Rivojlanayotgan mamlakatlarda raqamli transformatsiyaga o‘tish jarayonlari jamiyatda ayollarga sezilarli ta’sir ko‘rsatib, ijtimoiy-iqtisodiy nomutanosiblikni ham keltirib chiqarmoqda. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo miqyosida o‘rtacha 62% erkaklar, 57% esa ayollar internetdan foydalanish imkoniyatiga egadirlar.[1] Ayollar va qizlarning jamiyatda raqamli ishtirokini oshirish 2025-yilga borib global yalpi ichki mahsulotning taxminan 524 milliard AQSh dollariga o‘sishiga hissa qo‘shishi mumkin.[2]
Mavjud holat gender raqamli tafovutni yuzaga chiqarishiga sabab bo‘lmoqda. Gender raqamli tafovut odatda, darhol bilinmasligi mumkin, ammo u keyinchalik yaqqol ko‘zga tashlanadi. Ayollarga mo‘ljallangan raqamli ma’lumotlar va xizmatlar mahalliy tillarda bo‘lmasligi ularning bunday kontentlar, platformalarga kirish ularning imkoniyatini cheklaydi. Bundan tashqari, raqamli ilovalar va xizmatlar ko‘pincha ayollar va qizlarning o‘ziga xos talablariga javob bera olmaydi. COVID-19 pandemiyasi sharoitida gender raqamlari bilan bog‘liq muammolar yaqqol ko‘zga tashlandi. Masalan, dunyoning ayrim qismlarida maktablar yopilgan paytda o‘qishni onlayn davom ettira olmagan qizlar maktab qayta ochilgandan keyin ularning o‘zlashtirish darajasi past darajada bo‘lganligi qayd etildi.[3]
BMT prognozlariga ko‘ra, 2050-yilga kelib ish o‘rinlarining 75 foizi STEM sohalari bilan bog‘liq bo‘ladi. Raqamli jamiyatda ayollarning STEAM sohasidagi ishtirokini oshirish muhim ahamiyatga egadir. Global miqyosda ayollarning 37 foizi internetdan foydalanmaydi. erkaklarga qaraganda 259 million kamroq ayollar Internetga kirish imkoniga ega. Sun’iy intellekt sohasidagi ayollaring ulushi 22% ni tashkil etadi.[4] O‘zbekistonda STEM sohasidagi ta’lim yo‘nalishlari va kasblarda juda kam sonli xotin-qizlar mavjud. 2017-yilgi ko‘rsatkichlarga ko‘ra, mamlakatda kasb-hunar bilim yurtlarida va universitetlarda axborot texnologiyalari, arxitektura va qurilish sohasida o‘qiyotgan talabalarning mos ravishda 43% va 17% qismini xotin-qizlar tashkil etadi.
STEM dasturlari bo‘yicha universitet bitiruvchilarining 21 foizigina xotin-qizlar. Ish haqi kam bo‘lgan ijtimoiy sohalarda ayollar keng tarzda faoliyat yuritayotgan bo‘lsalar, erkaklar ko‘proq maoshli texnik sohalarda ishlaydilar. Statisktika agentligining ma’lumotlariga ko‘ra, STEM fan, texnika, muhandislik va matematik dasturlarni bitiruvchi oliy ma’lumotli ayollarning ulushi yillar kesimida quyidagicha[5]:
1-jadval
Fan, texnika, muhandislik va matematik dasturlarni bitiruvchi oliy ma’lumotli ayollarning ulushi[6]
| Klassifikator | 2017 | 2018 | 2019 | 2020 | 2021 | 2022 |
| O‘zbekiston Respublikasi | 32,6 | 32,1 | 32,1 | 33,4 | 40,2 | 27,3 |
O‘zbekiston Respublikasida STEM borasida umumta’lim tizimida ixtisoslashtirilgan va ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan umumtaʼlim muassasalari mavjud. Unda STEM tarkibiga kiruvchi ayrim fanlar chuqurlashtirib o‘tiladi. Statistika agentligining hisobotiga ko‘ra, 2020/2021-yillar oralig‘ida ularning soni 401 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2021/2022-yillarda 519 taga ortgan. Qabul qilingan o‘quvchilarning soni 2020/2021-yillarda 16 927 ta, 2021/2022—yillarda 44 829 tani tashkil etgan, ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan umumta’lim muassasalaridagi o‘quvchilar soni 197,5 ni tashkil etgan bo‘lsa, 2022/2023—yilga kelib 527,0 ga ortgan. Shundan 2017/2018—yillarda o‘quvchilar (ayollar) 74,1 nafarni, 2022/2023-yillarda esa 243,2 nafarni tashkil etgan[7].
