GENDER IJTIMOIY NORMALAR INDEKSI (Gender Social Norms Index)
GENDER IJTIMOIY NORMALAR INDEKSI (Gender Social Norms Index)
Dunyo bo‘yicha hozirda turli xalqaro tashkilot, tadqiqot markazlari tomonidan gender xususiyatlarini aniqlash maqsadida ko‘plab indeks va reytinglar tuzilib, ular turli yo‘nalishlar bo‘yicha mamlakatlarda erkaklar va ayollar uchun yaratilgan sharoitlarning gender paritetga moslik darajasini o‘lchashga xizmat qiladi. Shunday indeks va reytinglarning bir nechtasi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi – BMTTD (UNDP) tomonidan yuritilib kelinmoqda. Ilk marotaba 1995-yilda BMTTD tomonidan tayyorlanadigan Inson taraqqiyoti hisobotida gender masalalari bilan bog‘liq ikkita ko‘rsatkich (Gender Development Index – GDI va Gender Empowerment Measure — GEM) kiritilgan bo‘lib, shundan buyon BMTTD o‘zining global hisobotlarida gender masalalariga oid bir qancha reytinglar va ko‘rsatkichlarni taqdim etib kelmoqda:
1.Gender rivojlanish indeksi (Gender Development Index — GDI)
2.Gender tengsizlik indeksi (Gender Inequality Index — GII)
3.Gender ijtimoiy normalar indeksi (Gender Social Norms Index — GSNI)
Mazkur tahliliy axborotda yuqorida tilga olingan indekslar orasida eng asosiylaridan biri sifatida BMMTD tomonidan Inson taraqqiyoti hisobotiga kiritiladigan Gender ijtimoiy normalar indeksi (Gender Social Norms Index — GSNI) ga to‘xtalib o‘tamiz.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi – BMTTD (UNDP) tomonidan gender masalalari bilan bog‘liq bir qancha reyting va indekslar yuritiladi. Shulardan biri Gender ijtimoiy normalar indeksi (GSNI) hisoblanadi. Gender ijtimoiy normalari bu ayollarning jamiyatdagi huquq va imkoniyatlarini qadrlamaslik, hatti-harakatlarini tartibga solish va ayollar nima qilishi va qanday bo‘lishi kerakligi chegaralarini belgilash orqali ularning tanlovi va imkoniyatlarini cheklashdir.
Gender ijtimoiy normalar indeksi (GSNI) BMTTD tomonidan xotin-qizlar holati bo‘yicha to‘rtinchi Butunjahon konferensiyasi doirasida qabul qilingan Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasining 25 yilligiga (Pekin + 25) bag‘ishlanib, 2019-yilgi Inson taraqqiyoti global hisoboti ma’lumotlari asosida shakllantirilib, 2020-yilning 5-mart kuni e’lon qilingan.
Bugungi kunga qadar Gender ijtimoiy normalar indeksi (GSNI)ning faqatgina bitta nashri taqdim etilgan bo‘lib, ushbu indeksning keyinchalik takomillashtirilishi yoki qayta nashr etilishi haqida aniq ma’lumotlar mavjud emas. Inson taraqqiyoti global hisoboti har yili yoki har ikki yilda bir marta e’lon qilinishini inobatga olgan holda mazkur indeksning ham ma’lumotlarini shakllantirish imkoniyati mavjud. Biroq bugungi kunga qadar o‘tgan deyarli 3 yil muddat oralig‘ida Gender ijtimoiy normalar indeksi (GSNI)ning ikkinchi nashri tayyorlanmaganligi mazkur indeksning o‘lchov mezoni sifatida taqdim etilishi yoki etilmasligini so‘roq ostida qoldiradi. Umuman olib qaraganda, BMTTD tomonidan yuritiluvchi barcha indekslar ma’lum darajada o‘zgartirib boriladi.
Masalan, Gender imkoniyatlarini kengaytirish o‘lchovi (Gender Empowerment Measure — GEM) uzoq tanqidlar va munozaralardan so‘ng Gender tengsizlik indeksi (Gender Inequality Index – GII) bilan almashtirilgan. Yoki Gender rivojlanish indeksi (Gender Development Index – GDI) ham 2010—yildan boshlab to‘xtatib qo‘yilgan. 2014-yilda esa takomillashtirib, qaytadan joriy etilgan.
