Orqaga qaytish

“Ijtimoiy institutlar va gender” indeksida O‘zbekistonning o‘rnini yaxshilash choralari

     Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan 2025-yilning aprel-may oylarida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2025-yil 18-martdagi SQ-102-V-sonli Qarori bilan tasdiqlangan 2030-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini 2025-yilda amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturining 33-bandi ijrosini ta’minlash maqsadida “Ijtimoiy institutlar va gender” indeksida O‘zbekiston o‘rnini yaxshilashga to‘siq bo‘layotgan muammolarni aniqlash maqsadida tadqiqot o‘tkazildi.

I. Indeks to‘g‘risida ma’lumot

     Iqtisodiy Hamkorlik va Taraqqiyot Tashkiloti (OECD) tomonidan 2009-yilda tuzilgan “Ijtimoiy institutlar va gender” indeksi ijtimoiy institutlarda ayollarga nisbatan kamsitishning mamlakatlararo ko‘rsatkichlarini belgilab beradi. Ushbu indeks meros huquqlari, erta nikoh, ayollarga nisbatan zo‘ravonlik va mulk huquqlari kabilarda kamsituvchi ijtimoiy institutlarni miqdoriy jihatdan aniqlaydi. Ijtimoiy institutlar va gender indeksi oilada kamsitilish, jismoniy daxlsizlikni cheklash, ishlab chiqarish va moliyaviy resurslardan foydalanish hamda fuqarolik erkinlik-larining cheklanganligi kabi to‘rtta subindeksdan iborat bo‘lib, ushbu tarkibiy indekslar 16 ta indikator va 27 ta o‘zgaruvchilarga bo‘lingan. Ushbu ko‘rsatkichlar asosida qonunchilik, amaliyot, yondashuvlarda ayollar hamda erkaklarning huquq va imkoniyatlari o‘rtasidagi farqlar o‘rganiladi. Mamlakatlar “juda past”, “past”, “o‘rta”, “yuqori” va “juda yuqori” toifalarga bo‘linib, “0” dan “1” gacha bo‘lgan baholash orqali tasniflanadi. Indeksning birinchi hisoboti 2009-yilda nashr etilgan, shundan so‘ng 2012, 2014, 2019 va 2023-yillardagi hisobotlari ishlab chiqildi. O‘zbekiston 2014-yilda “o‘rta” toifa davlati sifatida tasniflangan, 2019 va 2023-yilgi indeks hisobotlarida esa barcha indikatorlar bo‘yicha to‘liq baholanmaganligi sababli asosiy toifalangan davlatlar qatoriga kirmagan va natijada O‘zbekiston o‘rni aks etmagan.

 IIMavjud muammolar va ularning tavsifi

a) O‘zbekistonda erta nikoh, uy xo‘jaligi, meros va ajrim to‘g‘risidagi qonunlarning mavjudligiga qaramay ayollarning qonuniy huquqlarga ega emasligi

    Oiladagi kamsitilish ayollarning qaror qabul qilish vakolatlarini cheklaydigan va ularning uy xo‘jaligi hamda oiladagi mavqeini past baholaydigan ijtimoiy institutlarni qamrab oladi. Ushbu indikator o‘z ichiga ota-onalik vakolati, ajrim, merosni erkaklar foydasiga hal qilish amaliyotining mavjudligi, 15 yoshdan 19 yoshgacha erta turmush qurgan qizlarning ulushi, ko‘pxotinlilik, oiladagi zo‘ravonlik, o‘g‘il farzandni afzal ko‘rish kabi ko‘rsatkichlarni qamrab oladi. Erta nikoh bo‘yicha qonunlarning mavjudligi. Bunda ayollar va erkaklarning bir xil qonuniy minimal nikoh yoshiga egaligi yoki ega emasligi aniqlashtiriladi. Mamlakatda erta turmushning ko‘lami” baholanganda turmushga chiqqan, ajrashgan, beva qolgan yoki norasmiy ittifoqda bo‘lgan 15–19 yoshli qizlarning jamiyatdagi ulushi hisobga olinadi. O‘zbekiston 2019-yilga qadar oila qonunchiligida ayollar va erkaklar uchun nikoh yoshi bo‘yicha har xil qonuniy talablar belgilangani, ya’ni erkaklar 18 yoshdan boshlab, ayollar esa 17 yoshga to‘lganida qonuniy ravishda nikoh tuzishga ruhsat berilgani sababli, ushbu indikator bo‘yicha O‘zbekiston eng yuqori kamsitilish 100% (1) bilan baholangan edi. Biroq 2019-yildan boshlab Oila kodeksiga o‘zgartirish kiritildi va 15-moddasida “Nikoh yoshi erkaklar va ayollar uchun 18 yosh” etib, belgilab qo‘yildi. Natijada O‘zbekistonda erta nikoh darajasi so‘nggi 6 yilda sezilarli ravishda kamayib bordi. Olib borilgan tahlillar O‘zbekistonda erta nikohlar sonining kamayib borayotganligini ko‘rsatadi. Bu bo‘yicha mamlakatimizda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2024-yilda Bosh prokuratura 22 nafar voyaga yetmaganlar nikohini aniqlab, 41 kishiga ma’muriy jazo qo‘llagan va 55 ta nikohning oldini olgan. Shunga qaramay, 2023-yilda o‘smirlar tug‘ilish koeffitsienti 34,1 promilleni tashkil etib, muammo hali ham dolzarb ekanligini ko‘rsatmoqda. Buning boisi ijtimoiy – madaniy urf-odatlar (qizni erta turmushga berish, nomusi buzilishining oldini olish kabi noto‘g‘ri tushuncha bilan bog‘lash, “munosib kuyov topish” bosimi) va rasmiy ro‘yxatdan o‘tmaydigan diniy imomlar ishtirokidagi norasmiy nikohlar erta turmushni rag‘batlantiruvchi asosiy omillar bo‘lib qolmoqda, natijada umumiy holat yaxshilangan bo‘lsa-da, hududiy nomutanosiblik va an’anaviy omillarning ta’siri davom etmoqda. Shu bilan birga, indeks O‘zbekistonda oilaviy majburiyatlar bo‘yicha tenglikni ta’minlovchi qonunchilik mavjud bo‘lishiga qaramay, qonun va urf-odat amaliyoti o‘rtasida tafovut mavjudligini ma’lum qilgan. Indeks natijalariga ko‘ra, erkaklar amalda uy xo‘jaligi rahbari sifatida tan olinishi keng tarqalgan. Bu holat ayollarning mulkka egalik qilish huquqlariga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi, chunki mulk huquqlari asosan oila boshlig‘i hisoblangan erkak – er yoki otaning nomiga rasmiylashtiriladi. Dunyoning 42 ta mamlakatida qiz farzandlarga meros huquqi berilmagan, 43 ta mamlakatda beva ayollarning meros ulushi yo‘q​, ayrim mamlakatlarda, agar er vafot etsa, beva xotin er mulkining faqat yarmiga yoki uchdan biriga da’vo qila oladi, qizlar ota merosining kichik qisminigina olish huquqiga ega bo‘ladi.

