Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan 2025-yilning aprel-may oylarida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2025-yil 18-martdagi SQ-102-V-sonli Qarori 2030-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini 2025-yilda amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturining 31-bandi ijrosini ta’minlash maqsadida “Global gender tafovut” indeksida O‘zbekiston o‘rnini yaxshilashda to‘siq bo‘layotgan muammolarni o‘rganish bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazildi.
Tadqiqotning asosiy natijalari
Jahon iqtisodiy forumi tomonidan 2006-yilda “Global gender tafovut” indeksi ishlab chiqilgan, Mazkur indeks mamlakatlardagi resurslar va imkoniyatlardan foydalanishdagi gender farqini o‘lchashga e’tiborini qaratadi. Indeks mamlakatlarni to‘rtta asosiy toifa sog‘liqni saqlash, ta’lim, iqtisod va siyosat subindeksi bo‘yicha erkaklar va ayollar o‘rtasidagi tafovutni o‘rganadi va mamlakatdagi gender tengligi holatini baholaydi. “Global gender tafovut” indeksining 2024-yilgi hisobotiga ko‘ra, jahon bo‘yicha gender tenglik darajasi 68,5 foizni tashkil etib, eng yuqori ko‘rsatkichlar Islandiya, Finlyandiya va Norvegiya kabi mamlakatlarda qayd etilgan. O‘zbekiston ushbu indeksga ilk bor kiritilib, 146 ta davlat orasida 0,681 ball bilan 108-o‘rinni egallagan. O‘zbekiston ta’lim (0,990 ball) va sog‘liqni saqlash (0,959 ball) sohalari yuqori baholangan, biroq iqtisodiy ishtirok (0,598 ball) va siyosiy vakillik (0,176 ball) yo‘nalishlarida ko‘rsatkichlar past bo‘lib, ayollarning mehnat bozori hamda rahbarlik qaror qabul qilish jarayonlarida ishtiroki yetarli emasligi qayd etilgan. Barcha subindekslar uchun mumkin bo‘lgan eng yuqori ball “1” (gender tenglik) va eng past ball “0” (gender tengsizlik) hisoblanadi. Bugungi kunda gender tenglik sohasida muayyan ijobiy o‘zgarishlar kuzatilayotgan bo‘lsa-da, amaliyotda iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy sohalarda gender tafovutlar saqlanib qolmoqda. Masalan, jahon parlamentidagi o‘rinlarning 26,9 foizi, iqtisodiy rahbarlik lavozimlarining 31,7 foizi ayollar hissasiga to‘g‘ri keladi.
II. Mavjud muammolar va ularning tavsifi
a) O‘zbekistonda siyosiy vakolat ko‘rsatkichi bo‘yicha ayollar ishtirokining pastligi
O‘zbekiston parlamentda hamda vazirlik lavozimidagi ayollar soni va ayol/erkak davlat rahbarlari bo‘lgan yillar (so‘nggi 50 yil ichida) kabi “Global gender tafovut” indeksi ko‘rsatkichlari bo‘yicha 0.176 ball to‘plagan, bu esa jahon umumiy ko‘rsatkichi 0.225 balldan ancha past natija qayd etgan. O‘zbekistonda siyosiy qaror qabul qilish darajasida ayollar ishtiroki parlament miqyosida sezilarli ravishda oshib bormoqda. Mustaqillikning dastlabki yillarida parlamentda ayollar ulushi 6-10 foiz atrofida bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib, 38 foizni tashkil etmoqda. Buning