Orqaga qaytish

“Gender raqamli tafovut indeksi”da O‘zbekiston o‘rnini yaxshilash masalalari

     “Oila va gender” ilmiy tadqiqot instituti tomonidan 2025-yilning mart–aprel oylarida O‘zbekiston Respublikasi Oliy majlisi Senatining 2025-yil 18-martdagi SQ-102-V-sonli Qarori 2030-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasining 2025-yilda amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturining  34-bandi ijrosini ta’minlash maqsadida “Gender raqamli tafovut” indeksida O‘zbekiston o‘rnini yaxshilashda to‘siq bo‘layotgan muammolarni o‘rganish bo‘yicha tadqiqot o‘tkazildi.

I. Tadqiqotning asosiy natijalari

   Rivojlanayotgan mamlakatlarda raqamli transformatsiya gender tengsizlikni kuchaytirmoqda, jumladan 2023-yil ma’lumotlariga ko‘ra, internetdan foydalanishda erkaklar (70%) ayollarga (65%) nisbatan ustunlikka ega, mobil telefonga egalikda ham (erkaklar 81%, ayollar 75%) kuzatilmoqda. Gender raqamli tafovut indeksi bu muammolarni o‘rganish va baholash uchun ishlab chiqilgan. Gender raqamli tafovut indeksini ishlab chiqishdan asosiy maqsad – ayollarning raqamli dunyoda to‘liq ishtirok etishiga to‘sqinlik qiladigan omillarni aniqlash, baholash va yechimlar taklif etishdir. Women in Digital Transformation va DAKA Advisory hamkorligida 2021-yilda gender tafovut bo‘yicha dastlabki tajribalar olib borilgan, tadqiqot ko‘lami dunyo aholisining 57 foiz, dunyo mamlakatlari YaIMning 54 foizini qamrab olgan holda olti mintaqadagi 20 ta mamlakatda o‘tkazilgan, 2022-yilgi hisobotga ko‘ra, indeks bo‘yicha AQSh, Singapur, Shvesiya, va Saudiya Arabiston kabi mamlakatlar yetakchilikni egallagan, O‘zbekiston o‘rni ko‘rsatilmagan. Ushbu indeks nafaqat aniq muammolarni aniqlashga jumladan, mamlakatda gender raqamli tafovutni aniqlaydigan, o‘lchaydigan va monitoring qiladigan tizimning ishlab chiqilmaganligi, gender raqamli tafovutni aniqlaydigan indikatorlarning mavjud emasligi, raqamli ko‘nikmalarga ega bo‘lishda gender tafovutning haligacha saqlanib qolinayotganligi, raqamlashtirish sohasida ayollar rahbarlar ishtirokining past darajada ekanligi, raqamli dunyoda ayollarga qaratilgan onlayn tahdid va zo‘ravonlikka qarshi kurashishda qonunchilik asoslarining yetarli emasligi va gender raqamli tafovutni bartaraf etish bo‘yicha xalqaro tashkilotlar bilan hamkorligi yetarli darajada rivojlanmaganligi, balki potensial rivojlanish (raqamli infratuzilmani takomillashtirish, raqamli savodxonlikni kuchaytirish, ayollar IT tadbirkorligini rivojlantirish, raqamli xavfsizlikni ta’minlash, gender raqamli tafovut statistikasini takomillashtirish va xalqaro hamkorlikni kuchaytirish) kabi yo‘nalishlarini belgilashga ham yordam beradi.