2-jadval
Ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan umumta’lim muassasalaridagi o‘quvchilar[8]
| Ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan umumta’lim muassasalaridagi o‘quvchilar soni o‘quv yili boshiga, ming kishi |
||||||
| Ko‘rsatkichlar | 2017/2018 | 2018/2019 | 2019/2020 | 2020/2021 | 2021/2022 | 2022/2023 |
| Umumiy | 197,5 | 232,8 | 225,1 | 203,1 | 398,7 | 527,0 |
| Ayollar | 74,1 | 91,8 | 88,9 | 78,9 | 179,0 | 243,2 |
| Erkaklar | 123,4 | 141,0 | 136,2 | 124,2 | 219,7 | 283,8 |
Jadvaldan ko‘rinib turibdiki, STEM sohasida maktab o‘quvchilarning (qizlar) ulushi yildan-yilga progressda ekanligini yaqqol namoyon bo‘lmoqda. 2021-2023-o‘quv yilida tashkil etilgan ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlari aniq va tabiiy fanlarga ixtisoslasshtirilgan.[9] Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan 66 647 nafar o‘quvchilardan 29 329 (44%) nafarini qizlar tashkil etadi.[10] Statistika agentligining ma’lumotlariga ko‘ra, professional ta’lim tizimida
3-jadval
Kompyuter ko‘nikma va AKT bo‘yicha ta’lim olayotgan o‘quvchilarning ulushi[11]
| Kompyuter ko‘nikma va AKT bo‘yicha ta’lim olayotgan o‘quvchilarning ulishi o‘quv yili boshiga, % |
|||||
| Ko‘rsatkichlar | 2018/2019 | 2019/2020 | 2020/2021 | 2021/2022 | 2022/2023 |
| Akademik litsey | 100,0 | 100,0 | 100,0 | 100,0 | 100,0 |
| ayollar | 40,4 | 29,1 | 37,4 | 39,4 | 40,8 |
| erkaklar | 59,6 | 70,9 | 62,6 | 60,6 | 59,2 |
| Kasb—hunar maktabi | — | — | 100,0 | 100,0 | 100,0 |
| ayollar | — | — | 26,5 | 28,2 | 28,3 |
| erkaklar | — | — | 73,5 | 71,8 | 71,7 |
| Kollejlar | 100,0 | 100,0 | 100,0 | 100,0 | 100,0 |
| ayollar | 51,8 | 49,7 | 82,5 | 83,9 | 85,3 |
| erkaklar | 48,3 | 50,3 | 17,9 | 16,1 | 14,7 |
| Texnikumlar | — | — | 100,0 | 100,0 | 100,0 |
| ayollar | — | — | 57,7 | 60,8 | 76,4 |
| erkaklar | — | — | 42,6 | 39,2 | 23,6 |
4-jadval
Ilmiy tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlanmalarini bajargan tadqiqotchi-mutaxassislar ulushi[12]
| Ilmiy tadqiqot va tajriba—konstruktorlik ishlanmalarini bajargan tadqiqotchi—mutaxassislarning jinsi va fan sohalari bo‘yicha soni yil oxiriga, kishi | ||||||||
| Ko‘rsatkichlar | 2015 | 2016 | 2017 | 2018 | 2019 | 2020 | 2021 | 2022 |