boisi, 1994-yilda ayol deputatlar soni 15/250 nisbatda bo‘lgan, ya’ni 250 nafar deputatdan bor yo‘g‘i 15 nafari (6%) ayollarni tashkil qilgan bo‘lsa, 1999-yilga kelib, bu ko‘rsatkich 10/150 nisbatni (6,8%), 2004-yilda 21/120 nisbatni (17,5%), 2009-yilda 22/120 nisbatni (22%), 2014-yilda 21/128 nisbatni (16,4%), 2019-yilda saylovdan so‘ng 48/150 nisbatni (32%) tashkil qilgan. Senatda bu esa (25%)ni tashkil qilgan bo‘lsa, 2024-yilga kelib, hukumat gender kvotasi 30 foiz qilib belgilanishi va yangi Saylov kodeksida 40 foiz kvota joriy etilishi natijasida 57/150 nisbatni (38%), Senatda esa 16/65 (24,6%)ni tashkil qilgan. Holbuki “O‘zbekiston Respublikasi gender tenglikka erishish strategiyasi”ning 1 va 3-maqsadli ko‘rsatkichlarida 2030-yilga qadar “Siyosiy partiyalarda xotin-qizlarning ulushi (foizda)”, hamda “Siyosiy partiyalarning rahbarlik lavozimlarida xotin-qizlarning ulushi (foizda)” 50 foizga olib chiqish maqsad etib belgilangan. Biroq vazirlik lavozimidagi ayollar soni kamligicha qolmoqda. Masalan, 1991-yilda vazir ayollar 1/20 nisbatni tashkil qilgan, ya’ni 20 nafar vazirlardan atigi 1 nafari (5%) ayol vazir bo‘lgan, 2024-yilga kelib, 2/22 nisbatga (9-10%) teng bo‘lgan. Bu esa UN Women metodikasi bo‘yicha (15,6%) halqaro ko‘rsatkichdan past hisoblanadi. Buning sababi, vazirlik lavozimlari bo‘yicha qonuniy kvotalarning yo‘qligi, tayinlov ijro hokimiyatining siyosiy irodasiga bog‘liqligi, so‘nggi besh yilda ta’lim, ijtimoiy himoya va oilaga doir yo‘nalishlarda ayollar rahbarlikka ko‘tarilayotgan bo‘lsa-da, iqtisodiyot, moliya va mudofaa singari “an’anaviy ravishda erkaklar sohalari”da o‘sish sezilmayotganligi kabi omillar bilan bog‘liqligi. Holbuki, “O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi”ning 3-maqsadli ko‘rsatkichida 2030-yilga qadar “Vazir va vazirga tenglashtirilgan lavozimlarda xotin-qizlar ulushi (sonda)” 15 nafarga olib chiqish maqsad etib belgilangan. Umuman olganda, parlament sohasida “o‘rtacha jahon darajasiga yaqinlashish” bosqichi boshlangan bo‘lsa-da, hukumat va siyosiy lavozimlarga tayinlanish bo‘yicha hali barqaror institutsional mexanizm to‘liq shakllanmagan.
b) O‘zbekiston ishchi kuchi ishtiroki darajasi, bir xil mehnat uchun teng ish haqi, o‘rtacha hisoblangan daromad, qonun chiqaruvchilar, yuqori lavozimli amaldorlar, menejerlar, professional va texnik xodimlar kabi ko‘rsatkichlar bo‘yicha past natija qayd etganligi
ILOSTAT ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda mehnat bozorida erkak va ayollarning ulushi quyidagicha. Mamlakatimizda yoshlar va kattalar 15+ ko‘rsatkichi bo‘yicha: erkaklar mehnat bozorida ulushi 8 532,2 ming nafarni, ayollar esa 4 652,3 ming nafarni tashkil qilgan. Yoshlar va kattalar: 25+ ko‘rsatkichi bo‘yicha: erkaklar mehnat bozorida ulushi 7 410,9 ming nafarni, ayollar esa 4 130,5 ming nafarni tashkil qilgan.