     O‘zbekistonda ayollar mulk sotib olish, egalik qilish, uni boshqarish va tasarruf etishda erkaklar bilan teng huquqlarga ega. Oila kodeksining 24-moddasiga muvofiq, nikoh davomida er va xotin barcha orttirilgan mol-mulkka teng egalik huquqiga ega va undan birgalikda foydalanadilar​. Shuningdek, Fuqarolik kodeksining 1134 va 1135-moddalariga binoan, ota-ona vafot etganda, o‘g‘il va qiz farzandlar teng miqdorda meros olish huquqiga ega; xuddi shuningdek, turmush o‘rtog‘idan biri vafot etsa, tirik qolgan er yoki xotin bir xil tartibda merosxo‘r bo‘ladi​. Shuningdek, Oila kodeksida uy xo‘jaligini yuritishga qo‘shilgan nomoddiy hissani (no-monetary) baholashni nazarda tutadi​, ya’ni agar ayol kishi uy bekasi bo‘lib ishlagan yoki farzand tarbiyalagan bo‘lsa, uning uy ishlariga qo‘shgan hissasi mulk taqsimotida e’tiborga olinadi va unga moddiy baho beriladi. Ushbu norma ayollarni himoya qiladi, chunki ko‘plab hollarda ayolning rasmiy daromadi bo‘lmasa-da, oilaviy farovonlikka qo‘shgan hissasi katta bo‘ladi – qonun buni tan oladi va mulkni adolatli taqsimlashga zamin yaratadi. Biroq qonuniy jihatdan teng huquqlar mavjud bo‘lsa-da, ba’zi hollarda amaliyotda ayollarning mulkka egalik qilishida cheklovlar ko‘zga tashlanadi. Xususan, qishloq joylarda an’anaviy tartibga ko‘ra, uy-joy yoki yer uchastkalari ko‘pincha oila boshlig‘i – erkak nomiga rasmiylashtiriladi; ota-onalar mol-mulkni o‘g‘il farzandga qoldirib, qizlarga “sep berish” bilan cheklanish hollari uchraydi. Shuningdek, ba’zi urf-odat va stereotiplar ayollarning o‘z huquqlaridan to‘liq foydalanishiga halaqit berish holatlari uchrab turadi. Masalan, qishloq joylarda bosim ostida qiz farzandlar ota uyi va yer-mulkdan voz kechib, akalari yoki ukalariga qoldirish holatlari uchraydi. Bu ixtiyoriy ko‘rinishdagi kelishuv bo‘lsa-da, aslida ayol o‘z qonuniy ulushidan voz kechayotgan bo‘ladi.

    Rasmiy statistika tizimlarida ayollarning yer va ko‘chmas mulkka egalik qilish ko‘rsatkichlarini to‘liq qayd etish mexanizmlari yetarli darajada shakllanmagan. Natijada, ayollarning mulk huquqlari bilan bog‘liq murakkab holatlar — jumladan, rasmiy egalik bilan amaliy nazorat o‘rtasidagi tafovutlar, qo‘shma mulkchilikdagi gender nomutanosibliklari, meros huquqlarini amalga oshirishdagi to‘siqlar va mintaqaviy farqlar kabi muhim jihatlar statistik ma’lumotlarda to‘liq aks etmaydi. Bu kamchilik ayollarning mulkka egalik qilish sohasidagi real vaziyatni baholash va tegishli siyosat choralarini ishlab chiqishni qiyinlashtiradi. Shuningdek, amaliyotda og‘zaki kelishuvlar va notarial xatoliklar tufayli ayollar meros mulkiga erkaklarga qaraganda kamroq egallik qilish holatlari uchramoqda. Masalan, 2019-yilgi indeks hisobotiga ko‘ra, ayollar nomidagi ko‘chmas mulk atigi 29,4 foiz bo‘lgan bo‘lsa, 2023-yilda esa 1,2 mln notarial harakatning 19,7 foizi merosga oid bo‘lib, ularning 12 foizida hujjat xatoliklari tufayli sud tortishuvi kelib chiqqan. Indeksda nikohdan ajralish indikatori bo‘yicha O‘zbekiston yaxshi baholangan, biroq ajralish jarayonining juda uzoq davom etishi, ajralish uchun to‘siqlarning mavjudligi kamchilik sifatida qaralgan.

b) ayollarga nisbatan zo‘ravonlik bo‘yicha qonunlarning mavjud bo‘lishiga qaramay, oiladagi zo‘ravonlikka duch kelayotgan ayollar ulushining ko‘pligi, reproduktiv huquqlar va oilani rejalashtirishda mustaqillikning yo‘qligi