| Ayollar | 13021 | 12898 | 12944 | 12984 | 10184 | 9874 | 12519 | 13651 |
| Tabiiy fanlar | 2554 | 2856 | 2506 | 3157 | 2206 | 2574 | 3059 | 3292 |
| Matematika, mexanika | 439 | 456 | 390 | 565 | 387 | 528 | 597 | 503 |
| Fizika, astronomiya | 300 | 265 | 247 | 447 | 230 | 253 | 328 | 306 |
| Texnika fanlari | 1884 | 1519 | 1848 | 1643 | 1141 | 1151 | 1393 | 1350 |
| Erkaklar | 18668 | 19068 | 18916 | 18851 | 16205 | 15437 | 17736 | 18890 |
| Tabiiy fanlar | 4980 | 5535 | 5294 | 5802 | 5072 | 5398 | 6259 | 6207 |
| Matematika, mexanika | 1339 | 1410 | 1226 | 1371 | 1085 | 1406 | 1235 | 1315 |
| Fizika, astronomiya | 1063 | 868 | 989 | 1108 | 931 | 835 | 1025 | 922 |
| Kimyo, dorishunoslik kimyosi | 964 | 1175 | 1213 | 1252 | 1110 | 1160 | 1672 | 1634 |
| Texnika fanlari | 4094 | 3589 | 3888 | 3618 | 3068 | 3012 | 3459 | 3323 |
Xalqaro miqyosda xotin-qizlarni raqamli savodxonligini oshirish bo‘yicha mashhur STEM dasturlari:
Milliy qizlar hamkorlik loyihasi (The National Girls Collaborative Project (NGCP) bu – qizlarning STEM sohalariga jalb etilishini rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan dasturdir. Dastur 2002-yilda AQShda faoliyatini yo‘lga qo‘ygan. 2004-yilda “Milliy fan jamg‘armasi” (National Sciyence Foundation) tomonidan moliyalashtirilib, faoliyatini boshqa shtatlarda ham kengaytirdi. Milliy Qizlar hamkorlik loyihasining asosiy maqsadi STEM sohasida gender tengligini oshirish va bu sohalarda qizlarning ishtirokini oshirishdan iborat. Milliy Qizlar hamkorlik dasturi tomonidan amalga oshirilgan tashabbuslar quyidagilar:
“Mahalliy hamkorlik” (Local collaboratives) — Milliy Qizlar hamkorlik loyihasi 41 shtatda faoliyat yurituvchi 33 ta hamkorlik tashkilotini birlashtirgan tashabbusdir. Hamkorlar STEM (fan, texnologiya, muhandislik va matematika) sohalarida gender tengligini targ‘ib qilishga qaratilgan dasturlarni amalga oshirishda shu sohada faoliyat olib boruvchi markazlardir. Mazkur tashabbus boshqa ta’lim muassasalari va davlat organlarida farqli o‘laroq, STEM sohasiga doir tadbirlar tashkil etadi, mintaqaviy axborot byulletenlarini tarqatadi, mini-grantlar beradi. Mazkur tashabbusning tarkibida kuchli mutaxassis va amaliyotchilar mavjud.
