Inson huquqlari, xususan, gender tengligi bo‘yicha xalqaro standartlarga rioya qilish zamonaviy xalqaro hamjamiyatning diqqat markazida bo‘lgan dolzarb masalalardan biridir. Inson huquqlarini himoya qilish xalqaro universal va mintaqaviy tashkilotlar, inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi xalqaro shartnomalarda belgilangan xalqaro mexanizmlar, shuningdek, nodavlat tashkilotlar tomonidan ta’minlanadi. Gender tengligini ta’minlashga qaratilgan xalqaro tartibga solish mexanizmlari davlatlar o‘zlarining huquqiy faoliyatida intilishi kerak bo‘lgan asosiy standartlar rolini o‘ynaydi. Bular, xalqaro standartlar sifatida nomlanib, odatda, gender tengligini ta’minlash sohasidagi o‘ziga xos xalqaro huquqiy normalar tushuniladi. Mazkur normalar, xalqaro qoidalar sanalib, global hamjamiyat ularni tan olishi va bajarilishini ta’minlashni o‘z majburiyati sifatida qabul qilishi lozim. Ular, konvensiyalar, deklaratsiyalar, paktlar, global maqsadlar ko‘rinishida insonlarni huquqiy himoya qilish sohasidagi standartlarning sifatida amal qilib kelmoqda. Mazkur hujjatlar muqaddimasidayoq, ularda mustahkamlangan qoidalar barcha xalqlar va davlatlar erishishga intilishi kerak bo‘lgan standartlar sifatida qaralishi lozimligi ta’kidlanib, gender tamoyili inson huquqlarini mustahkamlovchi, inson sifatida hech kimni kamsitmaslik, erkaklar va ayollar barcha huquqlarga va erkinliklarga teng ravishda ega bo‘lishlari kerakligi ta’kidlangan.
So‘nggi o‘n yilliklar davomida davlatlar inson huquqlari sohasidagi standartlarning xalqaro huquqiy asoslarini belgilab bergan universal va mintaqaviy xususiyatga ega bir qator xalqaro shartnomalarni qabul qildilar. Bundan tashqari, davlatlar ushbu xalqaro standartlarga “erga omnes” xalqaro majburiyatlari xarakterini berib, xalqaro hamjamiyatning barcha a’zolari tomonidan ushbu huquqlar guruhiga rioya qilishlarini nazarda tutadi. Gender tengligi borasidagi xalqaro standartlar ham shular jumlasidan sanalib, xalqaro hamjamiyat tomonidan insoniyatning barqaror rivojlanishi yo‘lida erkaklar va ayollar tengligini dunyodagi barqarorlikning asosiy omillaridan biri sifatida tan olindi. Bu quyidagi qator hujjatlar misolida o‘zining mustahkam huquqiy asosini topdi.
- BMT nizomi. Inson huquqlari yo‘nalishida global tan olingan birinchi xalqaro hujjat hisoblanadi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nizomi barcha a’zo mamlakatlardan “inson huquqlari va asosiy erkinliklarini hurmat qilish va ularga rioya qilishni” rag‘batlantirishga va’da berishlarini va bunga sodiq qolishlarini talab qiladi. Nizomda qayd etilganidek, gender tengligiga rioya qilish, siyosatning barcha bo‘g‘inlarida birdek amal qilishi qat’iy talab etiladi. Xususan, BMT Ayollar maqomi bo‘yicha komissiyasi (“CSW”) gender tengligiga amal qilishga asoslangan paritetini har bir tashkilotning kamida 50 foizini bitta jins vakillari tashkil etishi bilan baholaydi. Xotin-qizlarning siyosiy vakillik masalalari, ya’ni teng vakillikdan foydalanish tamoyili ham ayni xuddi shu tushunchani o‘zida mujassam etgan.