     Jahon sog‘liqni saqlash va BMTning malumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘yicha 736 mln. nafar ayol hayoti davomida jismoniy va jinsiy zo‘ravonlikni boshdan kechirgan. Hozirgi kunda 165 davlatda oilaviy zo‘ravonlikka qarshi kurashishni nazarda tutuvchi qonunlar mavjud, 104 davlatda ushbu qonunlar to‘liq ishlasa, 86 mamlakatda esa bunday qonunlar umuman mavjud emas. 2021-yilda O‘zbekistonda huquqni muhofaza qilish organlariga xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik bo‘yicha jami 39,343 ta murojaat kelib tushgan, shundan 34,330 tasi (87 foizi) oilada sodir etilgan. Xalqaro Amnistiya Tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, 2021-yilda ayollarga nisbatan deyarli 36,000 ta zo‘ravonlik holati qayd etilgan bo‘lsa, 2024-yilda 15,8 mingdan ortiq shaxs oilaviy zo‘ravonlik bo‘yicha sudlangan, 54 mingdan ortiq ayolga himoya orderlari berilgan, 625 nafar ayol va bolalar reabilitatsiya markazlariga joylashtirilgan, 2025-yil I choragida 24 000 order rasmiylashtirilgan. BMTTD tomonidan o‘tkazilgan sud amaliyoti tahliliga ko‘ra, 2023 – 2024-yillar davomida sudlar tomonidan oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikka oid jami 30,833 ta ma’muriy huquqbuzarlik ishi ko‘rib chiqilgan, (2023-yilda – 11,728 ta, 2024-yilda – 19,105 ta), shundan 21,187 tasida (68,7%) ma’muriy jazo qo‘llanilgan, qolgan 9,646 tasi (31,3%) esa turli asoslarga ko‘ra tugatilgan. Oilaviy zo‘ravonlik holatlarining 82 foizi qishloq joylarida ro‘y bergan, garchi shahar va qishloq aholisi soni deyarli teng bo‘lsa-da, oilaviy zo‘ravonlik, ayniqsa, jinoyat shaklidagi zo‘ravonlik qishloq muhitida keng tarqalgan. UNICEFning 2024-yilgi ma’lumotiga ko‘ra, 18–19 yoshli turmush qurgan qizlarning atigi 25 foizi reproduktiv huquqini yaxshi bilar ekan, bu umumiy ko‘rsatkichdan deyarli uch baravar past. Dunyo bo‘yicha turmush qurgan ayollarning atigi 55–56 foizi o‘z reproduktiv salomatligi (jinsiy munosabatlar, kontrasepsiya va sog‘liqni saqlash) bo‘yicha mustaqil qaror qabul qila oladi.

     O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich 70,4 foiz, biroq har uch ayoldan birining reproduktiv huquqlari cheklangan, 3,4 foiz qizlar 18 yoshgacha turmushga chiqqan, bu ularda qaror qabul qilish eroziyasiga olib kelgan, ayollarning qariyb 30 foizi turmush o‘rtog‘i roziligisiz kontrasepsiya ishlata olmaydi, 18-19 yoshdagi ayollarda qaror qabul qilish erkinligi atigi 25 foizni tashkil qilmoqda. 2023 yilda zamonaviy kontrasepsiya bilan qamrab olish darajasi barcha ayollar orasida 41,8 foiz, turmush qurgan ayollar orasida esa 58,9 foiz, qondirilmay qolgan ehtiyoj esa 9,8 foizni tashkil qilgan. Ushbu holatlarning saqlanib qolayotgani jamiyatda chuqur ildiz otgan patriarxal qarashlar, gender stereotiplari va zo‘ravonlikni oqlovchi holatlarning ko‘pincha oiladagi zo‘ravonlik “oilaning ichki ishi” sifatida ko‘rilishi, reabilitatsiya markazlari sonining yetarli emasligi, psixologik va yuridik yordam ko‘rsatishning hududlararo teng taqsimlanmaganligi bilan izohlanadi. Mamlakatda 1 ta respublika, 14 ta hududiy “Ayollarni reabilitatsiya va moslashtirish markazi” va “Inson” markazlari mavjud bo‘lib, xalqaro me’yor bo‘yicha har 10 000 ayolga 1 ta yotoq o‘rni kerak, biroq amaldagi ko‘rsatkich bundan past. Oilaviy zo‘ravonlikka oid ishonchli, genderga ajratilgan va muntazam yangilanib turadigan statistik ma’lumotlarni yig‘ish, tahlil qilish va ochiq e’lon qilish tizimida hali ham kamchiliklar mavjud. Shuningdek, sud tizimining o‘zida ham gender tengsizligi masalasi mavjud, oilaviy zo‘ravonlik ishlarini ko‘rib chiquvchi 347 nafar sudyaning atigi 14 nafari (4%) ayol bo‘lib, berilgan jazolar ba’zi hollarda erkak sudyalarnikidan farq qilganligi kuzatilgan. Shuningdek, “Mahalla posboni” va “Ayollar daftari” mexanizmlari xavf ostida bo‘lgan ayollarni ro‘yxatga olish va yordamga yo‘naltirishni nazarda tutadi, ammo ularning samaradorligini baholovchi mustaqil tadqiqotlar yetarli emas.

