik dinamikasi yangi biznes tashkil etishni qo‘llab-quvvatlaydigan yoki unga to‘sqinlik qilishi mumkin bo‘lgan sharoitlar bilan bog‘liq. GEM tadbirkorlik dinamikasini o‘zgarishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadigan to‘qqizta omil asosida tadbirkorlikka yaratilgan sharoitlarni baholaydi.
Tajribali ekspertlarni jalb etishdan maqsadi ma’lum bir vaqtda har bir mamlakat iqtisodiyotidagi tadbirkorlikka yaratilgan sharoitlar holatini baholashdir. U kamida 36 nafar puxta tanlangan ekspertga topshiriladi.
GEM tadbirkorlik faoliyatini baholashning konseptual asoslari 1999-yilda birinchi marotaba ishlab chiqqan bo‘lib, bugungi kungacha ikki marotaba yangilangan:
- 1999-yildan 2011-yilgacha
- 2011-yildan 2014-yilgacha
- 2015-yildan hozirga qadar
GEM tadqiqotlari dastlab tadbirkorlik va iqtisodiy rivojlanish o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni aniqlash maqsadida ishlab chiqilgan. GEM tadbirkorlik faoliyatini baholashning birinchi konseptual asoslari 3 ta asosiy savolga javob topishga qaratilgan:
- Tadbirkorlik faolligi darajasi barcha mamlakatlarda bir biridan farq qiladimi va agar shunday bo‘lsa, qay darajada?
- Tadbirkorlik faolligi darajasi mamlakatning iqtisodiy o‘sish va farovonlik darajasiga qanday ta’sir qiladi?
- Mamlakatni tadbirkor qiladigan jihatlar nimalardan iborat?
Ushbu savollarga javob berish orqali GEM milliy iqtisodiy o‘sish haqida fikr yuritishning an’anaviy yondashuvidan voz kechdi va yangi konseptual asosni ishlab chiqdi.
Yillar davomida GEM tadqiqotlaridan erishilgan natijalaridan foydalangan holda, dastlabki konseptual asoslariga o‘zgartirish kiritib, 2011-yilda yangi versiyasini ishlab chiqdi. Unga ko‘ra, tadbirkorlikning o‘zgaruvchan tabiati yillar davomida iqtisodiyotning rivojlanishi tendensiyasi o‘zgarishga ta’siri o‘z ichiga olgan yangi dinamik element qo‘shildi.
Iqtisodiyotlarning rivojlanish darajasi bo‘yicha GEM tasnifi Jahon Iqtisodiy Forumi (WEF) tomonidan o‘zining Global raqobatbardoshlik hisobotida belgilangan bosqichlarga asoslanadi. Shuning uchun yangi konsepsiya asosida mamlakatlarni rivojlanishi nimaga asoslanganligiga ko‘ra uch guruhga bo‘lib o‘rganiladi.
Faktorlarga asoslangan iqtisodiyotlar eng kam rivojlangan davlatlardir. Ularda malakasiz ishchi kuchi va tabiiy resurslarga asoslanib ishlaydigan qishloq xo‘jaligi va qazib olish korxonalari ustunlik qiladi. Faktorlarga asoslangan iqtisodiyotlar uchun iqtisodiy rivojlanish, birinchi navbatda, institutlarning rivojlanishi, infratuzilma, makroiqtisodiy barqarorlik, sog‘liqni saqlash va boshlang‘ich ta’lim talablaridan kelib chiqadi.
Samaradorlikka asoslangan iqtisodiyotlarda raqobatbardoshligi ortib borishi bilan ishlab chiqarish jarayonlari samaradorligi va mahsulot sifati oshadi. Samaradorlikka asoslangan iqtisodiyotlarda hukumatning e’tibori bozorning to‘g‘ri ishlashi uchun oliy ta’lim tizimlari, tovar va mehnat bozorlari va texnologik tayyorgarlik jarayonlarining mexanizmlarni ta’minlashga qaratiladi.
Innovatsiyalarga asoslangan iqtisodiyot eng rivojlangan davlatlardir. Ushbu mamlakatlarda kompaniyalarning faoliyat ko‘rsatishi yuqori bilim talab qiladi va xizmat ko‘rsatish sohasi ustunlik qiladi. Innovatsiyalarga asoslangan iqtisodiyotlarda mamlakat uchun tadbirkorlik faoliyatining asosiy shartlari bozor talablarini shakllantiruvchi yoki samaradorlikni oshiruvchi omil sifatida emas, balki iqtisodiy rivojlanishning asosiy omili sifatida ko‘riladi.