Davlatlarning nooqilona olib borgan siyosati natijasida tengsizliklar doim hukm suradi va bu turli inqirozga olib keluvchi vaziyatlarga sabab bo‘ladi. (State-making is achieved through war-making). Mazkur modda urush va tinchlik masalalariga daxldor bo‘lib, mojarolar vaqtida teng huquqlikni ta’minlash eng muhim muammo ekanligini yana bir bor ta’kidlaydi. Ma’lumki, “omon qolish” tamoyili va kuchi nuqtayi nazaridan davlatlar doimiy tarzda urush holatida bo‘lgan. Milliy xavfsizlik ustuvor yo‘nalish sifatida siyosatning hamma jabhasiga o‘z ta’sirini ko‘rsatgan. Natijada, xotin-qizlar va bolalar ko‘p hollarda davlatlarning milliy manfaatlari ustuvorligi yo‘lida turli ko‘rinishdagi zo‘ravonlik va nohaqliklar obyektiga aylanib kelgan. Shu sababli, BMT Nizomi, tashkilotga a’zo barcha davlatlarga jins asosidagi farqlarga asoslanmagan tarzda inson huquqlarini hurmat qilishga oid “ius cogens normasi” ni “aniq huquqiy majburiyat” sifatida yuklaydi. BMT Nizomi 55-moddasida: Xalqlarning teng huquqliligi va oʻz taqdirini oʻzi belgilashi tamoyilini hurmat qilishga asoslangan xalqlar oʻrtasida tinch va doʻstona munosabatlar uchun zarur boʻlgan barqarorlik va farovonlik sharoitlarini yaratish maqsadida, Birlashgan Millatlar Tashkiloti … irqi, jinsi, tili yoki dinidan qat’iy nazar, hamma uchun inson huquqlari va asosiy erkinliklariga nisbatan umumbashariy hurmat va ularga rioya etilishini ta’minlaydi, degan so‘zlar bilan alohida mustahkamlangan. Bu hech bir xalqaro hujjatda qayd etilmagan jinsga oid jihat sanaladi.
- Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi. Mazkur hujjat 1948-yil 10 -dekabrda Parijda BMT Bosh Assambleyasining 183-yalpi majlisida qabul qilingan. Umumjahon Deklaratsiyasining Kirish qismidayoq, “insoniyatning barcha aʼzolari teng huquqligi va qadr-qimmatini tan olish dunyodagi erkinlik, adolat va tinchlikning garovidir”,-deya ta’kidlangan. Deklaratsiya inson huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro standartlarning yaratilishiga asos soldi. Deklaratsiyaning umuminsoniy qoidalari, davlatlarning inson huquqlari bo‘yicha majburiyatlarini mustahkamladi, shuningdek, insonning asosiy huquq va erkinliklarini ta’minlashning fundamental mexanizmlarini shakllantirdi. Mazkur hujjatning bosh g‘oyasi “ijtimoiy adolat”ni o‘rnatish va uni targ‘ib etishdan iborat. Hujjatning universalligi, uning yaratilish jarayonida dunyoning turli mintaqalaridan turli darajada rivojlangan mamlakat vakillari qatnashganligi bilan baholanadi. Mazkur hujjat xalqaro huquqning asosini tashkil etibgina qolmasdan, inson huquqlariga oid 80 dan ortiq xalqaro shartnoma va deklaratsiyalar, inson huquqlari bo‘yicha ko‘plab mintaqaviy konvensiyalar, milliy qonunlar va davlat konstitutsiyalarining poydevori bo‘lib xizmat qiladi. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida gender tengligi masalalari eng muhim qism sanaladi. Buni hujjatning yaratilish tarixi ham asoslaydi. Mazkur hujjat loyihasini tuzish mas’uliyati sharafli vazifa sifatida Eleonora Ruzvelt xonim boshchiligidagi Komitetga topshirilgan va bu insoniyat hayotida sodir bo‘lgan ko‘plab voqea-hodisalar ma’lum ma’noda ayollar masalasiga jiddiyroq yondashuv lozimligini va bu taraqqiyotga xizmat qilishini yana bir bor yaqqol namoyon qilgan.