     O‘zbekistonda reproduktiv huquqlar va oilani rejalashtirishda mustaqillik masalasi dolzarb muammo bo‘lib, bu bir nechta o‘ziga xos jihatlarni o‘z ichiga oladi. O‘zbekistonda reproduktiv huquqlar rasmiy ravishda tan olingan bo‘lsa-da, amaliyotda ularni amalga oshirish ko‘pincha qiyin kechadi. Birinchi va eng asosiy muammo – ayollarning qaror qabul qilishdagi cheklangan rolidan kelib chiqadi. O‘zbek jamiyatida, odatda, oilaviy masalalarda yoshi katta a’zolarning, ayniqsa qaynonalar va ota-onalarning so‘zi hal qiluvchi hisoblanadi. Bu holatda ayollar o‘zlarining farzand ko‘rish yoki ko‘rmaslik haqidagi shaxsiy qarorlarini mustaqil qabul qila olmaydi. Ikkinchi muhim jihat – qishloq hududlarida yashayotgan ayollar shaharliklarga qaraganda ancha ko‘p cheklovlarga duch keladi, tibbiy xizmatlar yaxshi rivojlanmagan, madaniy an’analar mustahkam ildiz otgan. Maktablarda reproduktiv salomatlik bo‘yicha ta’lim juda cheklangan. Natijada, yoshlar nikohga kirgandan so‘ng oilani rejalashtirish usullari haqida kam ma’lumotga ega bo‘ladi. Reproduktiv bilimlarning yetishmasligi noto‘g‘ri qarorlar qabul qilishga olib keladi. Ko‘plab hududiy poliklinikalarda ginekolog mutaxassislar yetishmaydi. Bundan tashqari, ba’zi tibbiy xodimlar o‘zlari ham an’anaviy qarashlarning ta’siri ostida bo‘lib, ayollarga to‘liq va xolis maslahat bera olmaydi. Oilani rejalashtirish mavzusida ochiq gaplashish ko‘pincha uyat hisoblanadi, yosh er-xotinlar ham bu mavzularda o‘zaro erkin muloqot qila olmaydi, erkaklar bu jarayonda yetarli mas’uliyat olmaydi, oilani rejalashtirish ko‘pincha faqat ayollarning masalasi sifatida qaraladi.

с) O‘zbekistonda ayollarning yerga egalik va undan foydalanish huquqi, uy-joy, ko‘chmas mulk va boshqa aktivlarga egalik tengligi, bank hisobvaraqlari, kredit va boshqa rasmiy moliyaviy xizmatlarga kirish huquqi, ish joyida homiladorlik himoyasi, teng ish haqi va kasb tanlash erkinligi bo‘yicha tizimli muammolarning saqlanib qolayotganligi

     O‘zbekistonda erkak va ayollarning yerga egalik qilish huquqi bo‘yicha qonuniy jihatdan tengdirlar. Masalan, Yer kodeksining 17, 42-moddalari, Oila kodeksining 24-moddasi ayollar va erkaklarga yer hamda ko‘chmas mulk ustidan teng huquqliligi, Fuqarolik kodeksining 1134-1135-moddalari esa merosda jinslar tengligi belgilangan. Ushbu qonunlar ayollarning mulk huquqlarini himoya qilishi, erkaklar bilan teng imkoniyatlar yaratishi, yerga egalik qilishi, ko‘chmas mulk sotib olish va meros masalalarida jinsga asoslangan kamsitish taqiqlanishiga qaramay, amaliyotda jiddiy to‘siqlar mavjud. Asosiy muammo shundaki, an’anaviy oilalarda yer, odatda, erkaklarga meros qilib qoldiriladi, ayollar turmushga chiqib ketganda, ota-onalarining yeri va mulkidan voz kechishga majbur bo‘ladi. Shuningdek, qishloq joylarida dehqon xo‘jaliklari, asosan, erkaklar nomiga rasmiylashtiriladi, ayollar qishloq xo‘jalik ishlarida faol ishtirok etsalarda, rasmiy hujjatlarda ularning nomi ko‘rsatilmaydi.

     Statistik va xalqaro tashkilotlarning hisobotlariga ko‘ra, qishloq xo‘jaligida rasmiy yer egalarining 38,3 foizi ayollar bo‘lib, ular 61 700 ta dehqon va fermer xo‘jaligini boshqaradi. Rahbarlik lavozimlarida ayollar ulushi ancha past bo‘lib, atigi 4,2 foizni tashkil etadi. Yer egalari tarkibida ayollar ulushi 2018-yildagi 18 foizdan 2021 yilda 36,3 foizgacha oshgan. Biroq, ko‘chmas mulk umumiy qiymatida ayollar nomidagi ulush 22,3 foizni tashkil etib, ayollarning yerga xususiy kirish huquqi 26 foiz atrofida baholangan. Qishloq xo‘jaligi texnikasi, irrigatsiya uskunalari va boshqa kapital vositalar ustidan ayol egaligi bozor qiymatining atigi 5-7 foizini tashkil etgan. Xalqaro tashkilotlarning hisobotiga ko‘ra, hozirda rasmiy moliya sektori butun dunyo bo‘ylab 1 mlrd nafarga yaqin ayollarga yetarli darajada moliyaviy xizmat ko‘rsata olmayapti, O‘zbekistonda katta yoshdagilarning 44 foizi bank hisob raqamiga ega bo‘lib, bunda ayollar ulushi 39 foizni tashkil etadi, 41 foiz ayol tadbirkorlar kreditni “katta to‘siq” deb hisoblashgan, bank krediti olgan ayollar boshchiligidagi mikro, kichik va o‘rta korxonalar ulushi 19 foiz, erkaklarda esa 81 foizni tashkil qilgan.

     Natijada, ayollar rahbarligidagi mikro, kichik va o‘rta korxonalar uchun moliyaviy bo‘shliq 2,5 mlrd AQSh dollari deb baholagan. Shuningdek, “Ayollar, tinchlik va xavfsizlik” indeksining moliyaviy ko‘rsatkichi bo‘yicha O‘zbekiston maksimum 100 balldan 38,8 ball bilan past natija qayd etgan. Global Findex va Gallup Instituti so‘rovlariga ko‘ra, ayollarning bank hisob raqamlariga egalik darajasi 2024-yilda 45 foizni tashkil etgan, moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari 30 foizga oshgan, moliyaviy xizmatlarga kirish darajasi 48 foizni tashkil etgan. Raqamli to‘lovlar orqali ayollar tomonidan amalga oshirilgan tranzaksiyalar 60 foizga oshgan, ayollar tomonidan olingan omonatlar 25 foizni, ayollarning banklardan qarz olish imkoniyatlari 20 foizni, moliyaviy ekotizimda ayollarning ishtirok etish darajasi 35 foizni tashkil etgan, bank hisoblardan foydalanish imkoniyatlari40 foizga oshgan va ayollarga maxsus xizmatlar taklif etilishi natijasida moliyaviy inklyuziya 15 foizga yaxshilangan. Biroq  umumiy olib qaralganda, bank hisobvaraqlari va kreditlardan foydalanishda ayollar katta qiyinchiliklarni boshdan kechiradi. Ko‘plab tijorat banklari kredit berish uchun kafolat sifatida ko‘chmas mulkni talab qiladi, ayollarda bunday mulk kam bo‘lgani sababli, ular kreditorlar uchun kam jozibali mijozlar hisoblanadi. Shuningdek, ayollar o‘z biznesini boshlash uchun kredit olmoqchi bo‘lganda, banklar ko‘pincha erlarining kafolatini talab qiladi. Bu esa ayollarning iqtisodiy mustaqilligini yanada cheklaydi va ularni oilaning erkak a’zolariga bog‘lab qo‘yadi.