Gender ijtimoiy normalar indeksi (GSNI) siyosat, iqtisod va ta’lim kabi sohalarda ijtimoiy stereotiplarning gender tengligiga qanday to‘sqinlik qilishini o‘lchab, dunyo aholisining 80 foizdan ortig‘ini qamrab olgan 75 mamlakat ma’lumotlarini o‘z ichiga olgan. Shuningdek, dunyo aholisining 59 foizini tashkil etuvchi 31 mamlakat uchun Gender ijtimoiy normalar indeksi (GSNI) tendensiyalarini ham taqdim etgan. 2023-yilga kelib, Gender ijtimoiy normalar indeksi (GSNI) to‘rtta asosiy o‘lchov: siyosat, ta’lim, iqtisod va jismoniy butunlik bo‘yicha odamlarning ayollar va ular roliga nisbatan noto‘g‘ri munosabatni aniqladi va dunyo aholisining 85 foizini qamrab oldi. Indeks har 10 ta erkak va ayoldan deyarli 9 nafari ayollarga nisbatan noto‘g‘ri munosabatda ekanligini ko‘rsatadi. Inson taraqqiyoti indeksi (ITI) yuqori va past bo‘lgan mamlakatlarda, gender tarafdorliklar yaqqol namoyon bo‘lishini ko‘rishimiz mumkin. Bu tarafdorlik barcha hududlar, daromad darajalari va madaniyatlarni qamrab oladi va ularni global muammoga aylantiradi.
2020-yilgi Gender ijtimoiy normalar indeksi (GSNI) nashri Janubiy Koreya Respublikasining moliyaviy ko‘magi yordamida shakllantirilgan. Mazkur Gender ijtimoiy normalar indeksi (GSNI)ning 2020-yilgi nashri BMTTDning Inson taraqqiyoti hisoboti byurosi (HDRO) tomonidan BMTTDning gender guruhi bilan hamkorlikda tuzib chiqilgan. Shuningdek, gender ijtimoiy normalari vaqt o‘tishi bilan saqlanib qolingan bo‘lib, bu so‘nggi o‘n yil ichida o‘zgarmagan GSNI qadriyatlaridan dalolat beradi. 2022-yilgacha boʻlgan maʼlumotlarni toʻplagan ushbu ikkinchi GSNI hisoboti soʻnggi yillarda ayollar huquqlari boʻyicha kuchli xalqaro kompaniyalar MeToo, Ni Una Menos, Time’s Up va Un Violador en Tu Camino faoliyatiga qaramay, sezilarli katta natijaga ega bo‘lmaganini ko‘rishimiz mumkin.
Gender ijtimoiy normalar indeksi (GSNI) mamlakatlarda mavjud ijtimoiy me’yorlar, stereotiplarning gender paritetga erishishda qanchalik katta to‘siq ekanligini ko‘rsatishga harakat qiladi. Masalan, indeks ko‘rsatkichlari asosida tahlil qilinganda dunyo miqyosida deyarli 50 foiz aholi erkaklarning ayollarga nisbatan yaxshi siyosiy rahbar ekanliklarini, 40 foizdan ortig‘i esa erkaklarning biznesda yaxshi boshqaruvchi ekanligini ta’kidlashgan.
Bu esa ta’lim olishda tenglikka erishgan ayollarning boshqaruv jarayonida ishtirok etolmasligida ijtimoiy normalarning ta’siri katta ekanligini ko‘rsatadi. Gender tengligiga erishish va barcha xotin- qizlarning huquqlarini kengaytirish uchun Gender ijtimoiy normalari asosiy to‘siq hisoblanadi. Gender ijtimoiy normalarga qarshi kurashmasdan turib, biz Barqaror rivojlanish maqsadlarida (BRM) aks etgan gender tengligiga erisha olmaymiz.
GENDER IJTIMOIY NORMALAR INDEKSI
2019-yilgi Inson taraqqiyoti hisobotida birinchi marta kiritilgan gender ijtimoiy normalari indeksi to‘rt asosiy yo‘nalishni – siyosat, ta’lim, iqtisodiyot va jismoniy butunlikni o‘z ichiga oladi. Mazkur to‘rt yo‘nalish tarkibi yettita ko‘rsatkichni shakllantirish uchun Jahon qadriyatlari tadqiqoti so‘rovnomasi tarkibidagi yettita savolga respondentlar tomonidan berilgan javoblarga murojaat qilinadi.
Javob variantlari ko‘rsatkichga qarab farq qiladi. Javob variantlari “to‘liq qo‘shilaman”, “qo‘shilaman”, “qo‘shilmayman” va “umuman qo‘shilmayman” tarzida darajali ko‘rinishda bo‘lgan savollarga bog‘liq bo‘lgan ko‘rsatkichlar bo‘yicha indeks salbiy ijtimoiy normalarga ega bo‘lgan shaxslar sifatida “to‘liq qo‘shilaman” va “qo‘shilaman” variantlarini tanlaganlarni belgilaydi.