Inson huquqlari Umumjahon deklaratsiyasi Inson huquqlari sohasida yaxlit qamrovni egallagan, unda huquqlar bo‘linishi yoki iyerarxiyasi mavjud emas. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi gender tengligi sohasida bugungi xalqaro standartlarning ma’lum tizimga solinishida muhim ahamiyat kasb etgan. Olimlar, bu haqda, “moddalarning har biri o‘zaro organik bog‘liq bo‘lib, har bir modda butun bir kontekstning mohiyatini alohida-alohida sharhlashini”alohida qayd etganlar. Xususan, “bajarilgan ish uchun teng haq olish huquqi” haqidagi 23-modda “kamsitishni taqiqlash” ga oid 2-modda va “xotin-qizlar va erkaklar teng huquqligi” haqidagi 3-modda bilan o‘zaro bog‘liqdir.
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi (Universal Declaration of human rights (UDHR) inson huquqlari tarixidagi muhim hujjat bo‘lib, dunyoning barcha mintaqalaridan turli xil huquqiy va madaniy kelib chiqishi bo‘lgan vakillar tomonidan ishlab chiqilgan, birinchi marta insonning asosiy huquqlari universal himoya qilinishi belgilab qo‘yilganligi bilan ahamiyatlidir.
- 1950-yildagi Inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilish to‘g‘risidagi Yevropa konvensiyasi. Mazkur hujjat regional xarakter kasb etsa-da, jinsga qarab kamsitishning taqiqlanishini mustahkamlovchi, tenglik tamoyili barcha yo‘nalishlarda birdek ta’minlanishi qat’iy belgilab qo‘yilgan. Mazkur Konvensiyaga binoan, ikkita milliy mexanizm, institut: Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa komissiyasi va Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa Sudi tashkil etildi. Mazkur institutlar Konvensiyada ilgari surilgan tenglik normalarining hayotga tatbiq etilishini ta’minlash maqsadida joriy etildi.
Shuningdek, mazkur hujjat Inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilish sohasida, gender tengligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega va nafaqat xalqaro-huquqiy xarakterga ega, balki inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning shakllanishi tarixidagi muhim hujjatdir. Mazkur Konvensiya ayollarga jamiyatda muayyan ijtimoiy rollarnigina bajarish huquqi berilgan, degan qarashlarning yot ekanligini yana bir karra rad etilishini, ayollarning huquqlari amaldagi milliy qonunchilik bilan cheklanmasligi, ayollarga nisbatan gender kamsitish har qanday sohada yo‘l qo‘yilmasligi, mehnat va qaror qabul qilish jarayonlarida ayollarning teng huquqliligi ta’minlanishi muhim shart sifatida qaralishi belgilangan.
- Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt (International Covenant on Civil and Political Rights) hamda iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt(ICESCR) — mazkur hujjatlar BMT Bosh Assambleyasi Qarori asosida vujudga kelgan. Bu ikki pakt inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi bilan birgalikda “Inson huquqlari to‘g‘risidagi Bill” ni tashkil etadi. Ushbu muhim hujjatlarda tenglik masalasi quyidagicha o‘z aksini topgan, ya’ni ishtirok etuvchi har bir davlat o‘z hududida turgan va o‘z yurisdiksiyasi ostida bo‘lgan barcha shaxslarning huquqlarini hech bir ayirmachiliksiz, jumladan, irqi, tana rangi, jinsi, tili, dini, siyosiy yoki boshqa e’tiqodidan, milliy yoki ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy ahvoli, tug‘ilishi yoki o‘zga holatidan qat’i nazar hurmat qilish va ta’minlash majburiyatini oladi.
Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi Pakt har bir insonning tenglik asosidagi fuqaroviy va siyosiy huquqlaridan foydalanish mexanizmlarini ochiq va oydin o‘zida namoyon etgan. Xususan, 2 va 25-moddalar saylash va saylanish huquqining kafolatlariga bag‘ishlanib, davlatlarga bu borada alohida tavsiya va majburiyatlarni yuklaydi. Mazkur jihatlar xotin-qizlarning siyosiy vakilligi, ularning qaror qabul qilish jarayonlaridagi ishtirokini oshirishga oid masalalarda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, mamlakatlar davlat hayotiga daxldor har qanday masalalarda tenglik va adolat tamoyiliga amal qilishlari lozim. Xususan, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 25-moddasida xotin-qizlarning jamiyat hayotida teng ishtirok etish huquqi haqida so‘z borar ekan, unga ko‘ra, davlat tomonidan nazorat qilinadigan xalqaro va milliy darajadagi tayinlov jarayonlarida gender tengligiga amal qilish tartibi davlatga alohida majburiyatlarni yuklaydi.
Bugun ko‘plab mamlakatlarda mazkur hujjat tenglikka asoslangan siyosiy qaror qabul qilishda faol ishtirokni ta’minlashga xizmat qilmoqda. Saylash va saylanishga oid muhim jihatlar davlatlar milliy qonunchiligida o‘z aksini topishda mazkur Pakt qoidalari xalqaro norma sifatida tan olingan.
- Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi Xalqaro pakt (“ICESCR”) va unga qo‘shimcha Fakultativ Protokolda mehnat qilishga oid huquqlar, jumladan, erkin ish tanlash huquqi, to‘liq bandlik huquqi, adolatli ish haqi, maqbul turmush sharoiti huquqi, xavfsiz va sog‘lom mehnat sharoitlarida ishlash huquqi, dam olish va hordiq chiqarish huquqi, kasaba uyushmalarini tuzish va ularga a’zolik huquqi, ish tashlash huquqi va ijtimoiy ta’minot huquqqa oid muhim tamoyillarni o‘z ichiga oladi. Aslida, mazkur tenglik asosida ta’minlanishi nazarda tutilayotgan huquqlar, xalqaro tadqiqotlar maktabi professori, Jek Donnelli ta’biri bilan aytganda, xalqaro huquq tomonidan tan olingan “inson huquqlari, insonning shunchaki inson bo‘lganligi sababli ega bo‘lgan huquqlari sanaladi. Biroq, buni tan olish, unga amal qilish hali hanuz muammoligicha qolayotganligi sababli, mazkur jihatlar barcha uchun umumiy qoidalar, standartlar va normalarga aylandi. Shu singari, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi Xalqaro pakt ham, inson huquqlari, xususan, gender tengligini ta’minlash sohasida universal xarakterga ega hujjat sifatida baholanadi. Mazkur Paktda gender tengligiga oid jihatlar insonning tabiiy huquqlari sirasiga kirishi ta’kidlanib, barcha huquqlar ajralmas ekanligi, odamlarning o‘zi yoki boshqalarning ixtiyoriy yoki ixtiyoriy bo‘lmagan ravishda inson huquqlaridan voz kechishi mumkin emasligini anglatadi. Har bir inson har doim inson huquqlarining egasidir, chunki “odam qanchalik yomon yo‘l tutmasin yoki unga qanchalik vahshiy munosabatda bo‘linganidan qat’i nazar, odam odam bo‘lishni to‘xtata olmaydi”. Shu jihatdan bu kabi hujjatlar, xalqaro doirada qat’iy tarzda insonlarga ularning oliy mavjudot sifatida barcha huquqlardan teng asosda foydalanishlari lozimligini targ‘ib etadi.