     Yuqoridagi barcha muammolar bir-biri bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, yerga egalik huquqining yo‘qligi moliyaviy xizmatlardan foydalanishni qiyinlashtiradi, moliyaviy imkoniyatlar cheklanganligi esa biznes boshlash va kasb tanlovi erkinligini kamaytiradi, mehnat bozorida kamsitish esa ayollarning umumiy iqtisodiy ahvolini yomonlashtiradi.

III. Ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasi va xalqaro standartlar

a) erta nikoh, uy xo‘jaligi, meros va ajrim to‘g‘risidagi qonunlarni takomillashtirish bo‘yicha rivojlangan mamlakatlarning tajribalari

     Shvesiya, Daniya va Norvegiya Skandinaviya modeli asosida jinsiy tarbiyani maktab dasturiga majburiy tarzda kiritgan. Unga ko‘ra, 9 yoshdan boshlab barcha o‘quvchilarga nafaqat biologik ma’lumotlar, balki jinsiy munosabatlar, mas’uliyat, rozilik va gender tengligi haqida tizimli ta’lim beriladi. Bu yondashuv o‘quvchilarning ijtimoiy ongini shakllantirish va erta nikoh xavfini kamaytirishga xizmat qilgan. Natijada, ushbu davlatlarda erta homiladorlik ko‘rsatkichlari eng past darajada saqlanmoqda — masalan, Shvesiyada 15–19 yoshdagi o‘smir onalar ulushi 0,3 foizdan kam. Niderlandiyada jinsiy tarbiyada “ochiq muloqot yondashuvi”ni qabul qilgan davlat bo‘lib, 2012-yildan boshlab barcha maktablarda dastur asosida o‘quvchilarga o‘z tanasini tushunish, ruhiy sog‘lomlik, xavfsiz jinsiy hayot va o‘zaro hurmat asoslari bo‘yicha darslar o‘tiladi. Natijada, erta homiladorlik va erta nikoh holatlari keskin kamaygan: 2001–2020-yillar oralig‘ida erta homiladorlik 60 foizga qisqargan, nikohdan oldin homiladorliklar eng past ko‘rsatkichga tushgan (1 000 o‘smirga 4 nafar).

     Avstraliya 2024-yilda oilaviy mulk va aliment masalalarini soddalashtiruvchi islohot paketini qabul qilgan. Unga ko‘ra, ajrim holatlarida sudlar endilikda 50/50 qoidasi asosida emas, balki farzand manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘ygan holda qaror chiqaradi. Islohotlar doirasida yangi mulk ruyxati nomli sud tartibi joriy etilib, mulk taqsimoti bilan bog‘liq ishlar alohida ixtisoslashgan sudlarda ko‘rib chiqilgan, natijada, bu oilaviy nizolarni tezroq hal qilish va bolalarning ijtimoiy-iqtisodiy ehtiyojlarini to‘liqroq inobatga olish imkonini bergan. Kanada (Ontario, Yangi Shotlandiya) provinsiyalarida 2021-yildan boshlab “er-xotinlik ulushini taqsimlash” amaliyoti sud tajribasida keng qo‘llanilib kelinmoqda. Unga ko‘ra, fuqarolik sudlari nikoh davridagi uy xo‘jaligi mehnatini, jumladan, bolalarni parvarishlash, ovqat tayyorlash, tozalik va boshqa uy ishlarini iqtisodiy hissaga tenglashtirib baholash tizimi yo‘lga quyilgan. Natijada nikoh mulki taqsimotida ayol kishi nomida bo‘lmagan mulkka ham qonuniy egalik huquqiga ega bo‘ladi, bu yondashuv orqali ayollarning uy mehnati orqali qo‘shgan hissasini tan olish va ularni moliyaviy jihatdan himoya qilishda muhim bosqichga aylandi. AQSh 2019-yilda “Yagona meros” kodeksiga “tanlov ulushi”  tamoyilini kiritgan, ya’ni nikoh davomiyligi progressiv foiz sifatida belgilanadi. Yangi yondashuvga ko‘ra, vafot etgan shaxs o‘z mulkini boshqa shaxslarga vasiyat qilgan taqdirda ham, tirik qolgan turmush o‘rtog‘i o‘sha merosdan ma’lum bir ulushni talab qilish huquqiga ega bo‘ladi. Natijada, jinsga emas, balki nikoh davom etgan yillar soniga qarab, ya’ni progressiv foiz asosida hisoblab beriladi. Masalan, uzoq yillik nikoh bo‘lsa, ulush ham yuqoriroq bo‘ladi. Bu yondashuv meros taqsimotida jinsiy neytrallik va adolat tamoyillarini mustahkamlashga xizmat qildi.

b) oiladagi zo‘ravonlik, reproduktiv huquqlar va oilani rejalashtirish bo‘yicha xalqaro mamlakatlarning tajribalari