Javob 1 dan 10 gacha bo‘lgan raqamli shkala bo‘yicha berilgan ayollar huquqlari bo‘yicha siyosiy ko‘rsatkich uchun indeksda 7 yoki undan pastroq reytingni tanlaganlar salbiy ijtimoiy normalarga ega bo‘lgan shaxslar sifatida belgilanadi. Javobi 1 dan 10 gacha bo‘lgan jismoniy yaxlitlik ko‘rsatkichlari uchun indeks intim sherik zo‘ravonligi va reproduktiv huquqlar uchun proksi o‘zgaruvchidan foydalangan holda gender tengligiga salbiy bilan qaraydigan shaxslarni belgilaydi.
Har bir ko‘rsatkich uchun o‘zgaruvchi, agar shaxsda salbiy ijtimoiy munosabat mavjud bo‘lsa, 1 qiymatini oladi, agarda respondentda bunday munosabat mavjud bo‘lmasa, 0 qiymatini oladi.
Natijalarni indeks ko‘rinishida hisobot qilishda jamlashning ikkita usuli qo‘llaniladi. Asosiy gender ijtimoiy normalar indeksi (GSNI) “birlashma yondashuvi” ga asoslanadi. Bu salbiy fikrlar sonidan qat’i nazar, salbiy ijtimoiy munosabatdagi odamlarning foizini o‘lchaydi. Ko‘pgina hollarda, ayolning jamiyatdagi rivojlanishiga to‘sqinlik qilish uchun bir kishidan faqat bitta yo‘nalishda salbiy munosabat, qarash yoki me’yorlar bo‘lishi yetarli bo‘lishi mumkin. Ikkinchi gender ijtimoiy me’yorlari indeksi (GSNI2) oddiy “kesishuv yondashuvi” ga asoslanadi.
Ko‘p o‘lchovli gender ijtimoiy normalar indeksi ko‘rsatkichlari uchun salbiy ijtimoiy fikr sifatida belgilanuvchi javoblar ta’rifi

U kamida ikkita noto‘g‘ri, salbiy qarash yoki fikrga ega bo‘lgan odamlarning foizini o‘lchaydi. Mazkur ikki usul asosida davlatlar ma’lumotlarini jamlovchi ikki indeks, davlatlar to‘plami shakllantiriladi. Birinchi to‘plam Jahon qadriyatlari tadqiqotining 5-to‘lqini (2005–2009) yoki 6-to‘lqini (2010–2014) bo‘yicha ma’lumotlarga ega mamlakatlardan iborat bo‘lib, mavjud eng so‘nggi ma’lumotlardan foydalanadi.
Ushbu to‘plamga dunyo aholisining 81 foizini tashkil etadigan 75 mamlakat va hududlar kiradi. Ikkinchi to‘plam faqat Jahon qadriyatlari tadqiqotining 5-to‘lqin va 6-to‘lqinining har ikkisi uchun ma’lumotlarga ega mamlakatlardan iborat. Bu to‘plamga 31 ta mamlakat va hududlar kiradi, bu esa dunyo aholisining 59 foizini tashkil qiladi.Ushbu maʼlumotlar Jahon qadriyatlari tadqiqotining 6-toʻlqini (2010–2014) va 7-toʻlqin (2017–2022) maʼlumotlari boʻlib, 2023-yil 12-yanvar holatidagi eng soʻnggi ommaviy maʼlumot hisoblanadi. Inson taraqqiyoti indeksidagi gender tafovutining bevosita o‘lchovi bo‘lgan Gender rivojlanish indeksini keltirish mumkin. Bu inson rivojlanishining uchta asosiy mezonlari: sog‘liqni saqlash, ta’lim va turmush darajasi bo‘yicha ayollar va erkaklar o‘rtasidagi yutuqlardagi farqni ko‘rsatadi. Yutuqlarni o‘lchashdan tashqariga chiqadigan boshqa sa’y-harakatlarga Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining Ijtimoiy institutlar va gender tengligi indeksi (OECD2023) kiradi, bu gender tengsizligiga olib keladigan kamsituvchi ijtimoiy institutlar va amaliyotlarning asosiy omillarini o‘rganadi. Gender bilan bog‘liq boshqa ko‘rsatkichlar Jahon bankining Ayollar, biznes va huquq indeksi (Jahon banki 2023), BMT Ayollar va Unstereotype Alliancening gender tengligi so‘rovi (BMT Ayollar va Unstereotype Alliance 2022) va Barqaror rivojlanish maqsadlari (Barqaror rivojlanish maqsadlari) ko‘rsatkichlarini o‘z ichiga oladi.
Please wait while flipbook is loading. For more related info, FAQs and issues please refer to DearFlip WordPress Flipbook Plugin Help documentation.