Brite 2020-yilda o‘z faoliyatini boshlagan bo‘lib, dastur ayollar bilan hamkorlikda o‘rganishga qaratilgan yuqori sifatli, onlayn tadbirlar to‘plamini taqdim etuvchi kurs bo‘lib hisoblanadi. Brite 13-16 yoshdagi qizlar uchun mo‘ljallangan onlayn dasturni o‘z ichiga oladi. Brite 2 yo‘nalishda faoliyat olib boradi: San’at va fan va Buyuk orzu qil va tavakkalchi bo‘l. San’at va fanning (Art and Science) kesishishini san’at orqali fanni tushunishga ko‘mak beradi. Buyuk orzu qil, tavakkalchi bo‘l (Dream Big, Risks) qizlarni STEM sohasini o‘rganishda ularning qobiliyatlarini namoyon etish, ichki potensialni ro‘yobga chiqarish orqali malakali mutaxassis etib shakllantirish maqsad qilingan. Milliy Qizlar hamkorlik loyihasi dasturi doirasida bugunga kelib 2600 ta tadbirlar, resurslar va mini-grantlar orqali taqdim etilgan dasturlar soni 32 ta, mutaxassis-amaliyotchilar tomonidan 88 ta vebinarlar o‘tkazildi.[13]
Kollejga tayyorgarlik dasturi (College readiness programm) – o‘qituvchilar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, STEM ta’limni olib borish va tashkil etishdagi zarur bilim hamda ko‘nikmalarni o‘rgatadi. Asoslarni yaratish dasturi (Laying the foundation) — o‘qituvchilarning turli xil o‘quvchilar sinfini ishonchli boshqarish uchun pedagogik va ko‘nikmalarini o‘rgatadigan STEM dasturi. Dastur 3-12 sinfda dars beradigan o‘qituvchilari uchun mo‘ljallangan, o‘qituvchilar o‘z o‘quvchilari uchun ilg‘or fikrlash va o‘rganish darajasini rivojlantirishni o‘rganadilar. Bugunga kelib, Milliy matematika va fan tashabbuslari dasturi doirasida 68.000 dan ziyod o‘qituvchilar malakasini oshirdi va 2.7 million o‘quvchilarni qamrab oldi. Fan ayollari uyushmasi (AWIS) dasturi — 1971-yilda tashkil etilgan bo‘lib, fan, texnologiya, muhandislik va matematika (STEM) sohalarida ayollar nomidan biznes o‘sishi, ijtimoiy o‘zgarishlar va innovatsiyalarga erishish uchun ularning huquq va manfaatlarini himoya qiluvchi yetakchi tashkilotdir. Tashkilot STEM sohasida ta’lim dasturlarini o‘rgatish, ayollar bandligini ta’minlash va gender tazyiqlarga qarshi kurashish bilan shug‘ullanadi. Hozirgi kundagi rahbari Meredit Gibson. Ayollarning muhandislik sohasidagi aloqalari (Women in Engineyering ProActive Network) – 1990-yilda tashkil etilgan notijorat ta’lim tashkilotidir. Shimoliy Amerikada tadqiqot va ilg‘or tajribalardan foydalangan holda ayollarni muhandislik sohasiga jalb qilish bo‘yicha yetakchi sifatida e’tirof etilgan. Muhandislik sohasida bilimlar berish va rahbar ayol kadrlarni tayyorlaydi. Tashkilot STEM sohasida gender tenglikni amalga oshirish va xotin-qizlarni o‘qitish uchun ARC Network va Access+ dasturlaridan maqsadli foydalanib kelmoqda.
Malayziya. STEM ta’limi Malayziya kabi rivojlanayotgan davlatning rivojlanishi va taraqqiyoti uchun ta’limning juda muhim bo‘lib hisoblanadi.Shu sababli hukumat mamlakatning ilm-fan va texnologiya rivoji bilan hamnafas bo‘lishini ta’minlash maqsadida Malayziya ta’lim rejasini (2013-2025) joriy qilinadi. Mazkur ta’lim rejasida STEM ta’limini joriy etish va rivojlantirish ko‘zda tutilgan. 2017-yilda esa kompyuter fanlarini o‘zida mujassam etgan yangi o‘quv dasturi qabul qilindi. Bu boshlang‘ich sinflar uchun standart asoslangan o‘quv dasturi (Standard Based Curriculum for Primary Schools) va Umumta’lim maktablari uchun standart asosidagi o‘quv dasturi (Standard Based Curriculum for Secondary Schools) mazkur o‘quv dasturlari mamlakatda STEM ta’limini rivojlantirishda muhim rol o‘ynaydi.