     Xorijiy mamlakatlar qonunchiligining tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, zo‘ravonlikning oldini olishga qaratilgan qonunlarda “oilaviy zo‘ravonlik” ham mustaqil huquqbuzarlik turi sifatida, ham fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga qarshi umumiy jinoyatlar doirasida qaraladi. Jumladan, ko‘plab MDH va xorijiy davlatlarning shu mazmundagi qonunlari ham oilaviy zo‘ravonlikni qamrab olganini kuzatishimiz mumkin. Ozarbayjon Respublikasining “Oiladagi zo‘ravonlikning oldini olish to‘g‘risida”gi Qonuni, Armaniston Respublikasining “Oiladagi zo‘ravonlikning oldini olish, zo‘ravonlikka uchragan shaxslarni himoya qilish hamda oilalarda totuvlikni tiklash to‘g‘risida”gi Qonuni, Moldova Respublikasining “Oiladagi zo‘ravonlikning oldini olish to‘g‘risida”gi Qonuni, Tojikiston Respublikasining “Oiladagi zo‘ravonlikning oldini olish to‘g‘risida”gi Qonuni, Qirg‘iziston Respublikasining “Oiladagi zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni, Qozog‘iston Respublikasining “Oiladagi zo‘ravonlikning oldini olish to‘g‘risida”gi Qonuni, Rossiya Federatsiyasining “Rossiya Federatsiyasida oilaviy zo‘ravonlikning oldini olish to‘g‘risida”gi Qonuni oilaviy zo‘ravonlikka qarshi qaratilganini ko‘rish mumkin.

     Qolaversa, siyosiy-huquqiy tahlil shuni ko‘rsatmoqdaki, dunyoning 155 ta mamlakatida oilaviy zo‘ravonlik to‘g‘risidagi qonun, 140 ta mamlakatda esa ish joylarida jinsiy zo‘ravonlik to‘g‘risidagi qonunlar qabul qilingan. Rivojlangan davlatlar reproduktiv huquqlarni konstitutsiyaviy darajada mustahkamlash, kontrasepsiya va abort xizmatlarini moliyaviy jihatdan to‘liq (yoki asosiy qismini) qoplash, jinsiy tarbiyani majburiy tarzda o‘quv dasturlariga kiritish, hamda raqamli sog‘liqni saqlash platformalari orqali individual ma’lumot va maslahatlarni kengaytirish orqali sezilarli natijalarga erishdi. Ushbu tajribalar tug‘ilish koeffitsientini muvozanatlashtirish, onalar va bolalar o‘limini kamaytirish va ayollarning iqtisodiy faolligini oshirishga xizmat qilmoqda. Jumladan, Buyuk Britaniya kontrasepsiya xizmatlarini NHS (Sog‘liqni saqlash milliy xizmati) orqali to‘liq bepul taqdim etadi. Dastur har qanday yoshdagi fuqaroni, jumladan, 16 yoshdan kichiklarni ham qamrab olib, bu yondashuv universal sog‘liqni saqlash tamoyillariga asoslanadi. Fransiya 2022-yildan boshlab 25 yoshgacha bo‘lgan ayollar uchun kontrasepsiya vositalari, shuningdek, konsultatsiya va tibbiy tekshiruv-larni bepul qilish to‘g‘risidagi qonunni qabul qilgan. Dastur 16–25 yoshdagi guruhni to‘liq qamrab oladi va yoshlar sog‘lig‘ini muhofaza qilishga qaratilgan. Kanada 2023-yildan boshlab barcha rezidentlarga shifokor retsepti asosida kontrasepsiya vositalari uchun to‘lovni 100% qoplaydigan dasturni ishga tushirdi. Dastur yoshga qaramasdan barcha aholiga taalluqlidir. Shuningdek, Ontario sog‘liqni saqlash sug‘urtasi dasturi doirasida 0–24 yoshdagi fuqarolar uchun 5 000 dan ortiq dorilar, jumladan, kontrasepsiya vositalari xarajatlarini qoplash mexanizmi joriy etilgan. Bu yoshlar salomatligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan regional tashabbus hisoblanadi. Germaniyada tibbiy sug‘urta tizimi 22 yoshgacha bo‘lganlar uchun gormonal kontrasepsiya xarajatlarini to‘liq subsidiya qiladi. Bundan tashqari, ijtimoiy himoya ostidagi guruhlar ham bepul qamrovga ega bo‘lib, dastur 16–22 yosh oralig‘ini va himoyaga muhtoj ayollarni qamrab oladi. Avstraliya “My Health Record” milliy platformasi orqali kontrasepsiya bo‘yicha retseptlar, maslahatlar va boshqa elektron tibbiy ma’lumotlarni bemorlar va shifokorlar uchun 24/7 onlayn tarzda ochiq holda taqdim etadi, platforma shaxsiy sog‘liq axborotining raqamli markazlashuvi va uzluksiz tibbiy ko‘riklarni soddalashtirishni maqsad qilgan.

с) ayollarning yerga egalik va undan foydalanish huquqi, uy-joy, ko‘chmas mulk va boshqa aktivlarga egalik tengligi, bank hisobvaraqlari, kredit va boshqa rasmiy moliyaviy xizmatlarga kirish huquqi, ish joyida homiladorlik himoyasi, teng ish haqi va kasb tanlash erkinligi bo‘yicha tizimli muammolarni bartaraf etish bo‘yicha rivojlangan mamlakatlar tajribalari

     Rivojlangan davlatlar gender tengligini tizimli ravishda kuchaytirish uchun mulk va moliyaviy huquqlardan tortib, mehnat munosabatlarigacha bo‘lgan butun ekotizimni “to‘plam paket” sifatida isloh qilmoqda. Jumladan, (1) yer va ko‘chmas mulkka bo‘lgan egalikni nikoh davridagi birgalikda yaratilgan boylikni teng taqsimlash va davlat reestrlarida jinsiy neytral ro‘yxatga olish orqali himoya qilmoqda; (2) ayollarni bank hisobvaraqlari va kredit vositalariga erkin kirish uchun bepul asosiy hisob, davlat kafolatlari hamda maqsadli tadbirkorlik jamg‘armalarini joriy etib kelmoqda; (3) homiladorlik va onalik davrida kamsitishdan katta jarimalar va ixtisoslashgan mehnat inspeksiyalari orqali himoya qilib kelinmoqda; (4) teng ish haqi va kasb tanlash erkinligini ta’minlashga katta e’tibor qaritilmoqda.