- “Ayollarga nisbatan kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risida” gi (CEDAW) konvensiyasi. Mazkur hujjat hozirda dunyoning 185 ta mamlakati tomonidan ratifikatsiya qilingan bo‘lib, uning ahamiyatlilik darajasi qanchalik yuqori ekanligini ko‘rsatib turibdi. Ushbu konvensiyada xotin-qizlarga oid eng muhim jihatlar, jumladan, xotin-qizlarning o‘ziga xos tenglik masalalari, fuqarolikni olish va o‘z fuqaroligini farzandlariga o‘tkazish huquqi, mehnat faoliyatida teng imkoniyatlar, o‘z turmush o‘rtog‘ini erkin tanlash huquqi, tegishli tibbiy xizmatdan foydalanish huquqi va farzand ko‘rishni erkin tanlash kabi to‘siqlarga ko‘p uchrayotgan tabiiy huquqlari kafolatlangan. CEDAW konvensiyasi qabul qilingandan beri, xotin-qizlarning siyosiy vakillik, huquqiy mustaqillik, hamda fuqarolik huquqlari masalalarida ko‘plab imtiyoz va imkoniyatlar yaratildi. Ushbu konvensiya ayollarning mavqeyini oshirishning huquqiy asosi bo‘lib xizmat qildi. Mazkur hujjat ishtirokchi davlatlarga o‘zlarining milliy konstitutsiyalari va boshqa huquqiy hujjatlariga erkaklar va ayollar o‘rtasidagi tenglik tamoyilini kiritish majburiyatini yukladi. Bu o‘z o‘rnida konvensiyani ratifikatsiya qilgan mamlakatlarga mazkur majburiyatlarni amalga oshirish bilan bog‘liq amaliy harakatlar chora-tadbirlarini tezlashtirdi. Natijada, so‘nggi 50 yil davomida erkaklar va ayollar huquqlaridagi tafovut ikki barobarga kamaydi. Agar 1970-yillarda ayollar erkaklar huquqlarining yarmiga ham egalik qilolmagan bo‘lsalar, hozirda ayollar erkaklar foydalana oladigan huquqlarga nisbatan nisbatan o‘rtacha to‘rtdan uchiga egalik qila boshladilar.
Mazkur Konvensiya mamlakatlarda gender tengligini ta’minlashga oid alohida dasturlar va strategiyalar ishlab chiqish uchun asos vazifasini o‘taydi. Global ahamiyatga molik mazkur hujjat mamlakatlarning barcha sohalardagi taraqqiyotida muhim ahamiyatga ega adolat tamoyilining amal qilishini huquqiy nazorat qiladi. BMTda alohida Konvensiyaning amaliy tasdig‘iga asoslangan holda faoliyat yurituvchi Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish qo‘mitasi (CEDAW) ish yuritadi. Mazkur Qo‘mita xalqaro darajada gender tengligi tamoyillariga amal qilinishi yuzasidan BMTning asosiy funksional shartnomaviy organi hisoblanadi. Mazkur Qo‘mita BMTga a’zo davlatlarda gender tengligi tamoyilining amal qilish mexanizmlari ustidan monitoringni amalga oshirishga ko‘maklashadi.
- BMTning 13/25 rezolyutsiyasi qurolli mojaro va boshqa vaziyatlarda ayollar va qizlarni genderga asoslangan zo‘ravonlik, zo‘rlash va jinsiy zo‘ravonlikning boshqa barcha shakllaridan himoya qilish uchun maxsus choralar ko‘rishga chaqiradi. Unga ko‘ra, quyidagilar muhim sanaladi:
- qaror qabul qilish va tinchlikparvarlik jarayonlarida ayollarning ishtirokini oshirish;
- tinchlikparvarlik harakatlari jarayonida genderga oid bilimlarni shakllantirish va gender nuqtayi nazarini hisobga olish ayollarni himoya qilishni rag‘batlantirish;
- Birlashgan Millatlar Tashkilotining hisobot tizimlari va dasturiy amalga oshirish mexanizmlarida gender yo‘nalishini