Filippin. Filippin Oliy ta’lim komissiyasining 2018-yildagi ma’lumotlariga ko‘ra, Filippinda muhandislik sohasida jiddiy gender tafovut mavjud. Har 7 muhandislik talabasidan faqat ikkitasi ayol. Ayollar IT bilan bog‘liq kurslarda kam ishtirok etadi, talabalarning atigi 41 foizini ayollar tashkil qiladi. STEM (fan, texnologiya, muhandislik va matematika) sohasida ayollarning ulushi 43 foizini tashkil qiladi. 2016-2017 o‘quv yilida muhandislik va texnologiya kurslariga qabul qilingan talabalarning atigi 29,3 foizini ayollar tashkil etdi. Aksincha, ushbu kurslarda tahsil olayotgan talabalarning 70,7 foizi erkaklar tashkil etadi.[14] Filippinda STEM sohasidagi imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan “Qizlarimiz uchun STEM power” dasturi muhim ahamiyatga egadir. Dastur qizlarning kelajakdagi STEM sohalarida ishlashi uchun imkoniyatlarni kengaytirishga qaratilgan bo‘lib, qizlarga qaratilgan imkoniyatlar va resurslarni taqdim etish orqali STEM sohalarida gender tafovutini bartaraf etishga ko‘zda tutadi.[15]
Singapur. Boshqa davlatlarda bo‘lgani kabi Singapurda ham gender STEM ni rivojlantirish bilan bog‘liq dasturlar mavjud ulardan biri Qizlar uchun – STEM(STEM-G) deb nomlanadi. Dastur 1999-yilda boshlangan va o‘ttiz xil mamlakatdan bir milliondan ortiq talabalarga yordam bergan. 2014-yilda STEM-G birinchi marta Singapurda joriy qilingan va har yili 3000 nafar talabani qamrab olishni maqsad qilgan. Dastur Singapurdagi bir nechta qizlar o‘rta maktablarida amalga oshirildi. STEM-G ning maqsadi STEM fanlariga bo‘lgan qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘lib hisoblanadi. Hukumat va boshqa siyosiy aktorlar raqamlashtirish sharoitida gender bilan bog‘liq munosabatlarning, xususan, internetga kirish, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishdagi xavfsizlik choralari, shaxsga doir ma’lumotlatni himoya qilish, raqamli ko‘nikmalarni o‘rgatadigan ta’lim dasturlariga ayollarni jalb qilishni rag‘batlantirilmasligi sababli to‘g‘ri va tizimli siyosiy chora-tadbirlarni qo‘llashni taqozo etadi. Gender raqamli bo‘shliqni oldini olish maqsadida quyidagi reformalarni amalga oshirish maqsadga muvofiq: internetning mavjudligi va undan foydalanishda tarif stavkalarining qulay narxda bo‘lishi, internet bilan bog‘liq qurilmalarning mavjudligi, raqamli savodxonlik va ko‘nikmalarni shakllantirish, STEM ta’limi, kiberxavfsizlik va shaxsiy ma’lumotlarning ishonchli, xavfsiz himoyalanishi, davlatning raqamli siyosatdagi normativ-huquqiy hujjatlarni rivojlantirish lozim. STEM ta’limi mohiyatiga ko‘ra, tabiiy fanlar, texnologiya, muhandislik hamda matematika fanlarini yaxlit holda o‘rganish va o‘rgatishni nazarda tutib o‘quvchilarni muayyan mutaxassislikka integrativ yondashuv asosida tayyorlaydi. Bugunga kelib dunyo mamlakatlari aynan mazkur yondashuvni maqbul ko‘rib, o‘z ta’lim siyosatida qo‘llamoqdalar.
