Mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hamda ma’naviy hayotida xotin-qizlarning ishtiroki tobora kengayib bormoqda. Ularning davlat boshqaruvidagi ulushi 35 foizga, tadbirkorlik sohasida 37 foizga, siyosiy partiyalar tarkibida esa 49 foizga yetdi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining 38 foizi (57 nafar), Senat a’zolarining 27 foizi (16 nafar), mahalliy kengashlar deputatlarining 25 foizini ayollar tashkil etmoqda. Vazir va vazirga tenglashtirilgan lavozimlarda xotin-qizlar ulushi 2018-yilda qariyb 3 foizni tashkil etgan bo‘lsa, o‘tgan davrda ikki barobar oshib, 5,7 foizga yetdi. Xususan, ayollarning ulushi tibbiyot tizimida 77 foizdan ko‘proqni, ta’lim sohasida salkam 74 foiz, savdoda 49 foiz, iqtisodiyot tarmoqlari, sanoat va ishlab chiqarishda qariyb 46 foiz, madaniyat va sportda 45 foiz, qishloq xo‘jaligida 42 foizdan ziyodni, moliya va sug‘urta faoliyatida 37 foizdan ortiqni, axborot va aloqa xizmatida 35 foiz, professional, ilmiy va texnik faoliyatda qariyb 34 foizni, davlat boshqaruvi va mudofaa tizimida 27 foizdan ko‘proqni tashkil etmoqda. Joriy o‘quv yilida respublika oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan xotin-qizlar ulushi 52,2 foizni tashkil etmoqda. Mamlakatimizning gender tenglik sohasidagi erishgan yutuqlari xalqaro darajada munosib e’tirof etilmoqda. O‘zbekiston 2024-yilda gender tenglik va boshqaruv indeksi bo‘yicha 72,8 ball to‘pladi. Natijada 2022-yil qayd etilgan 103-o‘rindan 51 ta pog‘onaga ko‘tarilib, 52-o‘rinni egalladi. Ushbu indeks 158 ta mamlakatni qamrab olib, gender tenglikka erishish yo‘lida muvaffaqiyat va kamchiliklarni aniqlash imkonini beradi.
O‘zbekistonning ushbu yutuqlariga asos bo‘lgan muhim islohotlar quyidagilar:
- Xotin-qizlarni IT va STEM sohalariga faol jalb etish; qizlar uchun raqamli ko‘nikmalar bo‘yicha ta’lim dasturlarining ishga tushirilishi.
- Ayollar huquqlarini himoya qilish va gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar.
- Boshqaruv, ta’lim, IT, mehnat, tadbirkorlik va zo‘ravonlikning oldini olish sohalarida erishilgan ijobiy natijalar O‘zbekistonning dunyo miqyosidagi nufuzini yanada mustahkamlamoqda.
https://gov.uz/oz/wcu/news/view/30506