IIMavjud muammolar va ularning tavsifi

a) O‘zbekistonda gender raqamli tafovutni baholashga xizmat qiladigan gender statistikasining yetarli darajada rivojlanmaganligi

    “2030-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi” ning 53 va 54maqsadli ko‘rsatkichlarida 2030-yilga qadar mobil telefonga ega bo‘lgan xotin-qizlar ulushini  70 foizga, erkaklar ulushini esa 85 foizga olib chiqish maqsad etib belgilangan. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, mobil telefonga ega bo‘lgan xotin-qizlarning ulushi 99,2 foizni, erkaklarda 99,1 foizni tashkil etgan. Bundan kelib chiqadigan bo‘lsak, Strategiyada maqsadli ko‘rsatkich, qariyb 5 yillik davr oralig‘idagi natijaga 2024-yilda erishib bo‘linganligiga guvoh bo‘lamiz. Shu nuqtai nazardan Gender strategiyasida belgilangan mazkur ko‘rsatkichning ulushini qaytadan hisob-kitob qilish hamda shunga aloqador ko‘rsatkichlarni strategiyaning maqsadli ko‘rsatkichlari qatoriga kiritish zarur hisoblanadi.  Shuningdek, gender sohasiga oid statistik ma’lumotlarni o‘zida aks ettirgan https://gender.stat.uz/ saytida demografiya, ijtimoiy himoya, madaniyat, sog‘liqni saqlash, mehnat, ta’lim, turizm, jinoyatchilik va sport kabi 9 ta gender ko‘rsatkich aks etgan, biroq gender raqamli tafovutni aks ettiradigan ko‘rsatkichlar mavjud emas. E’tibor beradigan bo‘lsak, https://www.stat.uz/ saytining “raqamli iqtisodiyot” bo‘limi tarkibidagi “aloqa” deb nomlangan indikatorida sohaga doir 7 ta, https://siat.stat.uz/ saytning “axborot iqtisodiyoti va elektron tijorat” bo‘limida 9 ta va “transport va aloqa” bo‘limining “aloqa” deb nomlangan indikatorida esa 53 ta ko‘rsatkich mavjud. Ushbu ko‘rsatkichlar kompleksi AKT va raqamli soha bo‘yicha mamlakatning yaxlit profilini taqdim etadi, lekin raqamlashtirishning gender bilan bog‘liq statistik ma’lumotlar https://gender.stat.uz/da mavjud emasligi bu boradagi ma’lumotlarni topishda qiyinchilik va muammolar tug‘dirmoqda, natijada gender raqamli tafovutni aniqlash, unga doir muammo, ehtiyoj va takliflarni ko‘rib chiqishda qiyinchilikni yuzaga keltirmoqda.

                 b) elektron ishtirokda gender statistika ko‘rsatkichlarning to‘liq ta’minlanmaganligi

    Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida ayollarning elektron ishtiroki 2022-yildagi 43,9 foizdan, 2025 yilda 46,8 foizga o‘sgan, bu raqamli gender tengsizlikni kamaytirish yo‘lidagi ijobiy qadam hisoblanadi, xalq nazorati portalida erkaklar ishtiroki ayollarga qaraganda deyarli uch barobar yuqori, shu bilan birga ayollar ulushi mos ravishda 31,9 foizdan 24,9 foizga kamaygan, bu holat esa ayollarning ushbu platforma haqida yetarlicha ma’lumotga ega emasligi va platformadan foydalanishda qiyinchiliklarga duch kelayotgani bilan bog‘liq. “Tadbirkor virtual offisi” va “Prezidentning virtual qabulxonasi” kabi muhim portallar foydalanuvchilar soni haqida ma’lumot bersada, gender taqsimoti taqdim etilmagan, ya’ni gender E-ishtirok statistikasi mavjud emas.

                 c) kiberxavfsizlik sohasida ayollar bilan bog‘liq ma’lumotlarning yetarli darajada mavjud emasligi

    O‘zbekiston milliy kiberxavfsizlik indeksi bo‘yicha 2023-yilda dunyo mamlakatlari orasida 94 o‘rinni egallagan (36,36 foiz), global kiberxavfsizlik indeksida 70 o‘rinni, axborot-kommunikatsiyalarni rivojlantirish indeksida esa 95 o‘rinni qayd etgan, 2025-yil yanvar oyiga kelib mamlakatimiz milliy kiberxavfsizlik reytingida 43 pog‘onaga, global kiberxavfsizlik indeksida esa 64 pog‘onaga ko‘tarilgan. 2022-yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, “.UZ” domenida 110,000 dan ortiq veb-sayt mavjud bo‘lib, ularning uzluksiz monitoringi davomida 236 ta kiberxavfsizlik holati aniqlangan, bu holatlarning asosiy qismini ruxsatsiz kontent yuklash (191 ta), sayt asosiy oynasini ruxsatsiz o‘zgartirish (19 ta) tashkil etgan bo‘lsa, davlat idoralari veb-saytlari (50 ta) va xususiy sektor vakillarining veb-saytlariga (186 ta) nisbatan uch barobar kamroq hujumlarga uchragan.