O‘zbekistonda ham STEM ta’limi bilan bog‘liq o‘zgarishlar sodir bo‘lmoqda. Bunga misol tariqasida ixtisoslashtirilgan maktablar, professional ta’lim tizimida ma’lum bir sohaga ixtisoslashgan texnikum, kollejlar, oliy ta’lim tizimida esa davlat va xususiy ta’limda yaqqol namoyon bo‘ladi. Biroq shu o‘rinda STEM ta’limi va mehnat munosabatlarida quyidagi jihatlarga e’tibor qaratish lozim bo‘ladi:
- STEM ta’limini yo‘lga qo‘yishda maktabgacha ta’lim muassasalarida ilk tushunchalarni shakllantirish;
- STEM ta’lim bilan institutsional tizimni shakllantirish lozim:
- STEM ga ixtisoslashgan umumiy o‘rta maktablar soni va sifatini oshirish;
- STEM ta’limning namunaviy dasturlari, shunga doir ilmiy, publitsistik nashrlarning qamrovini oshirish;
- Oliy ta’limda STEM ga ixtisoslashgan OTM sonini oshirish;
- STEM ta’limi bo‘yicha malaka sertifikatini joriy etish;
- Mamlakatda STEM ta’limi bilan bog‘liq statistik ko‘rsatkichlarni muntazam yoritib borish;
- STEM ta’limini joriy etish bilan bog‘liq xorijiy metodologiyalar bilan tanishib borish;
- STEM yo‘nalishi bo‘yicha bakalavr, magistr bosqichlarida kvotalarni joriy etish
- Markazdan uzoq hududlarda ham stasionar internetga kirishni yo‘lga qo‘yish va internet tezligi sifatini ham ta’minlash.
- Hududlardagi aholining raqamli savodxonligini tizimli o‘rganish va monitoring qilib borish uchun platforma yaratish.
- Web-saytlarda platformadan foydalanishdagi gender tafovutni ko‘rsatuvchi statistik ma’lumotlarni ham joylashtirib borish bu orqali ayollarning ham raqamli ishtirokni aniqlashda yordam beradi.
- IT-parklarda mavjud dastlurlash kurslarida ayollarga imityozlar yaratish va kurslar rang-barangligini oshirish.
- Ta’limning barcha bosqichlarida STEM ta’lim qo‘llab-quvvatlash tizimini yo‘lga qo‘yish.
[1] https://www.itu.int/en/mediacentre/Pages/PR-2021-11-29-factsfigures.aspx
[2] https://webfoundation.org/docs/2021/10/coe-Report-English.pdf
[3] https://en.unesco.org/news/girls-education-and-covid-19-new-factsheet-shows-in
[4] https://www.un.org/en/observances/womens-day
[5] https://siat.stat.uz/reports-filed/1381/table-data
[6] https://siat.stat.uz/reports-filed/1381/table-data
[7] Xalq ta’limi raqamlarda Рисола. II-нашр. /Т.: ,2022 йил, 26-бет.
[8] https://gender.stat.uz/uz/asosiy-ko-rsatkichlar/ta-lim
[9] https://portal.piima.uz/userfiles/files/Hududiy%20IXM/IXMlar%20qabuli%20bo‘sh%20o‘rin.pdf
[10]https://piima.uz/storage/public/userfiles/files/4/PREZIDENT%20TA%E2%80%99LIM%20MUASSASALARI%20AGENTLIGI%20TIZIMIDA.pdf
[11] https://gender.stat.uz/uz/asosiy-ko-rsatkichlar/ta-lim
[12] https://gender.stat.uz/uz/asosiy-ko-rsatkichlar/ta-lim
[13] https://www.ngcproject.org/about-ngcp
[14] Republic of the Philippines Office of the President Commission on Higher Education. 2018. Statistics. https://ched.gov.ph/statistics/
[15] STEM education for Girls and Women.Breaking Barriers and Exploring Gender Inequality in Asia. Published in 2020 by the United Nations Educational,p-111