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi tomonidan 1325-sonli rezolyutsiyaning qabul qilinishi Ayollar, Tinchlik va Xavfsizlik (Women, Peace, Security) masalalarining Birlashgan Millatlar Tashkiloti faoliyatining kun tartibiga aylanishiga muhim zamin hozirladi. Mazkur rezolyutsiya barcha a’zo davlatlar, shuningdek, jahon hamjamiyatini nizolarning oldini olish va hal qilishda, tinchlikni o‘rnatishga qaratilgan tinchlikparvarlik muzokaralarini olib borishda, tinchlikni saqlash, insonparvarlik yordamini ta’minlashda ayollarning muhim rolini yana bir bor tasdiqlagan holda mazkur jarayonlarda va mojarodan keyingi qayta qurishda xotin-qizlarning teng ishtirok etishi va tinchlik va xavfsizlikni saqlash va mustahkamlash bo‘yicha barcha sa’y-harakatlarda to‘liq ishtirok etish muhimligini ta’kidlaydi. 13/25-sonli rezolyutsiya barcha ishtirokchilarni Birlashgan Millatlar Tashkilotining tinchlik va xavfsizlik sohasidagi sa’y-harakatlarida ayollar ishtirokini oshirishga va gender istiqbollarini joriy etishga chaqiradi. Shuningdek, u nizolashayotgan barcha tomonlarni qurolli mojaro holatlarida ayollar va qizlarni genderga asoslangan zo‘ravonlik, xususan zo‘rlash va jinsiy zo‘ravonlikning boshqa shakllaridan himoya qilish uchun maxsus choralar ko‘rishga chorlaydi. Rezolyutsiya aʼzo davlatlar va Birlashgan Millatlar Tashkiloti tizimi subyektlari uchun taʼsir koʻrsatadigan bir qator muhim operatsion mandatlarni taqdim etadi. Mazkur hujjat bugun ko‘plab mojaroli hududlarda kuzatilayotgan genderga asoslangan tengsizliklarning oldini olishga qaratilgan. Davlatlar o‘z manfaatlari yo‘lida inson huquqlarini poymol etmasliklari ta’kidlangan mazkur hujjat, qaror qabul qilish jarayonida teng ishtirok, urush va zo‘ravonlikdan holi tenglik, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, mojaroli hududlarda ularning shaxsiy daxlsizligini ta’minlash masalalarini ko‘rib chiqadi.
- Pekin deklaratsiyasi va harakatlar platformasi. Ayollar imkoniyatlarini global miqyosda kengaytirish bo‘yicha keng qamrovli strategik dastur hisoblanadi. Butun dunyoda gender tengligi va xotin-qizlar huquqlarini ta’minlash va samarali ishlarni amalga oshirishda konseptual asos bo‘lib xizmat qiladi. Bugun BMT shafeligida amalga oshirilayotgan global miqyosdagi dasturlar va loyihalar amaliyotida Pekin harakatlar platformasi muhim manba bo‘lib xizmat qilmoqda. Xususan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Barqaror rivojlanish maqsadlarini ilgari surishda Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasida ilgari surilgan 12 ta muhim muammoli soha, qashshoqlik; ta’lim va tarbiya; salomatlik; zo‘ravonlik; qurolli to‘qnashuvlar; iqtisodiyot; hokimiyat va qaror qabul qilish; institutsional tartibga solish; inson huquqlari; ommaviy axborot vositalari, axborot; atrof-muhit va qizlarga oid muammolarni mantiqan davom ettirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Gender tengligiga global qamrovda barcha yo‘nalishlar kesimida targ‘ib etish, xotin-qizlarga daxldor har qanday jabha butun jamiyat hayotiga ta’sir etishi deklaratsiyada xotin-qizlar huquqlari inson huquqlarining ajralmas qismi ekanligi bilan baholanadi.
Shuningdek, Pekin Deklaratsiyasi, hukumatlar va boshqa manfaatdor tomonlar zimmasiga milliy, mintaqaviy va xalqaro darajada xotin-qizlarning huquq va erkinliklaridan to‘liq foydalanilishlari, fikr erkinligi, vijdon, din va e’tiqod erkinligi, ruhiy va intellektual ehtiyojlarini qondirishlari, iqtisodiy mustaqillik, bandlik, ijtimoiy ta’minot va barcha turdagi resurslardan unumli foydalanishlari, jamiyatda o‘z mavqelarini tiklashda salohiyatlarini to‘liq ro‘yobga chiqara olish, ayollarga nisbatan zo‘ravonlik va kamsitilishlarning har qanday ko‘rinishiga barham berish, ayollarning siyosiy vakillik, muhim qarorlarni qabul qilish jarayonlaridagi ishtirokini ta’minlash, mazkur yo‘ldagi turli tizimli va huquqiy baryerlarini bartaraf etish yo‘lida samarali barcha tadbirlarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi kompleks rejalar ishlab chiqish va ularni amalga oshirish kabi majburiyatlarni yuklaydi.