d) gender raqamli tafovut ko‘rsatkichlarini ifoda etuvchi platforma va milliy hisobot tizimining mavjud emasligi

     Hozirda O‘zbekistonda gender raqamli tafovut bo‘yicha ayrim ma’lumotlar mavjud emas. Masalan, “sun’iy intellekt sohasida ta’lim olayotgan xotin-qizlar”, “sun’iy intellekt sohasida ishlovchi xotin-qizlar”, “xotin-qizlarning E-ishtirokdagi roli” kabi indikatorlar statistik hisobotlarda alohida ajratilmagan. Natijada raqamli tengsizlikning haqiqiy ko‘lamini aniqlash imkoniyati yaratilmay qolmoqda, bu esa jamiyatda muammoli holatlarni aniqlash va ularga to‘g‘ri baho berish imkoniyati bo‘lmaydi, buning natijasida gender raqamli tengsizlikni kamaytirishga qaratilgan dasturlar va loyihalarning samaradorligi muntazam monitoring qilinmay qolmoqda. Shu boisdan ham, aniq gender statistik ma’lumotlar orqali qaysi hududlar, qaysi aholi qatlamlari, yosh guruhlari ortda qolayotganini bilish mumkin bo‘ladi.

e) AKT sektorida faoliyat yuritayotgan korxona va tashkilotlarda AKT sohasida ishlayotgan xodimlarning jinsi bo‘yicha tafovutning mavjudligi

    O‘zbekistonda AKT sohasida gender tengsizlik sezilarli darajada mavjud bo‘lib, 2023-yilgi rasmiy statistikaga ko‘ra, bu sohadagi korxonalar rahbarlarining 89,4 foizi erkaklar va 10,6 foizi ayollar tashkil qilgan, rahbariyatdagi bunday nomutanosiblik AKT sohasi innovatsion va keng imkoniyatlarga ega ekanligiga qaramay, gender raqamli tafovut saqlanib qolmoqda. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, ayol rahbarlarning eng yuqori ulushi Sirdaryo viloyati (16,8%), Qoraqalpog‘iston Respublikasi (13,5%) va Surxondaryo (11,7%) viloyatida qayd etilgan bo‘lsa, Andijon (5,9%), Xorazm (6,6%) va Toshkent viloyatlarida (8,3%) ko‘rsatkich bilan past natija qayd etilgan. Nodavlat sektordagi AKT sohasida ishlayotgan xodimlar orasida ham gender tafovuti mavjud bo‘lib ishchilarning 76,7 foizi erkaklar, 23,3 foizi ayollar tashkil qilgan. Hududlar kesimida ayollar ishtiroki eng yuqori darajasi Qoraqalpog‘iston (28,3%) va Toshkent shahrida (25,3%) kuzatilgan bo‘lsa, Jizzax (12,2%), Navoiy (18,7%) va Namangan (17,1%) viloyatlarida bu ko‘rsatkich past darajada qolmoqda.

III. Ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasi, xalqaro standartlar

    Singapurda “milliy sun’iy intellekt strategiyasi (NAIS 2.0)” ishlab chiqilib, strategiya doirasida sun’iy intellekt sohasida ayol mutaxassislar sonini 15 ming nafargacha oshirish maqsad qilib qo‘yilgan, har yili 300 nafar singapurlik bitiruvchi yigit-qizlar ushbu stajirovkada ishtirok etadi. Hukumat mahalliy universitetlar bilan hamkorlikda sun’iy intellekt bo‘yicha intensiv magistratura dasturini ishga tushirgan, natijada sun’iy intellekt sohasidagi ayol mutaxassislarni tayyorlash, stipendiya bilan ta’minlash va sun’iy intellektga yo‘naltirilgan rahbar lavozimlarda xalqaro amaliyot o‘tash imkoniyatlari yo‘lga quyilgan. Estoniyada ayollarni IT sohasiga jalb etish va ularning raqamli ko‘nikmalarini rivojlantirish bo‘yicha bir qator dasturlar ishlab chiqilgan, jumladan, ProgeTiiger dasturi umumta’lim muassasalarida informatika fanlariga doir bilimlarni rivojlantirishga qaratilgan, maktab o‘quvchilariga 105 ga yaqin dasturlash, robototexnika kabi ko‘nikmalarini o‘z ichiga qamrab olgan platforma yo‘lga quyilgan, eng oddiy raqamli ko‘nikmalar sodda, vizual va tushunarli tarzda ishlab chiqilgan bo‘lib, qizlar istalgan vaqtda va har qanday joyda masofadan turib foydalanishlari hamda AKT sohasiga doir bilimlarni rivojlantirish imkoniyatlariga ega, shuningdek, mamlakat miqyosida ayollarning bugungi kundagi dolzarb va mehnat bozorida talabgir bo‘lgan kasblarga (ma’lumotlar injeniringi, elektron tijorat, kiberxavfsizlik, IT qo‘llab-quvvatlash mutaxassisi) o‘qitish uchun “Women in Tech | Telia” dasturi ishga tushirilib, har yili 100 ga yaqin xotin-qizlar bepul IT yo‘nalishlariga qayta tayyorlanadi, natijada dasturni tamomlagan ayollar mehnat bozorida yuqori maoshli ishlar bilan ta’minlangan. Janubiy Koreyada 2001-yilda “Raqamli tafovutni bartaraf etish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinib, tashkilotlarga ijtimoiy guruhlar kesimida, jumladan, jins bo‘yicha raqamli tafovut ko‘rsatkichlarini muntazam yig‘ib borish majburiyati yuklangan, shu asosda Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari vazirligi  va Koreya axborot jamiyatining rivojlantirish instituti har yili “Raqamli tafovutni aniqlash” bo‘yicha so‘rovnoma o‘tkazib, gender kesimida raqamli tafovutni aniqlashga doir statistikani shakllantiradi, natijalar Bosh vazir huzuridagi Gender tenglik qo‘mitasiga yuboriladi, yakuniy natijalar “Milliy gender tenglik indeksi”ga kiritilib keng jamoatchilikka namoyish etiladi, natijada hukumat gender raqamli tafovutni aniqlashga doir ochiq siyosati tizimli va institutsional tarzda amalga oshirilish mexanizmi yo‘lga quyilgan. Finlandiya ayollarning raqamli texnologiyalar sohasida tafovutni kamaytirish maqsadida 2018-yilda “ayollar kod yozadi” (Mimmit Koodaa) milliy dastur ishlab chiqilgan, dastur doirasida qizlarni yoshlik paytidan STEM (fan, texnologiya, muhandislik va matematika) fanlariga qiziqtirish, ularga dasturlash ko‘nikmalarini o‘rgatish, kelajakda IT sohasida gender tenglikni ta’minlash vazifa qilib belgilab quyilgan va dasturlashga oid seminarlar, ustoz-shogird dasturlari, amaliy trening va tadbirlarni har yili o‘tkazish mehanizmi yo‘lga quyilgan, natijada 2018‑2024-yillar davomida 10 000 dan ortiq xotin-qizlar dasturlashni noldan o‘rgangan, qizlarning 30 foizdan ortig‘i IT sektorida ish bilan ta’minlangan, ushbu yo‘nalishida ayollar soni sezilarli darajada oshgan, minglab xotin-qizlar dasturlash ko‘nikmalarini egallagan, ko‘plab ayollar o‘z texnologik startaplarini yo‘lga quyib daromad ko‘ra boshlagan.