IV. Tizimli muammo va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha taklif va tavsiyalar

a) erta nikoh, uy xo‘jaligi, meros va ajrim to‘g‘risidagi qonunlarni takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar

  • nikoh yoshi bo‘yicha barcha istisnolarni bekor qilish zarurati mavjud, chunki mahalliy hokimlarning ruxsati bilan 18 yoshgacha turmush qurishga yo‘l qo‘yilishi erta nikohning saqlanib qolishiga sabab bo‘lmoqda. Shu bois, nikoh yoshi bo‘yicha istisnolarga chek qo‘yish, barcha nikohlarni faqat 18 yoshdan boshlab rasmiylashtirish tartibini joriy etish lozim;
  • O‘zbekistonda “uy ishlar daftarchasi” mobil ilovasini ishga tushirish maqsadga muvofiq bo‘lardi, sababi nikoh paytida uy ishlariga va oila a’zolariga g‘amxo‘rlik qilishga ketgan vaqt hech qaerda qayd qilinmaydi. Maxsus dastur orqali bu vaqtni raqamli shaklda hisoblab borish mumkin. Rasmiy hisobot jurnallari uy mehnatining qiymatini avtomatik aniqlashga yordam beradi. Shunday qilib, er-xotinlar mol-mulkni teng taqsimlashda o‘z haqlarini olishadi va bu ma’lumotlar pensiya to‘lovlarini hisoblashda ham hisobga olinadi;
  • meros bo‘yicha notariuslar uchun “gender tengligi sertifikati”ni majburiy qilish zarur, chunki qishloq joylarda yer va mol-mulk ko‘pincha og‘zaki kelishuv bilan o‘g‘il farzandlarga o‘tadi, notarius mulk reestriga hujjatni kiritishdan avval meros ulushlari teng taqsimlanganini tasdiqlasa, ayollarning yer va ko‘chmas mulkka egalik ko‘rsatkichi oshadi, natijada iqtisodiy mustaqillik va kreditga kirish imkoniyati kengayadi;
  • ajrim jarayonini moliyaviy soha bilan bog‘lovchi “onlayn aliment–maosh to‘lovi” mexanizmini ishga tushirish kerak, chunki aliment qarorlarini ijro etish sud va ijro bo‘limlarida cho‘ziladi, banklar ish haqi tranzaksiyalaridan aliment ulushini avtomatik ushlab qolsalar, bolalar ta’minoti uzluksiz bo‘ladi, ayollar sud qarorini ro‘yxatdan o‘tkazish zahotiyoq barqaror daromad oladilar va aliment to‘lovidan bo‘yin tovlash holatlari keskin kamayadi;
  • ijtimoiy sug‘urta tizimiga “uyda qarov kreditlari” kiritilishi zarur, chunki uzoq muddat bolaga yoki nogiron qarindoshga qaragan ayollar mehnat stajidan mahrum bo‘lib qolishadi, davlat tomonidan har yili pensiya jamg‘armasiga o‘rtacha ish haqi miqdorida badal kiritilishi ayollarning nafaqadagi daromadini tenglashtiradi, natijada gender pensiya tafovuti qisqaradi va qarov-parvarishning iqtisodiy qiymati tan olinadi.

b) oiladagi zo‘ravonlik, reproduktiv huquqlar va oilani rejalashtirish bo‘yicha tavsiyalar

  • “Imom muloqot majlisi”ni har bir mahallada joriy etish zarur, chunki qishloq aholisi imom va katta avlod nasihatini eng ta’sirli ijtimoiy bosim sifatida qabul qiladi, zo‘ravonlik qayd etilgan xonadon boshliqlari imom, mahalla raisi va xotin-qizlar faoli ishtirokidagi muhokamaga chaqirilib, diniy-axloqiy qoralash hamda jamoa oldidagi mas’uliyatini his etsa, natijada takroriy zo‘ravonlik holatlari keskin kamayadi va jinoyatga yetib bormaydi;
  • qishloq hududlarida “mobil sud-psixologiya karvoni” tashkil etish zarur. Qishloq aholisi ko‘pincha tuman markaziga borib himoya orderi olish yoki psixologik yordam so‘rashda qiyinchiliklarga duch keladi. Shuning uchun har oy tumanlarni aylanib chiqadigan maxsus avtobuslar yo‘lga qo‘yilishi kerak. Bu transport vositalarida sudya, psixolog va huquqiy maslahatchi birgalikda ishlaydi. Ular himoya orderlarini joyida rasmiylashtirib, zo‘ravonlarga majburiy reabilitatsiya tayinlaydi va jabrlanuvchilarga kompleks yordam ko‘rsatadi. Natijada huquqiy himoya va psixologik yordamning “bir oyna” modeli yaratiladi hamda zo‘ravonlik sikli erta bosqichda to‘xtatiladi;
  • “Imom-shifokor suhbatlari”ni joriy etish zarur, chunki qishloq aholisining ko‘pchiligi reproduktiv masalalarda diniy ko‘rsatmalarni ham e’tiborga oladi, har juma namozidan keyin mahalla imomi va tuman ginekologi birgalikda masjid hovlisida “mas’uliyatli ota-onalik” bo‘yicha 15 daqiqalik ochiq muloqot o‘tkazsa, kontrasepsiya haqidagi stereotiplar buziladi va er-xotinlar sog‘lom farzand rejasini ko‘proq qabul qiladilar;
  • “patronaj kontrasepsiya to‘plami”ni joriy qilish, chunki tuman markaziga borish xarajatli va uyatchanlik sabab ayollar kontrasepsiya vositasini vaqtida ololmaslik holatlari kuzatilmoqda, homiladorlikni kuzatuvchi patronaj hamshirasi har uch oyda tashrifda bo‘lganda bepul kontrasepsiya to‘plamini bevosita hovlida topshirsa, vositalarni qo‘llash ko‘lami oshadi va tug‘ilishlar orasidagi tavsiya etilgan uch yillik tanaffusga rioya qilish osonlashadi;
  • “bola-reja jamg‘arma kartasi”ni yaratish zarur, chunki qishloq oilalarida farzandlar orasini kengaytirishning moddiy rag‘bati yo‘q, agar er-xotin farzandlar o‘rtasini kamida 36 oyga cho‘zsa, bank kartasiga davlat-mahalla hamkorligida yiliga bir marta maktabgacha ta’lim depoziti (masalan, 1 mln so‘m) o‘tkazilsa, rejalashtirilgan tug‘ilishlar ko‘payadi va bola ta’limi uchun mablag‘ to‘planadi;
  • o‘smirlarning uyatchanligi va noto‘g‘ri stereotiplari reproduktiv ma’lumotga erkin kirishining eng katta to‘siqlaridan biri bo‘lib turibdi, shuning uchun har oy maktablarda o‘zbek tilidagi 10 daqiqalik animatsion “Suhbatli multfilm darslari”ni jory etish zarur, chunki qisqa va qiziqarli roliklar balog‘at, rozilik va kontrasepsiya haqida sodda tasavvur beradi, darsdan so‘ng o‘qituvchi anonim savol-javob qutisida o‘quvchilarning savollarini yig‘ib keyingi mashg‘ulotda javoblaydi, natijada mavzu “uyatli” emas, odatiy hayotiy ko‘nikmaga aylanadi va rejasiz homiladorlik hamda jinsiy yo‘l bilan yuqadigan kasalliklar xavfi kamayadi.