Shuningdek, “Global gender tafovut” indeksining 2024-yilgi hisobotiga ko‘ra, O‘zbekistonda ishchi kuchi ishtiroki darajasi ayollarda 39,4 foizni, erkaklarda 72,3 foizni tashkil qilgan. Markaziy Osiyoda ayollar ulushi 60 foizdan yuqori bo‘lgan oltita davlatdan farqli o‘laroq, O‘zbekiston 54,6 foiz paritet ko‘rsatkich bilan past natija qayd etgan. Buning sababi bolalar parvarishi infratuzilmasi yetishmasligi va norasmiy bandlik darajasi yuqoriligi bilan bog‘liq. Bundan tashqari, ayollar va erkaklar o‘rtasidagi ish haqi bo‘yicha nomutanosiblik saqlanib qolmoqda. Jahon bankining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda ayollar o‘rtacha hisobda erkaklarga nisbatan 34 foizga kam maosh olmoqda. Ushbu ko‘rsatkich global o‘rtacha darajadagi 20 foiz tafovutdan ancha yuqori bo‘lib, gender asosidagi iqtisodiy tengsizlikning kuchli ifodasini bildiradi. Jahon Iqtisodiy Forumi hisobotida qayd etilishicha, erkaklar ayollarga nisbatan kamida ikki baravar ko‘proq daromadga ega, ya’ni iqtisodiy imkoniyatlar bo‘yicha gender pariteti 0,50 foizdan past bo‘lib, ayollarning iqtisodiyotdagi real ishtiroki pastligini ko‘rsatmoqda. Xalqaro Mehnat Tashkiloti (XMT)ning prognozlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 2025-yilda gender ish haqi tafovuti 25–35 foiz atrofida saqlanib qolishi kutilmoqda, XMT bu tafovutni “tushuntirib bo‘lmas farq” deb baholab, uni faqat malaka, ish staji yoki soha farqlari bilan asoslab bo‘lmasligini ta’kidlagan. Shu bilan birga, O‘zbeksitonda rahbarlik darajasidagi tafovutlar saqlanib qolmoqda. Masalan, davlat va xususiy sektordagi yuqori rahbarlik lavozimlarida ayollar ulushi 30 foizdan kam, 2024-yil holatiga ko‘ra, parlamentdagi ayollar ulushi 34,6 foizni tashkil etgan, biroq vazirliklar va yuqori boshqaruv lavozimlarida ayollar ulushi past. 2017-yilda bu ko‘rsatkich 1,7 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2024-yilga kelib yirik tashkilotlarda rahbar ayollar ulushi 27 foizni tashkil qilgan holda, “vertikal segregatsiya — ayollar yuqori lavozimlarga chiqolmasligi” hali ham saqlanib qolmoqda.
Jahon Iqtisodiy Forumi hisobotiga ko‘ra, O‘zbekistonda rahbarlik pariteti 0,16 foizni tashkil qiladi, ya’ni har ikki erkakka bitta ayol rahbar ham to‘g‘ri kelmaydi. Davlat strategiyasida 2030-yilgacha rahbar ayollar ulushini 30 foizga yetkazish maqsadi belgilangan, hozircha bu ko‘rsatkichlar bo‘yicha tafovutlar ayrim sohalarda yaqinlashmoqda, ammo yuqori rahbarlik darajasida pastligicha qolmoqda. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda ayollar professional va texnik xodimlar safida erkaklardan biroz ustunlikka ega. Jumladan, ushbu toifadagi ayollar ulushi 51–54 foizni tashkil qiladi, bu gender paritet indeksida 1,05 foizga teng bo‘lib, bu ijobiy holat bo‘lsa-da, ayollarning umumiy bandlikdagi ulushi 44 foiz bilan pastligicha qolmoqda. Ilmiy sohalarda tadqiqotchilar orasida ayollar ulushi 41 foizni tashkil qilgan bo‘lsa-da, PhD darajasiga ega bo‘lgan ayollar ulushi umumiy ilm-fanda 30 foizni, muhandislikda esa 27 foizni tashkil etadi. O‘zbekiston mehnat bozorida ayollar, asosan, an’anaviy ravishda “ayollar sektori” hisoblangan sohalarda, jumladan, ta’lim sohasida ayollar ulushi taxminan 74 foizni, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar sohasida esa bu ko‘rsatkich 77 foizni tashkil etadi. Bu holat genderga asoslangan kasbiy yo‘nalishlarning mavjudligini ko‘rsatadi va ayollar, odatda, ijtimoiy, g‘amxo‘rlik xususiyatiga ega sohalarga ko‘proq jalb etilayotganidan dalolat beradi. Shu bilan birga, texnika va og‘ir sanoat kabi sohalarda ayollar ishtiroki ancha past darajada saqlanib qolmoqda. Jumladan, qurilish sohasida ayollar ulushi atigi 6,3 foizni, transport va logistika sohalarida 7,1 foizni, muhandislik, axborot texnologiyalari hamda tog‘-kon sohalarida esa atrofida 5 foizni tashkil etmoqda. Bu ko‘rsatkichlar mehnat bozorida gorizontal va vertikal gender segregatsiyasi mavjudligini yaqqol tasdiqlaydi.
III. Ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasi va xalqaro standartlar
Finlandiya 1995-yilda jamoat organlarida har bir jins uchun kamida 40 foiz vakillikni talab qiluvchi kvota qonunini qabul qilgan va natijada, qonun mahalliy ijroiya kengashlarida ayollar ulushini 25 foizdan 45 foizga oshirdi. Mamlakatda bir necha bor ayollar bosh vazir lavozimini egallagan, bu esa siyosiy yetakchilikda ayollar ishtirokini kuchaytirdi. Kanada 2018-yilda Genderga asoslangan budjet tahlili (GBA+)ni qonuniylashtirgan. Natijada har bir siyosat va budjet qarorining gender va boshqa ijtimoiy guruhlarga ta’sirini baholash yo‘lga quyilgan. Ushbu yondashuv ayollarni siyosiy qaror qabul qilish jarayonlariga faol jalb etish va ularning ehtiyojlarini hisobga olish imkonini berdi. Shuningdek, 2018-yilda federal hukumat “Ayollar tadbirkorligi strategiyasi”ni ishga tushirgan va ushbu strategiya doirasida ayollar tadbirkorligi uchun kredit jamg‘armasi tuzib, ayol biznes egalari 50 ming dollargacha imtiyozli kredit bergan. Inklyuziv venchur tashabbusi orqali venchur kapitali ekotizimida ayollar ishtirokini oshirish, xususan, ayollarning startaplariga investitsiyalarni rag‘batlantirish yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, ayollar tadbirkorligi bilim markazlari tashkil etilib, mamlakat bo‘ylab 10 ta mintaqaviy biznes markaz va 250 dan ortiq tashkilotlar tarmog‘i yaratilgan. Bu markazlar ayollar uchun biznes bo‘yicha “bir darcha” tamoyili ostida ilmiy tadqiqotlar, ma’lumotlar bazasi va ilg‘or tajribalarni ulashadigan platformaga aylangan. Germaniyada siyosiy partiyalar 1990-yillardan boshlab ichki kvotalarni joriy etgan va bu ayollarni nomzod sifatida ilgari surishni rag‘batlantirgan. Natijada, 2025-yilgi saylovlarda “Yashillar partiyasi” parlamentda 61,2 foiz ayollar bilan eng yuqori vakillikka erishgan, sotsial-demokratik partiyasi esa 41,7 foiz ayollar vakilligini ta’minlay olgan. Shuningdek, gender kasbiy tafovutni kamaytirish maqsadida kompaniyalarda oilaga mos ish tartibi (masalan, moslashuvchan soatlar, masofaviy ish) joriy etilishi rag‘batlantirgan. Berlinda va boshqa hududlarda ayol tadbirkorlar va startapchilar uchun akselerator va innovatsiya markazlari tashkil qilingan. Germaniyada 2017-yilda “Ish haqi shaffofligi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan, bu qonun xodimlarga o‘z ish haqi boshqa jinsdagi xodimlar bilan solishtirish imkonini bergan. Daniya xotin-qizlarning mehnat bozorida faol ishtirokini ta’minlash uchun katta miqdorda investitsiyalar kiritgan. Ushbu siyosat ayollarni ish bilan ta’minlash, ularni qayta tayyorlash va bandligini oshirishga qaratilgan. Natijada, bu yondashuv ayollarni mehnat bozoriga qayta integratsiya qilish va ularning iqtisodiy faolligini oshirishda samara bergan. Fransiyada 2011-yilda qabul qilingan qonun asosida yirik kompaniyalarning boshqaruv organlarida ayollar ulushi kamida 40 foiz bo‘lishi talab etildi. Natijada, 2019-yilga kelib, yirik kompaniyalar boshqaruv organlarida ayollar ulushi 43,6 foizga yetgan. Janubiy Koreya gender budjetlashtirish tizimini joriy qilgan. 2000-yillardan boshlab barcha vazirliklarning budjet dasturlarini gender nuqtai nazaridan tahlil qilib bordi va bu har bir xarajat dasturining ayollar va erkaklar uchun qanday ta’sir ko‘rsatishini baholab, tegishli o‘zgartirishlar kiritish imkonini berdi. Koreyada onalarga bolasi katta bo‘lgunga qadar moslashuvchan (qisqartirilgan) ish soati rejimida ishlash huquqi berilishi natijasida, yirik kompaniyalar va davlat tashkilotlariga bog‘liq 175 ta maxsus bandlik markazlari tashkil etilib, uy bekasi bo‘lib qolgan ayollarga kasbga qaytishda ko‘mak berilgan. Janubiy Koreya iqtisodiy rivojlanish strategiyasida so‘nggi yillarda “Raqamli yangi kelishuv” konsepsiyasini ishlab chiqdi. Natijada, AKT sohasida ayollar ta’limini rag‘batlantirish, stipendiyalar berish, texnologik kompaniya-larda ayollar uchun kvotalar va maxsus ishga qabul dasturlari tatbiq qilindi.