Xotin-qizlarning hayotida muhim ahamiyatga ega siyosiy jarayonlarda, ularning taqdiriga daxldor masalalarda, xususan, qaror qabul qilish jarayonlarida ishtirok etish, tinch va farovon yashash sharoitlarini tanlay olish, jamiyat hayotida shaxs sifatida yaratilgan imkoniyatlardan birdek foydalana olish kabi muhim siyosiy huquqlari bir qator muhim xalqaro hujjatlarda mustahkamlab qo‘yilgan bo‘lib, ularning aksar qismi, Pekin platformasi, Mingyillik Rivojlanish maqsadlari, Barqaror rivojlanish maqsadlari, BMT Bosh Assambleyasining 66/120 rezolyutsiyasi, Xavfsizlik Kengashining ayollar, tinchlik va xavfsizlik bo‘yicha qabul qilingan rezolyutsiyalari (13/25) bilan mustahkamlangan. Bunda davlat o‘z yurisdiksiyasida yashovchi fuqarolar uchun javobgar sanaladi. Xotin-qizlarga nisbatan barcha ko‘rinishdagi kamsitilishlar, ya’ni, diskriminatsion holatlar bir qator xalqaro qonunchilikka oid hujjatlarda taqiqlanadi. Ularga ko‘ra, diskriminatsiya bu-inson qadr-qimmatiga putur yetkazishning eng oliy ko‘rinishidir.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nizomi (“BMT Nizomi”), Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt (“ICCPR”) va Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt (“ICESCR”) kabi xalqaro hujjatlarning barchasida inson va shaxs sifatida inson huquqlaridan to‘liq foydalanish huquqi kafolatlangan bo‘lib, jinsiy mansublik va boshqa alohida imtiyoz va ustuvorliklar kamsitishlarga asos bo‘lmasligi alohida ta’kidlanadi.
- Ming yillik Rivojlanish Maqsadlari va Barqaror Rivojlanish Maqsadlari. Bosh Assambleyaning 1986-yil 4-dekabrdagi 41/128-sonli rezolyutsiyasi bilan qabul qilingan Rivojlanish huquqi toʻgʻrisidagi deklaratsiya birinchi marta inson taraqqiyoti muammosiga qarashlarni har tomonlama qayta koʻrib chiqish, rivojlanish darajasini baholashning yangi usullarini ishlab chiqish zarurligini asoslab berdi. Xalqaro hamjamiyat hayotida yangi konsepsiya – insoniyatning barqaror rivojlanishi konsepsiyasi vujudga keldi. Inson taraqqiyoti konsepsiyasining asosiy g‘oyalaridan biri, inson taraqqiyoti tenglik va adolat tamoyillarini hisobga olgan holda amalga oshirilishi kerakligi bilan baholandi. BMT Mingyillik Rivojlanish Maqsadlari va Barqaror Rivojlanish Maqsadlari bu boradagi muhim strategik maqsadlar sifatida qabul qilindi.
2000-yil iyun oyida Bosh Assambleya tomonidan “Ayollar 2000-yilda: erkaklar va ayollar tengligi, XXI asrda taraqqiyot va tinchlik” rezolyutsiyasining qabul qilinishi muhim ahamiyat kasb etadi. 2000-yil sentyabrida Mingyillik sammiti doirasida Ming yillik deklaratsiyasi qabul qilingandan so‘ng, gender tenglikka erishish Ming yillik rivojlanish maqsadlari qatoriga (MRM) kiritildi. Barcha maqsadlar uzviy holda bir-biriga daxldor bo‘lsa-da, 3-maqsad (“Gender tengligini qo‘llab-quvvatlash va ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish”) va 5-maqsad (“Onalar o‘limini to‘rtdan uchga kamaytirish”) bevosita xotin-qizlarga oid siyosatning global tarzda namoyon bo‘lishini ta’minlashga qaratilgan strategiya edi.