с) ayollarning yerga egalik va undan foydalanish huquqi, uy-joy, ko‘chmas mulk va boshqa aktivlarga egalik tengligi, bank hisobvaraqlari, kredit va boshqa rasmiy moliyaviy xizmatlarga kirish huquqi, ish joyida homiladorlik himoyasi, teng ish haqi va kasb tanlash erkinligi bo‘yicha tizimli muammolarni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar

  • ayollarning yerni garovga qo‘yib kredit olishiga to‘sqinlik qilayotgan hujjatdagi nomlar tengsizligi ayollarning yerga egalik va foydalanish huquqidagi eng katta to‘siqlardan biri hisoblanadi, shu boisdan ham, Yer kadastri agentligi hamda Adliya vazirligi bilan hamkorlikda barcha mavjud va yangi yer hujjatlariga turmush o‘rtog‘ining ismini avtomatik tarzda kiritadigan “qo‘shma egalik” blokcheyn reestrini joriy etish zarur, sababi bu yechim kredit muassasalari uchun huquqiy aniqlik yaratib, ayollarga yerini garovga qo‘yib investitsiya olish imkonini beradi, natijada qishloq xo‘jaligida ayollar ulushi va daromadi ortadi hamda moliyaviy inklyuziya kengayadi;
  • bank hisobvaraqlari va kreditlarga ruxsat olishda kafil topish talabi ayollarning moliyaviy xizmatlarga kirishidagi eng katta to‘siqlardan biri bo‘lib qolmoqda, shu boisdan ham, Markaziy bank huzurida faqat ayollarga mo‘ljallangan “Garovsiz mikrokredit kafolat fondi”ni tashkil etish zarur, sababi fond kafolati ostida ayollar tadbirkorlik yoki o‘qishga sarflash uchun 0,1% kafillik badali bilan kredit olishi mumkin bo‘ladi, natijada ayollarning bank kreditiga kirish darajasi keskin oshadi va gender farqi kamayadi;
  • ish joyida homiladorlik sabab ishdan bo‘shatish xavfi ayollarning iqtisodiy faolligini cheklayotgan muhim omil hisoblanadi, shu boisdan ham, Mehnat kodeksiga homilador ayolni bo‘shatgan ish beruvchiga yil yakuniy foydasining kamida 10% miqdorida “jamiyatga qaytish badali”ni majburiy undirish hamda bu mablag‘ni maxsus “homiladorlikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi”ga yo‘naltirish zarur, sababi iqtisodiy sanksiya ish beruvchilarni homilador ayollarni himoya qilishga majbur qiladi, natijada ishsiz qolgan ayollarga jamg‘arma orqali subsidiya ajratilib, mehnat bozoridagi gender tengligi mustahkamlanadi;
  • bank filialiga borish qiyinligi va hujjat to‘plash murakkabligi manyoviy to‘siq bo‘lib qolmoqda, shuning uchun Markaziy bank Payme, Click kabi super-ilovalar bilan hamkorlikda pasport selfi + FaceID orqali 24 soatda ochiladigan “Ayol Wallet” raqamli hamyonini ishga tushirsa, davlat subsidiyalari va “Ayollar daftari” to‘lovlari shu hamyonga bevosita tushadi, natijada ayollar bank kartasi va kredit tarixini osongina shakllantiradi;
  • ayollarning noan’anaviy kasblarda (IT, elektrotexnika, payvandchilik) kamligi teng ish haqini kechiktirayotgan omillardan biridir, shu bois Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi
    “50 × 50 Stipendiya” sxemasini belgilab, har yili 50 ta texnik kollejda o‘qitiladigan eng talabgir kasblarga 50% ayol kvotasini va ular bitirgan kompaniyalarga uch yillik ijtimoiy soliq cash-backini bersa, o‘quv yurtlari va ish beruvchilar ayol talaba va mutaxassisni faol qabul qiladi, natijada yuqori maoshli texnik sohalarda gender tafovuti keskin kamayadi.

Muallif:

Oila va genderilmiy-tadqiqot instituti boʻlim boshligʻi, iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD), dotsentB.A. Xonturayev

O'xshash maqolalar

Maqolalar
“Global gender tafovut” indeksida O‘zbekiston o‘rnini yaxshilash masalasi
Maqolalar
“Gender raqamli tafovut indeksi”da O‘zbekiston o‘rnini yaxshilash masalalari
Maqolalar
RAQAMLI SOVODXONLIK VA GENDER
Maqolalar
Fransiyaning “Kasbiy (professional) tenglik” indeksi