IV. Tizimli muammo va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha taklif va tavsiyalar

  1. Bugungi kunda O‘zbekistonda gender raqamli tafovuti bo‘yicha tizimli statistik ma’lumotlar mavjud emasligi, muammoning haqiqiy ko‘lamini baholash va maqsadli chora-tadbirlar ishlab chiqish imkoniyatini sezilarli darajada cheklamoqda. Shu nuqtai nazardan indeks indikatorlari bo‘yicha yagona yagona milliy monitoring tizimini yaratish zarurati bor. O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi, Raqamli texnologiyalar vazirligi va Gender tenglik komissiyasi bilan birgalikda keng qamrovli metodologiya yaratishi va bu bo‘shliqni to‘ldirishi lozim.
  2. O‘zbekistonda gender raqamli tafovutni aks ettiradigan ko‘rsatkichlar to‘plamini (sun’iy intellekt sohasida ta’lim olayotgan ayollar, sun’iy intellekt sohasida ishlovchi ayollar, ayollar va xotin-qizlarning E-ishtirokdagi roli, AKT sohasida malaka oshirgan xotin-qizlar, kommunikatsiya sohasida ayollarning rahbarlik ko‘rsatkichlari, raqamli to‘lovlarni amalga oshirishda gender tafovut, aktda ayollar bandligi, gender kiberbulling, ayollar rahbarligidagi ITga ixtisoslashgan ta’lim muassalar soni va gender frilansing) https://gender.stat.uz/da joriy etish lozim.
  3. Gender raqamli tafovutni aniqlash hamda uning hisobotini jamoatchilikka hamda xalqaro miqyosda hisobot shaklida taqdim etish kerak. Shu sababli har yili GRTI indikatorlari bo‘yicha milliy hisobot chop etish lozim. Muntazam hisobotlarni nashr etish nafaqat monitoring vazifasini o‘taydi, balki jamiyatda muammoning dolzarbligini saqlab turishga ham xizmat qiladi, yillik hisobotlar orqali raqamli gender tafovutini qisqartirish strategiyasining samaradorligi baholanib, zarur o‘zgartirishlar kiritiladi hamda erishilgan natijalar keng jamoatchilikka ma’lum qilinadi.
  4. “Raqamli O‘zbekiston” dasturlari, xususan ayollarni raqamli texnologiyalar bilan ta’minlash va malakasini oshirishga qaratilgan maxsus qonun yoki qonunosti hujjatlarini (AQSh: “Digital Equity Act” 2021; Yevropa Ittifoqi: “Digital Education Action Plan 2021–2027”) qabul qilish, davlat budjetida “ayollar raqamli texnologiyalari” bo‘yicha maxsus “gender raqamli tafovut”ni kamaytirish bo‘yicha qabul qilingan davlat dasturlari ijrosini nazorat qilish, davlat organlari, mahalliy hokimiyat va tijorat banklari tomonidan taqdim etilayotgan imtiyozlar va grantlar bo‘yicha hisobotlarni muntazam eshitish.
  5. Mobil qurilmalarga egalik qilish gender raqamli tafovutining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri hisoblanadi. IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazgan abonentlarning gender statistikasini yuritish zarur pirovardida, IMEI-kodlar bo‘yicha gender ma’lumotlarini yig‘ish orqali ayollarning zamonaviy qurilmalardan foydalanish darajasini aniq baholab kuzatib borish mumkin.
  6. Moddiy imkoniyatlari cheklangan ayollar uchun internet xarajatlari raqamli dunyoga kirishning eng katta to‘siqlaridan biri hisoblanadi. Shu boisdan ham, mobil operatorlar bilan hamkorlikda ayollarga mo‘ljallangan imtiyozli tarif paketlarini ishlab chiqish zaruriyati mavjud, sababi imtiyozli tariflar orqali ayollar internet resurslaridan ta’lim olish, biznes yuritish va professional o‘sish maqsadlarida kengroq foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar, natijada nafaqat gender tafovutini, balki iqtisodiy tengsizlikni ham kamaytiradi.