Barqaror rivojlanish maqsadlari 2015-yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan 17 ta o‘zaro bog‘liq maqsaddan iborat MRMning mantiqiy davomidir. BMTning 2030-yilgacha global kun tartibi doirasida qabul qilingan Barqaror rivojlanish maqsadlari keng qamrovli barqaror rivojlanishning eng muhim tarkibiy qismlari: iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik muvozanatni saqlashga qaratilgan. Shuningdek, 17 Barqaror Rivojlanish Maqsadlarining (BRM) har biri uchun 2030-yilgacha erishilishi kerak bo‘lgan miqdoriy va sifat ko‘rsatkichlarini ko‘rsatuvchi maqsadlar shakllantirildi. Ushbu maqsadlar bir qator keng ko‘lamli jami 169 maqsad va 232 ko‘rsatkichni o‘z ichiga oladi, ular monitoring va nazorat qilish uchun mezon sifatida ishlatiladi. BRM inson rivojlanishining o‘lchovlari sifatida inson taraqqiyoti konsepsiyasi bilan uzviy bog‘liqdir. Mazkur konsepsiya hech kimni ortda qoldirmaslik, insonning imkoniyatlari va erkinligini kengaytirish asosiga qurilgan universal xarakterga ega. Shu bilan birga, gender sohasidagi tengsizlik eng ko‘p uchraydigan yo‘nalish mehnat, mehnatga haq to‘lash sanaladi. Bu yo‘nalishda xalqaro standartlar yuqorida keltirilgan xalqaro normalar bilan bir qatorda Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan qabul qilingan Konvensiyalarda keltirilgan qoidalar bilan tartibga solinadi. Ayollarning mehnat bozoridagi mavqeyini erkaklarnikiga qaraganda ko‘proq darajada yomonlashtiradigan bir qator omillar mavjud bo‘lib, ular xotin-qizlar yashayotgan jamiyat muhiti, qadriyatlari, ijtimoiy tuzumiga bog‘liq. Shuningdek, ayollarga nisbatan mehnat qonunchiligining tez-tez buzilishi; xotin-qizlar va onalarni ijtimoiy himoya qilishning amaldagi tizimi, ish beruvchini ma’lum bir ijtimoiy yukni o‘z zimmasiga olishga va erkak xodimning xarajatlariga nisbatan qo‘shimcha xarajatlarni qoplashga majburlashi; ish vaqtining noratsional taqsimlanishi va h.k.
O‘tgan o‘n yilliklar davomida dunyo hamjamiyati Birlashgan Millatlar Tashkiloti doirasida jamoalar, manfaatlar, resurslar, harakatlar va strategiyalarning birlashishi natijasida gender tengligi va teng imkoniyatlarni rag‘batlantirish uchun juda ko‘p huquqiy hujjatlar va dasturlarning yaratilishiga asos bo‘ldi.
Xalqaro Mehnat Tashkiloti tomonidan bevosita gender tengligini ta’minlashga qaratilgan to‘rtta asosiy konvensiyasi, Bajarilgan Mehnat uchun bir xil maosh to‘lovi haqida Konvensiya (№ 100), Diskriminatsiya haqida Konvensiya (№ 111), Ishchilar va oilaviy majburiyatlar haqidagi Konvensiya (№ 156), Onalikni himoya qilish haqidagi Konvensiya (№ 183), mazkur yo‘nalishda muhim ahamiyatga ega. Mazkur Konvensiyalar ishchilarning mehnat huquqi, ishchilar va ish beruvchilarning iqtisodiy va ijtimoiy manfaatlarini himoya qilish, bandlik va mehnatni muhofaza qilish, mehnat to‘g‘risidagi qonunlar talablariga rioya etish, fuqarolarning, shu jumladan, voyaga yetmaganlarning mehnat huquqlariga rioya qilish bilan bog‘liq muammolarni hal etish, majburiy mehnat va bolalar mehnatidan foydalanish, onalikni muhofaza qilish masalalarida tenglik tamoyiliga amal qilinishini ta’kidlaydi.