IV. Tizimli muammo va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha taklif va tavsiyalar
a) har bir vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek, siyosiy partiyalarning rahbarlik lavozimlarida xotin-qizlarning ulushini oshirish
- bugungi kunda O‘zbekistonda parlamentdagi ayollar ulushi 35 foiz chegarasidan oshmay, dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkich (Ruandada 63,7%)dan ancha orqada qolmoqda. Bu esa qonun ijodkorligida ayollar tajribasining yetarli darajada inobatga olinmasligiga olib kelmoqda. Shu nuqtai nazardan, keyingi saylovlardan boshlab Ruanda va Meksika tajribasiga o‘xshash konstitutsiyaviy “30%dan → 50%” gender kvotasini joriy etish, ko‘rsatkich bosqichma-bosqich bajarilishini MSK va Gender tenglik komissiyasi orqali nazoratga olish;
- bugungi kunda vazirlik darajasida ayollar atigi 14–15%ni tashkil etadi, Kanada va Ispaniyada esa vazirlar kabinetida gender paritetiga (40–50%) erishilgan. Shu nuqtai nazardan, Bosh vazir farmoni bilan “Paritet kabinet” tamoyilini belgilanib, har bir yangi hukumat tarkibida ayollar ulushi kamida 40 foiz bo‘lishini majburiy normaga aylantirish talab etiladi;
- bugungi kunda hukumat apparati va vazirliklarda o‘rta hamda yuqori mansabdagi (deputat, departament direktori) ayollar ulushi past. Shu nuqtai nazardan, Islandiyada korporativ kuzatuv kengashlariga 40 foiz kvota qo‘llangani kabi, 2027-yildan boshlab barcha markaziy idoralarda “40% ayollar – 40 erkaklar” nisbatini majburiylashtiruvchi normativ hujjatni (“Gender balansi to‘g‘risida” qaror) qabul qilish kerak;
- bugungi kunda ayol nomzodlar saylov kampaniyalari uchun moliyaviy resurslarga cheklangan darajada kira olishi ularning raqobatbardosh-ligini pasaytirmoqda. Shu nuqtai nazardan, Argentina tajribasiga tayangan holda, “Ayol nomzodlar kampaniyasi fondi”ni tashkil etish, saylovchilar jamg‘armasining kamida 30 foizini ayol nomzodlarga bevosita grant tarzida ajratish va xarajatlarni AKT platformasi orqali shaffof monitoring qilish zarur;
- bugungi kunda tuman va shahar darajasidagi hokim o‘rinbosarlarida ayollar ulushi 10 foizdan kam, bu esa mahalliy boshqaruvda gender muvozanatini izdan chiqaradi. Shu nuqtai nazardan, Tunisning gorizontal-vertikal paritet modeli asosida Mahalliy davlat boshqaruvi to‘g‘risidagi qonunga ro‘yxat va hudud bo‘yicha 50 foizli dual kvota (“ikki darajali paritet”) kiritish zarur;
b) iqtisodiyotning barcha sohalarida xotin-qizlar va erkaklarning bandligi, ular uchun munosib va kafolatlangan mehnat sharoitlarini yahshilash, mehnatga to‘lanadigan haqlarida tafovutlar bo‘lgan kasblarni tanlashlari borasidagi mavjud holatga chek qo‘yish
- davlat ulushi yuqori bo‘lgan yirik korxonalarda kengash (Board of Directors) va rahbar lavozimlarida ayollar ulushini oshirishga doir qonun yoki qaror (masalan, kamida 30%) qabul qilish amaliyotini yo‘lga qo‘yish (Norvegiya, Fransiya kabi davlatlarda bor), yirik korxonalar, xususan, fond birjasida ro‘yxatga olingan kompaniyalar gender ko‘rsatkichlari va maoshlardagi tafovut (gender pay gap)ni har yili e’lon qilib borishiga oid aniq talablarga rioya etilishini nazorat qilish lozim;
- davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan korxonalar yillik moliyaviy hisobot bilan birga gender va inklyuzivlik bo‘yicha hisobotni ham e’lon qilish mehanizmini yo‘lga qo‘yish, davlat tasarufidagi barcha tashkilot va kompaniyalar kesimida xotin-qizlar bo‘yicha “yetakchilik va iste’dodlar zanjiri” tarmog‘ini ishlab chiqish, ayol rahbarlar, boshqaruv kengashidagi ayollar, yuqori boshqaruvdagi ayollar, o‘rta boshqaruvdagi ayollar, rahbar bo‘lishi kutilayotgan ayollar, kompaniyaga daramod keltiruvchi ayollar va yuqori maosh oluvchi 10% ayollar passportini ishlab chiqish;
- bugungi kunda ayollarning STEM va texnik sohalar bo‘yicha malaka oshirish imkoniyatlari cheklanganligi professional-texnik lavozimlarda gender tafovutini kengaytirmoqda. Shu nuqtai nazardan, 25–45 yoshli barcha ayollarga 5 mln so‘mlik raqamli “SkillsFuture-Uz” vaucherini berish va uni kod-maktablar, onlayn kurslar hamda dual ta’lim dasturlarida to‘lov sifatida ishlatish tizimini joriy etish zarur. Mehnat vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda IT Park mazkur vaucher dasturini ishlab chiqishi va monitoringini amalga oshirishi lozim;
- bugungi kunda konchilik, transport va energetika kabi an’anaviy “erkaklar” sanoatlarida mehnat faoliyatidan tanaffus olgan ayollar uchun kar’eraga qaytish mexanizmlari deyarli mavjud emas. Shu nuqtai nazardan, ESG obligatsiyalari orqali moliyalashtiriladigan olti oylik pullik “Returnship” amaliyot dasturini tashkil etish, har yili kamida 3 000 nafar ayolni doimiy ishga joylashtirish zarur. Energetika vazirligi, Transport vazirligi va Sanoat vazirligi ushbu dastur bo‘yicha korxonalar bilan hamkorlikda modelni ishlab chiqishi va amaliyotga tatbiq etishi lozim;
- bugungi kunda ish joyi yaqinida hamyonbop bolalar bog‘chalari yetishmasligi yosh ota-onalar, ayniqsa ayollarning mehnat ishtirokiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu nuqtai nazardan, ish beruvchilarga bolalar parvarish infrastrukturasini barpo etgani uchun 20 foiz tezlashtirilgan amortizatsiya va QQS keshbeki shaklidagi soliq imtiyozlarini joriy etish zarur. Shuningdek, O‘zbekistonda otalarning parvarish ta’tilidan foydalanish darajasi nihoyatda past bo‘lib, bu ayollar uchun “onalik jarimasi”ni kuchaytirmoqda. Shu nuqtai nazardan, ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi hisobidan faqat ota foydalanishi mumkin bo‘lgan to‘rt haftalik “Daddy-Quota” majburiy ta’tilini “foydalan-yoki-yo‘qot” tamoyili bilan joriy etish zarur.
Muallif:
“Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti boʻlim boshligʻi, iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD), dotsent – B.A. Xonturayev