  7. Turli demografik xususiyatlarga (yosh, ma’lumot darajasi, hududiy joylashuvi) xotin-qizlar uchun moslashtirilgan yagona raqamli savodxonlik dasturi ayollarning raqamli ko‘nikmalarini tizimli ravishda oshiradi. Buning yechimi sifatida milliy “Ayollar raqamli savodxonligi” dasturini ishlab chiqish kun tartibidagi dolzarb masalalardan biridir. Dastur raqamli dunyoning asosiy elementlaridan tortib murakkab ko‘nikmalargacha bo‘lgan bilimlarni qamrab olishi va kundalik hayotda qo‘llaniladigan amaliy mashg‘ulotlarga asoslanishi kerak.
  8. Kiberxavfsizlik gender nuqtai nazardan O‘zbekistonda kiberxavfsizlik tizimini takomillashtirishda gender yondashuvni joriy etish, ayollarga qaratilgan onlayn zo‘ravonlikka qarshi kurashish, gender onlayn ta’qiblarni monitoring qilish va ayollarning kiberxavfsizlik ko‘nikmalarini oshirish lozim.
  9. Kiberhimoya ko‘nikmalari bugungi raqamli dunyoda eng zarur bilimlardan biridir. “Ayollar kiberhimoyasi” bo‘yicha maxsus o‘quv dasturlarini ishlab chiqish lozim. Bu dasturlar ularning raqamli xavfsizlik darajasini oshiradi, bunday holatlarga tizimli yondashuv yaratish, ularni oldini olish va bartaraf etish mexanizmlarini ishlab chiqish kerak. Shu maqsadida “Kiberxavfsizlik markazi” tizimida gender monitoring bo‘limini tashkil etish lozim.
  10. Ayollar uchun onlayn xavfsizlik bo‘yicha qo‘llanma va ko‘rsatmalar ishlab chiqish zarurat hisoblanadi. Bunday materiallar ayollarning yoshiga, ma’lumot darajasiga va raqamli savodxonligiga moslashtirilgan bo‘lishi lozim, bu esa barcha ayollar uchun ularning qabul qilish darajasiga mos ravishda bilim olish imkonini yaratadi.
  11. Gender raqamli tafovuti global muammo bo‘lib, uni hal qilish uchun xalqaro hamkorlik muhim ahamiyatga ega. Shu munosabat bilan “Gender raqamli tafovutni bartaraf etish bo‘yicha xalqaro hamkorlik strategiyasi”ni ishlab chiqish zarur. Strategiya orqali O‘zbekiston ilg‘or xalqaro tajribalarni o‘zlashtirish, ekspert va moliyaviy yordam jalb qilish, shuningdek, o‘z tajribasini boshqa mamlakatlar bilan bo‘lishish imkonini qo‘lga kiritadi.

   Mintaqaviy yondashuv raqamli gender tafovutini bartaraf etishda samarali hisoblanadi, chunki Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘xshash ijtimoiy-madaniy xususiyatlarga ega bo‘lib, Markaziy Osiyo mintaqasida “Gender raqamli tafovutni bartaraf etish bo‘yicha mintaqaviy forum”ni tashkil etish va o‘tkazish lozim hisoblanadi, forum orqali tajriba almashish, mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish va gender tafovutini qisqartirish bo‘yicha umumiy yondashuvlar ishlab chiqish mumkin, bu esa butun mintaqa uchun ijobiy natija beradi.

Muallif:

Oila va genderilmiy-tadqiqot instituti boʻlim boshligʻi, iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD), dotsentB.A. Xonturayev

O'xshash maqolalar

Maqolalar
RAQAMLI SOVODXONLIK VA GENDER
Maqolalar
GENDER TENGLIK SARI YO‘L
Maqolalar
Fransiyaning “Kasbiy (professional) tenglik” indeksi
Maqolalar
GLOBAL GENDER TAFOVUTI 2024-YILGI INDEKSIDA XORIJIY MAMLAKATLARNING YUTUQLARI VA O’ZGARISHLARI TAHLILI